“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti — professor-o‘qituvchilarning 70 foizi xorijdan taklif etilgan

Mazkur universitetga har yili Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi hamda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar fuqarolariga “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti magistratura bosqichida davlat granti asosida ta’lim olish uchun 85 ta o‘rin ajratiladi.
2022-2023 o‘quv yilida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Ozarbayjon, Belarus, Indoneziya, Italiya, Eron, Malayziya, Afg‘oniston, Turkiya kabi davlatlardan tashrif buyurgan talabalar “Turizm” (faoliyat turlari bo‘yicha), “Menejment” (madaniy, tabiiy va aralash meros ob’yektlarini boshqarish”, “Arxeologiya”, “Ijodiy sanoat”, “Turizmda transport logistikasi”, “Muzeyshunoslik, tarixiy-madaniy ob’yektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash va saqlash” magistratura yo‘nalishlarida tahsil olishmoqda.
***
2018 yil 10 iyunda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan Sakkizlik sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tamaddunlar chorrahasi – Samarqand shahrida turizm sohasida oliy ta’lim muassasasini ochish tashabbusi ilgari surilgan edi. Shundan so‘ng Buning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 iyundagi 3815-sonli qarori bilan xalqaro turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari va ijodiy ishlarni olib borish bo‘yicha respublikaning tashabbuslarini amaliy ro‘yobga chiqarish, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning tarixiy va madaniy-gumanitar aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida xalqaro maqomga ega birinchi davlat universiteti – “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti tashkil etildi. 2021 yilda mazkur oliygohning nomi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti etib qayta nomlandi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab xalqaro turizm sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit-modul tizimi qo‘llanilmoqda. An’anaviy ta’limdan farqli o‘laroq, kredit-modul tizimi asosiy urg‘uni mustaqil ta’lim (katta hajmli topshiriqlar, o‘quv loyihalari va boshqalar)ga beradi. Kredit-modul tizimining bakalavriat yo‘nalishida auditoriya o‘quv soatlariga 30-40%, mustaqil ta’limga esa 60-70% ajratilgan. 4 yil davomida jami 240 kreditni to‘plagan bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat deb e’tirof etiladigan, belgilangan namunadagi diplom beriladi. Mazkur ta’lim dargohida o‘qish bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida va magistratura bosqichida ingliz tilida olib borilmoqda.
Ayni paytda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlarida jami 2670 nafar talaba tahsil olmoqda. Ushbu oliy ta’lim muassasasida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab respublikada birinchi marta talabalik guvohnomasi o‘rnida talabalar ID kartasini berish joriy etildi. Bakalavriat va magisratura bosqichi talabalariga taqdim etiladigan mazkur ID kartalarning har birida maxsus ID raqam va QR kod qo‘yilgan. Har bir talabaga ID raqam berishdan maqsad imtihonlar paytida shaffoflikni ta’minlashdan iborat.
Universitetning “aqlli kampus”ida mavjud barcha shart-sharoitlar talabalarning kelgusida o‘z sohasining yetuk kadrlari bo‘lib yetishishiga xizmat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 19678 ta kitobdan iborat zamonaviy kutubxona; 33 ta videoproyektor, 2 ta interaktiv panel, 5 ta infokiosk, 4 ta elektron minbar, 339 ta kompyuterga ega o‘quv binosi; 300 Mbit/s tezlikda ishlovchi 30 ta Wi-Fi qurilmasi; o‘quv ishlab chiqarish kompleksi; uning tarkibidagi mehmonxona, bar-restoran, oshxona, sport zal, cho‘milish havzasidan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar unumli foydalanishyapti. O‘quv binosidagi 32 ta auditoriyaning videokuzatuv, yo‘qlama vazifasini bajaradigan yuz orqali hisobga oluvchi Face control qurilmalari hamda darslarni onlayn to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatish va kuzatib borish uchun maxsus http://watcher.univ-silkroad.uz platformasi orqali audio va video qurilmalar bilan jihozlanganligi ta’lim sifatining oshishiga muhim ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mazkur ilm dargohiga xorijdan keltirilgan ingliz, yapon, xitoy, nemis, fransuz, arab, turk, ozarbayjon, rus va boshqa tillardagi noyob kitoblar, qo‘lyozma asarlar keltirilgan. Shuningdek, oliygohda “Atriuum Book Systems” platformasidan foydalanib kelinmoqda. Bu platformaning qulayligi shundaki, kitoblar kitobxonga elektron tarzda kitobxonning dastur tomonidan beriladigan ro‘yxat raqamiga yoziladi va elektron pochta orqali foydalanish muddati yuboriladi. Shuningdek, elektron kutubxonada 8100 ga yaqin to‘liq matnli elektron adabiyotlar joylashtirilgan.
Universitet kampusi hovlisining o‘ziga xos jihati undagi ochiqlik bo‘lib, bino panjara yoki devor bilan o‘ralmagan. Kampus hovlisiga chiqqaningizda, ko‘zingiz beixtiyor Oksford, Kembrij kabi nufuzli xorijiy oliygohlarning talabalari singari yam-yashil gazonlar ustida kitob o‘qiyotgan yoki shaxmat o‘ynayotgan yoshlarga tushadi. Yaqinda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning tosh yo‘nuvchilari yasagan 14 ta haykal universitet kampusining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. Nikolay Karlixanov, Chander Parkesh, Majid Hagigi, Lasha Xidasheli, Uljan Jaugasheva, Xurshed Husenov, Tamila Mamatova, Daribay Tadjimuratov, Ulash Urakov, To‘lagan Yorqulov, Qurbon Norxo‘rozov, Turkman Esonov, Jasvandbek Annazarov, Botir Hakimov kabi mahoratli haykaltaroshlar tomonidan marmartoshdan yaratilgan “Birlik”, “Sevimli ifori”, “Transgumanizm”, “Hayot guli”, “Tengri – koinot tarixi”, “Ipakning tug‘ilishi”, “Baxtli bolalik”, “Qoraqalpoq kelini”, “Kuylovchi daraxt”, “Ohang”, “Karvon”, “Birlikdagi xilma-xillik”, “Shaxmat qiroli” kabi san’at asarlarini tomosha qilganingizda, o‘zbek, rus, eron, hind, qozoq, qirg‘iz, gruzin, qoraqalpoq, tojik xalqlariga xos madaniy meros an’analarining naqadar boyligini his qilasiz.
Mazkur oliygoh professor-o‘qituvchilar tarkibining 70 foizini chet elning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va bitiruvchilari tashkil etadi. Jumladan, AQSh, Xitoy, Avstraliya, Yaponiya, Fransiya, Rossiya, Eron, Turkiya va boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan professor-o‘qituvchilar universitetda xalqaro ta’lim standartlari asosida talabalarga turizm, menejment, marketing, madaniy meros, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniyatshunoslik fanlari va xorijiy tillardan saboq berishmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Tillar” kafedrasi dotsenti T.Sultonovning tashabbusi bilan universitetda tahsil olayotgan xorijlik talabalarga “Xorijliklar uchun o‘zbek tili” fani o‘qitilmoqda. O‘zbek tili darslarida xalqaro talabalarga o‘zbek madaniyati, o‘zbekona urf-odatlar, milliy qadriyatlar, bebaho madaniy merosimizni o‘rgatish orqali yurtimizda turizm va madaniy merosning olamshumul ahamiyatini yanada oshirish rejalashtirilgan.
Oliygohdagi ko‘plab talabalar jahonning nufuzli oliygohlarida o‘qish, o‘qituvchilar malaka oshirish yuzasidan loyihalarni muvaffaqiyatli o‘tamoqda.
Jumladan, Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalarining xorijda stajirovka hamda malaka oshirish kurslarida o‘qitishning ilg‘or texnologiyalari va usullarini o‘rganishi bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Turizm menejmenti” kafedrasi mudiri PhD Akmal Odilov “Kapital bozori orqali iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilish: AQSh tajribasi” mavzusidagi ilmiy loyihasi orqali Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kolumbiya universitetida 1 yil mobaynida universitet professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy izlanish olib borish huquqini beruvchi umumiy qiymati 13800 AQSh dollari qiymatiga teng grant g‘olibi bo‘ldi. Natijada A.Odilov 2022 yil 15 avgustdan 10 oktyabrga qadar Kolumbiya universitetida malakasini oshirib, o‘qitishning ilg‘or texnologiyalari va usullarini o‘rganib qaytdi.
Universitet talabalari shu paytga qadar xorijiy tillardan ingliz, rus, xitoy, nemis, fransuz tillarini o‘qib kelishayotgandi. 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab “Tillar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan talabalarga tanlov asosida yapon, turk, ispan, arab, koreys tillarini ham o‘rganish imkoniyati berildi. Ayni paytda ushbu kafedrada 10 ta xorijiy til bo‘yicha to‘garaklar faoliyati muntazam yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, to‘garaklarda talabalar xorijiy tillar bilan birgalikda, turli urf-odatlar va madaniyatlarni ham o‘rganishmoqda.
2022 yil 4 noyabrda BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvilining “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurishi hamda universitet hayoti va ta’lim jarayoni bilan tanishishi oliy ta’lim muassasasi tarixidagi katta voqea bo‘ldi. Ayniqsa, UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvilining talabalar uchun mehmon ma’ruzasi bilan ishtirok etishi va yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berishi turizm sohasining bo‘lg‘usi professional kadrlarida kasbga nisbatan bo‘lgan motivatsiyalarini yanada kuchaytirdi.
TO‘LQIN SULTONOV
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti dotsenti