Institut o‘qituvchisi va bulung‘urlik "yer sotuvchi" pora bilan qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda bir necha firibgarlik holatlariga chek qo‘ydi.

Xususan, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti o‘qituvchisi o‘zini “Registon” texnika universiteti qabul komissiyasining a’zosi deb tanishtirib, bir fuqaroning qarindoshini ushbu universitetning iqtisodiyot tarmoqlari fakultetiga 4 ming AQSh dollari evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, undan bu pullarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Navbatdagi holat davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi prokuratura va ichki ishlar boshqarmalari xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi. Unda yer sotish bilan bog‘liq jinoiy faoliyatga chek qo‘yildi.

O‘tkazilgan tadbir davomida Bulung‘ur tumanida yashovchi fuqaro Sh.B. sotish huquqiga ega bo‘lmay turib, o‘ziga tegishli 50 sotix yer maydonini 34 ming AQSh dollariga fuqaroga sotishga kelishib, undan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ushbu pulning 3 ming AQSh dollari ma’lum bo‘lishicha, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Davlat kadastrlar palatasi Bulung‘ur tumani filialining yuqori lavozimida ishlovchi xodimi ushbu yer maydonini tegishli kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga talab qilgan.

Olingan ko‘rsatmalar asosida tadbir davom ettirilib, Davlat kadastrlar palatasi Bulung‘ur tumani filiali xodimi 3 ming AQSh dollarini o‘z xizmat avtomashinasida olgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.