Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Internet xarid: Chiroyli suratlar yaxshi sifat degani emas

Bugun internet do‘kondan kiyim-kechakdan oziq-ovqat va maishiy texnika vositalarigacha xarid qilishingiz mumkin. To‘g‘ri, avvaliga onlayn do‘konlarga biroz xavfsirab qaradik, buyurtma qilishdan oldin ming bor o‘ylab, maslahatlashdik.

Shu sohada muvaffaqiyatga erishmoqchi, daromad topmoqchi bo‘lgan ishbilarmonlar, tabiiyki, sotish usuliga e’tibor bermaydi. Do‘konda o‘tirib sotadimi yoki internet orqali mijozga mahsulot yetkazib beradimi - farqi yo‘q. Barchaga birday munosabatda bo‘ladi va har qanday holatda ham mijozning hurmatini joyiga qo‘yadi. Bugun shu kabi onlayn do‘konlar ancha muvaffaqiyatga erishdi.

Tabiiyki, buyog‘i mijozning didiga, tanloviga bog‘liq. Ko‘pchilik uchun internet orqali mahsulot buyurtma berish hanuzgacha aql bovar qilmaydigan holat. «Axir olayotgan mahsulotingizni ushlab, kiyib ko‘rmasdan qanday xarid qilish mumkin?», deyishadi ular. Ammo yana shunday qatlam paydo bo‘ldiki, ular uchun o‘zi tanlagan narsa uyiga yetib kelishi zamonaviy qulaylik, hatto ehtiyojga aylanib ulgurgan.

- Poytaxtdagi chinni idishlar sotiladigan do‘konlarda doim yangi mahsulotlar bo‘lishi haqida eshitardim, - deydi samarqandlik Feruza Mardonova. – Ammo har safar yo‘lkira sarflab, u yerdan o‘zim istagan idishlarni ko‘tarib kelishga imkon bo‘lmasdi. O‘sha do‘konlarda onlayn xizmat ham paydo bo‘lgach, istagan payti buyurtma beraman. Muhimi, yo‘lkira uchun pul olishmaydi, mahsulot do‘kondagi narxda boshqa viloyatga yetkazib berilmoqda. Shu tomonlama men uchun onlayn do‘konlarning paydo bo‘lgani juda qulay.

Endilikda boshqa soha egalari singari savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ham zamon bilan hamnafas ish ko‘ryapti.

- Onlayn savdo do‘konlari an’anaviy tarzda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarga avvaliga raqobatchiday bo‘ldi, - deydi tadbirkor Latofat Sattorova. -  Ammo biz darhol yangicha ishlashimiz kerakligini anglagan holda ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifamizni ochdik, mahsulotlarimizni namoyish eta boshladik. Bu o‘zimiz uchun ham juda foydali ekanligini sezdik. To‘g‘ri, bu qo‘shimcha ish, mablag‘, degani. Ammo bugungi bozorni hisobga olish, aholining talablariga ko‘ra ish ko‘rish faqat o‘zimizga foyda. Internet do‘konlardagi kiyimlar maxsus effektlar orqali chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lib, sifati unchalik yaxshi bo‘lmasa-da, unga qiziquvchilar sonining oshishiga sabab bo‘ldi. Lekin vaqt o‘tib, mijoz bu holatni anglab, chiroyli suratlarga aldanib qolmaslikni o‘rganayotir.

Haqiqatan ham yoshlar orasida faqat internet orqaligina xarid qilayotgan qatlam paydo bo‘layotgani tadbirkorlarning zamonga mos ishlashi kerakligini taqozo etmoqda. Ammo bu imkoniyatdan foydalanib, firibgarlik qilayotgan, sifati past mahsulotni jo‘natish yoki pulni qaytarib bermaslik holatlari ham uchraydi. Qizig‘i, faqatgina onlayn savdo bilan mashg‘ul aksariyat do‘kondagi kiyim-kechaklar bozordagidan arzon va suratda ham juda chiroyli. Afsuski, mahsulot qo‘lga tekkanda garchi, xaridor o‘zi buyurtma qilgan mahsulotini xarid qilganini tan olsa-da, ammo bunday sifatni kutmagan bo‘ladi. Shuning uchun kimnidir ayblab, murojaat qilishning ham ilojini topolmaydi. Sababi, maxsus effektlar va o‘ziga xos uslublar bilan suratdagi libos, haqiqiysidan anchagina farq qilganini uni qo‘lingizga olgandagina bilasiz. Onlayn-do‘konlar ish boshlaganda bunday holatga chuv tushganlar soni ko‘p edi, bugun xaridor ham bu jarayonni tushungan holda buyurtma berayotgani odamlarning ishonchini suiiste’mol qilayotgan onlayn savdo do‘konlar faoliyatiga o‘z-o‘zidan chek qo‘ymoqda. Ammo firibgarlik holatlari ham yo‘q emas.

Aynan shu masalada ichki ishlar idoralariga uch nafar shaxsning murojaat qilgani haqida ma’lumot oldik. Unga ko‘ra, ushbu xaridorlarning huquqi tiklangan.

Internet do‘konlar faoliyatini tartibga solishda bir qator huquqiy hujjatlar barobarida «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonun ham amalda. Ushbu qonunga ko‘ra, elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridoriga:

- yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilgan holdagi to‘liq nomini yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini, pochta va elektron manzilini hamda o‘zining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida ma’lumotlarni, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda litsenziyasi borligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborotni taqdim etishi yoxud uning bunday axborotdan foydalanish erkinligini ta’minlashi shart.

Qonun hujjatlarida elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs to‘g‘risidagi axborotga nisbatan boshqa talablar ham belgilanishi mumkin.

Shunday bo‘lishiga qaramay, mo‘’jizaviy xususiyatlarga ega, deya falon so‘mga pullanayotgan turli dori-darmonlar, usti yaltiroq, ammo sifatsiz kiyim-kechaklarni olib, internet-do‘kondan norozi bo‘layotganlar ham ko‘p uchrab turibdi.

Shunday ekan, o‘tirgan joyingizda xaridni amalga oshirishingiz nechog‘lik qulay bo‘lmasin, avval internet-do‘konlarni obdon «kezib» chiqishingiz foydadan xoli bo‘lmaydi.

Gulruh Mo‘minova.