Institut maqomining oshirilishi vakolat emas, mas’uliyatdir

Chorvachilik O‘zbekistonning nafaqat qishloq xo‘jalik sohasida, balki butun iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Jahon miqyosida yuz berayotgan ijtimoiy, iqtisodiy inqirozlar jarayonida ko‘plab tarmoqlarda ishlab chiqarish hajmi kamayib, odamlarning qo‘shimcha daromad olish imkoniyatlari cheklangan sharoitda ushbu soha mamlakatimizda aholi farovonligi darajasini barqaror saqlab turishga salmoqli hissa qo‘shadi, deb bemalol aytish mumkin.

Oziq-ovqatga bo‘lgan talab kundan-kun ortib borayotgan ushbu kunlarda esa mazkur soha samaradorligini va raqobatbardoshligini oshirish vazifasi muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimiz aholisining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, ichki iste’mol bozorlarida go‘sht, sut, tuxum va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish hamda ularning narxlari barqarorligini doimiy ta’minlash muhim vazifalardan hisoblanadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan yetarli darajada ta’minlash uchun alohida mexanizm shakllantirilmoqda, hududlar salohiyati o‘rganilmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, chorvachilik rivoji uchun bizda barcha imkoniyatlar yetarli, ammo ana shu imkoniyatlardan samarali foydalana olmayotganimiz eng asosiy kamchiliklarimizdan biridir. 

Ayni kunda jahon miqyosida chorvachilikning barcha sohalari ixtisoslashgan holda jadal rivojlanmoqda. Sermahsul zotlar va samarali texnologiyalar yaratilib sohaga keng joriy qilinmoqda. Chorvachilik sohasining rivoji esa, avvalo, mutaxassis – kadrlarga bog‘liq. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bu borada mintaqadagi yagona oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugun mazkur dargoh tayyorlayotgan mutaxassislar raqobatbardoshligi bo‘yicha Markaziy Osiyodagina emas, balki Hamdo‘stlik mamlakatlari mutaxassislari bilan bellasha oladigan darajaga yetdi. 

Vazirlar Mahkamasi, Prezident adminstratsiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, shuningdek, Moliya, Oliy va o‘rta - maxsus ta’lim vazirliklari mutasaddilaridan iborat ishchi guruh tomonidan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti va uning ilmiy salohiyati, yo‘nalishlari, tayyorlanayotgan mutaxassislar va moddiy-texnik baza chuqur o‘rganib chiqildi. Muassasa rahbari sifatida aytishimiz kerakki, hukumatimiz, shaxsan Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan bu o‘rganish ishlari ta’lim muassasasi uchun juda foydali va samarali bo‘ldi. Mas’ul mutasaddilar va mutaxassislar tomonidan amalga oshirayotgan barcha ishlarimiz va imkoniyatlarimiz sinchiklab o‘rganildi, tahlil qilindi, yutuqlarimiz va kamchiliklarimiz haqida ro‘yi-rost bilib oldik va kelgusidagi harakatlarimiz qanday bo‘lishi yaqqol ma’lum bo‘ldi. 

Chorvachilik rivoji yana qaysi omillarga bog‘liq, bu— birinchidan. Mutaxassis kadrlar bo‘lsa, ozuqa bazasini shakllantirish — bu ikkinchi dolzarb masala. Bizda ozuqa ekinlarini yetishtirish bo‘yicha muammo mavjud. Mamlakatda chorvachilik rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarning eng jiddiylaridan biri, ozuqa yetishmasligi bo‘lib, bu ekinlar ekiladigan maydonlarning haddan ziyod qisqarib ketgani bilan bevosita bog‘liqdir.

Uzluksiz ozuqa-yem ta’minotini yo‘lga qo‘yish, naslchilikka alohida e’tibor qaratish zarur. Shuningdek, chorvachilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarni o‘qitish, ularga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha yetarli ma’lumotlar berish ham muhimdir. Masalan, tadbirkor parrandachilik bilan shug‘ullanadi. U o‘z yo‘nalishi bo‘yicha barcha ma’lumotlarga ega bo‘lishi yoki uning xo‘jaligida ana shu bilimlarni mukammal egallagan mutaxassis bo‘lishi kerak. Parranda qanday oziqlantirilishi kerak, parvarishlash bo‘yicha, uning kasalliklari va profilaktikasi bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsa, uning ishlari yanada yurishib ketaveradi, biznesi rivojlanadi. 

Yoki deylik, xorijdan go‘sht va sut olish maqsadida turli naslli qoramollar keltiriladi. Ularni tabiiy iqlim sharoitlariga moslashtira olmaslik, yetarlicha parvarish bo‘lmasligi yoki ozuqasi borasidagi bilimsizligimiz oqibatida ko‘zlangan natijaga erisholmaymiz. 

Bu jarayonlarda institutning o‘rni qanday bo‘lishi kerak?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi Qaroriga asosan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanib, institut Universitet maqomini oldi.

Veterinariya va chorvachilik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, ta’lim maskani faoliyati ko‘lamini kengaytirish, xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarni tizimli olib borish, innovatsion ta’lim va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish, ta’lim va ishlab chiqarishni uzviy bog‘lash, shuningdek, oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash vazifalari Universitetning ustuvor vazifalari etib belgilandi. 

Bu tarixiy qaror soha mutaxassislari, mas’ul mutasaddilar zimmasiga shunchaki vakolat emas, balki katta mas’uliyat yuklaydi. Mintaqadagi tayanch oliy ta’lim muassasasi oldidagi vazifalar yanada kengayadi, deb aytish mumkin. 

Joriy yilda birinchi qaldirg‘ochlar ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini bitiradilar va ularga Universitet diplomi beriladi. Ayrimlar magistraturada ta’limni davom ettirishadi, qolganlar 4 yil davomida olgan bilimlarini amaliyotga joriy etadilar. 

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutasaddi rahbarlari, jumladan qo‘mita raisi B.Norqobilov bir necha marotaba talabalarning bitiruv imtihonlarida, dars jarayonlari va malaka amaliyotlarida ishtirok etgan. Talabalarning bilimi umumiy tarzda ijobiy baholangan. Qo‘mita vakillari tomonidan a’lochi talabalar hamisha rag‘batlantirilib, pul mukofotlari bilan taqdirlangan. 

Bu bilan bilim hamisha yuqori baholanishini e’tirof etmoqchimiz. Dunyoda veterinariya sohasi aslida juda yuksak baholanib, oziq-ovqat xavfsizligiga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar sifatida yuqori maosh olishadi. Ta’lim muassasasi tayyorlayotgan yosh mutaxassis kadrlar ham bugun mamlakatimizning turli hududlaridagi kompaniyalarda, xo‘jaliklarda faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Misol uchun, G‘anijon Begboyev institutning ana shunday mutaxassislaridan biri. Hozirgi kunda u Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi "Buxoro agroklaster chorva" MChJda bosh veterinariya vrachi lavozimida ishlab 1,5 ming AQSh dollari miqdorida oylik maoshi oladi. G‘anijon kabi yoshlar Sirdaryoda (maoshi 18 mln. so‘m) va boshqa viloyatlarimizda ham bor. Demak, horijdan katta pul evaziga mutaxassis yollashga hojat yo‘q. Mutaxassislarni o‘zimizda tayyorlaymiz va ular raqobatbardosh kadrlardir.

Universitet zimmasiga kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish vazifasi yuklatildi. 

Veterinariya mutaxassislari Xalqaro Epizootik Byuro standartlari bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda tayyorlanishi zarur. Biz ayni kunda AQShning Minnesota universiteti bilan o‘quv dasturlari va rejalarimizni muvofiqlashtiryapmiz. Xorij bilan hamkorlik aloqalarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda SamVMI delegatsiyasi Amerika safarida bo‘lib, u yerdagi ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishib qaytdi. Joriy 2022 o‘quv yilidan boshlab bizda ham 5 yillik ta’lim tizimi joriy etiladi. 

Shuningdek, tayanch OTM bo‘lgach, hududlarda tashkil etiladigan ta’lim muassasalariga ham  moddiy texnik bazani shakllantish, professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash, shuning o‘quv dasturlari bo‘yicha ham ko‘mak berishimiz zarurligi belgilangan. Qarshi muxandislik–iqtisodiyot institutida oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishi bo‘yicha fakultet tashkil qilishga ko‘maklashyapmiz.

Oliygoh qoshida ayni kunda 23 ta kafedra faoliyat ko‘rsatmoqda. Kafedralar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatimizning turli viloyatlari, hududlariga biriktirilgan. Ular yil davomida joylarda 2 kunlik seminar-treninglarni muntazam o‘tkazib borishmoqda. Jumladan, baliqchilik, parrandachilik, qoramolchilik, asalarichilik, yilqichilik va boshqa sohalarida tashkil etiladigan bu seminarlar xo‘jaliklar, fermerlar va tadbirkorlar uchun juda foydali va samarali bo‘lishi mumkin. Qayerda muammo bo‘lsa, olimlar o‘sha muammoni o‘rganishadi, yechim topishadi, kasallik tarqalishidan oldin profilaktika ishlari olib boriladi. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bu islohotlar chorvachilik sohasi rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarimizni tizimli hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ilm-fan barcha ishlarimizda ko‘makchidir. Ilmiy asoslangan xulosalar bilan turmushimiz yanada farovon, xalqimiz dasturxoni esa to‘kin bo‘ladi. Chorvachilik ana shunday barakali va serdaromad soha.

Xudoynazar Yunusov,

biologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador, SamVMI rektori.