Insoniyat endi Oyni ifloslantiryapti
Oyga qo‘nayotgan kosmik apparatlar chiqarayotgan metan gazining yarmidan ko‘prog‘i Oy hududlarini ifloslashga qodir ekan.
Bunday xulosaga Yevropa kosmik agentligi (ESA) olimlari olib borgan tadqiqot natijasida kelingan. Ilmiy ish natijalari Journal of Geophysical Research: Planets jurnalida e’lon qilingan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ayniqsa, Oy qutblarida joylashgan doimiy soyalanib turadigan hududlarning ifloslanishi katta xavf tug‘diradi. Chunki bu hududlarda milliardlab yillar avval kometalar va asteroidlar orqali kelib qolgan organik molekulalar muz qatlamlarida saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin. Ushbu «prebiotik organik molekulalar» hayot shakllanishi uchun asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan, Yerda esa izlari allaqachon yo‘qolib ketgan moddalar hisoblanadi.
Olimlar «Argonavt» missiyasi misolida o‘tkazgan simulyasiyalarga ko‘ra, chiqindi gaz tarkibidagi asosiy organik birikma — metan molekulalari Janubiy qutbdagi qo‘nish hududidan Oyning Shimoliy qutbiga ikki oy kunidan kam vaqt ichida yetib borishi mumkin.
Yetti oy kuni davomida (taxminan yetti oyga teng Yer vaqtida) chiqarilgan metanning yarmidan ortig‘i qutblardagi «sovuq tuzoqlar»ga yig‘iladi: 42 foizi Janubiy qutbda, 12 foizi esa Shimoliy qutbda to‘planadi.
Mutaxassislarning fikricha, insoniyat kosmosga kiritilgan sarmoyalarni himoya qilishga harakat qilyapti. Ammo bu faoliyat kosmos ilmiga oid tadqiqotlarga to‘sqinlik qilishi mumkin.