Intervalni «Enter» tugmasi bilan sozlaydiganlar qancha?!

Tahririyatga korxona rahbarlarining biridan maktub keldi. Unda rahbarning o‘zi duch kelgan bir holat tasvirlangan. To‘g‘risi, u qabul qilgan amaliyotchilar hamma joyda uchrasada, ko‘pchiligimiz bu haqda gapirishga hafsala qilmaymiz. Ammo talabchan rahbarning savollari judayam oddiy bo‘lgani uchun holat kishini tashvishga qo‘yadi. Yaxshisi, o‘qib, o‘zingiz baho bering.

“Oliy ta’lim muassasalaridan birida 3-kursni tamomlagan, hozirda filialimizda amaliyot o‘tayotgan bir talaba amaliyot dasturi hujjatlariga imzo qo‘ydirish uchun xonamga kirdi.

Yoshlar bilan muloqot qilish, ularning qiziqishlari, fikr-mulohazalarini bilish, umuman, yoshlar ishiga befarq emasligim sababli kompyuterdagi ishimni to‘xtatib, talabaga yuzlandim.

Salom-alik, so‘rashishdan so‘ng suhbatni boshladik. Odatda yoshlar bilan suhbatda o‘qiyotgan sohasi bo‘yicha bilimi, dunyoqarashini ham biroz «imtihon»dan o‘tkazib qo‘yish odatim bor. Shu odatimga ko‘ra o‘tkazilgan suhbatdan parcha:

  - O‘qishingiz grant asosidami yoki shartnomadami?

- Kontraktman.

- Ota-onangiz kasbi nima?

- Rasmiy ishda ishlamaydilar, dehqonchilik, uy ishlari.

- Ota-onangizga ming rahmat, ular o‘zlari o‘qimagan bo‘lsada, halol mehnat bilan sizni o‘qityapti. Ularning bu sa’y-harakatiga munosib tarzda yetuk mutaxassis bo‘lib orzularini ushaltirish zarur. Buning uchun faqatgina institutdagi ta’lim yetarli emas, o‘z ustingizda ko‘proq ishlab, o‘qiyotgan sohangiz, axborot texnologiyalari, horijiy tillarni yaxshi o‘rganish kerak. Keling, ingliz tilida biroz muloqot qilamiz (Uchinchi bosqichni bitirgan talaba hech bo‘lmaganda boshlang‘ich muloqotni olib bora olar degan umidda bu taklifni bildirgandim).

- Yo‘q, hali o‘rganmadim, xohish bo‘lmayapti, lekin o‘rganish kerak (bu javobda mantiq ko‘rmadim).

- Kompyuterda ishlashni o‘rgandingizmi?

- Ha (Xudoga shukr, shuni o‘rganibdi, dedim ichimda).

- Shu matnni to‘liq matn qator oralari intervalini ikkiga o‘tkazingchi - o‘zim ishlab turgan Word dasturidagi matnni ko‘rsatib, talabaga joy bo‘shatdim.

- Bitta-bitta har bir qator boshiga «yenter» ni urib chiqaman (hafsalam pir bo‘ldi).

Excell dasturini ochib, 2 ta 3 xonali son yozdim. Biri 2022-yilgi hosil, ikkinchisi 2023-yilgi hosil. Hosildorlik qancha foizga oshibdi?

Klaviatura va «sichqoncha»ni ancha ovora qildi, lekin hosildorlik o‘sish foizi chiqmadi.

-Sizda «Exsell» boshqacha ekan.

- Talab va ehtiyoj nomli iqtisodiy kategoriyalar borku, ular o‘rtasidagi farqni bilasizmi?

Sukut...

- Maktabda o‘tgandig-a, uchburchak yuzasi qanday o‘lchanadi?

- 3 ta tomonlarini ko‘paytirib chiqamiz.

- Aylana yuzasichi? (to‘g‘risi, aylanada yuza bo‘lmaydi, doirada yuza bo‘ladi degan javobni kutganim ham yo‘q).

- Yodimga kelmayaptida...

- «Doing business» nomli xalqaro reyting haqida bilasizmi?

- Bilmadim, biznes qilish degani tarjimasi.

- Buyuk ajdodimiz Mir Alisher Navoiyning «Xamsa»si dostonlari nomlarini sanab o‘tingchi.

- Yodimda yo‘q.

- Registondagi Sherdor madrasasini qurdirgan buyuk ajdodimiz kim?

- Ulug‘bek ..., yo‘q, adashdim, Amir Temur qurdirgan. 

- Yana bir buyuk ajdodimiz Abdurauf Fitrat, u kishi yashagan davr haqida fikrlaringizni bildiringchi.

Uzoq sukut. 

Kimni yo kimlarnidir, qayerlarnidir tanqid qilish maqsadida bitmadim bu yozuvni. Faqat bugun oliy ta’lim, qo‘yingki, o‘rta ta’lim muassasalarida nimalar o‘qitilyapti, shunga qiziqib qoldim, xolos”.