Inson uzoq vaqt uyquga ketishi mumkinmi?

Bu holatni olimlar biologik olamning mo‘’jizalaridan biri deb hisoblashadi. Haqiqatan, u lol qoldiradi: ayrim mavjudotlar uyquda 120 yilgacha yotishi mumkin, deb yozadi “AiF” (2021 yil, 4-son).

Olimlar qadimgi odamlar sovuqni boshdan kechirish uchun uyquga ketish qobiliyatiga ega bo‘lishgan, degan taxminni olg‘a suryapti. Ular Ispaniyadagi Sima-de-los-Uesos g‘oridan topilgan suyak qoldiqlarini tahlil etib shunday xulosaga keldi. Bu qoldiqlar Yevropa navbatdagi muzlik davrini 500 ming yil ilgari boshidan kechirgan odamlarga tegishlidir. Odamzotning uzoq ajdodlari noqulay sharoitga moslashish uchun hushsiz holatga yaqin uyquga ketishini o‘rgangan bo‘lishlari mumkin, deydi olimlar.

Kim biladi, biz tagiga yetolmagan holat hozirgi zamon odamlari qonida ham saqlanib qolgandir? Bu taxminga ko‘ra, insonni sun’iy uyquga ketkazish g‘oyasi fantastika emas. Bundan tashqari, u juda foydali. 2014 yilda AQShda insonni ushbu holatga tushirishning birinchi klinik sinovi ma’qullandi. Bungacha tirik organizmni uzoq uyquga ketkazish hayvonlarda sinab ko‘rilgan. Tajriba o‘tkazilayotgan cho‘chqa qoni so‘rib olinib, o‘rniga maxsus fizsuyuqlik yuborilib, tana harorati -10 darajagacha pasaytirilgan. So‘ngra yana qon yuborilganda organizm qayta “tirilgan”.

“Agar o‘lim ro‘y bergandan 2 soatdan keyin inson kasalxonaga olib kelinsa, biz uni tiriltirishga qodir emasmiz, - deydi ushbu tajribani o‘tkazgan tadqiqotchi Piter Bi. - O‘limgacha chuqur uyqu holatiga tushirilganda esa jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilib inson hayotini saqlab qolish mumkin.”

Insonni uzoq uyquga ketkazish kelajakda ming yillarga cho‘ziladigan o‘zga sayyoralarga parvozda asqotishi mumkin. O‘zga sayyoraga ming yildan keyin yetib borib, uyg‘ongan inson Yerda parvozdan oldin qanday yoshda bo‘lsa, shu holda o‘zini ko‘radi.

Qisqasi, insonni uzoq vaqt uyquga ketkazish usulini o‘rganish insoniyatni kelajakda koinotning olis sarhadlariga parvozida qo‘l kelishi mumkin. Ammo haqiqatning ko‘ziga tik boqish kerak. Insoniyat hali Quyosh tizimidan tashqariga uchib boradigan kosmik kemaga ega emas. Bu uzoq kelajakda imkoni topiladigan muammo.

Ammo o‘limga mahkum bemorlarni chuqur uyqu holatiga tushirish orqali qayta hayotga qaytarishga erishadi. Kelajakda insoniyat umrini uzaytirishi tarixida yangi sahifa ochsa ajabmas.

T.Shomurodov tayyorladi.