“Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga hujjat topshirib xorijda o‘qish va ikki institutning diplomiga ega bo‘lish mumkin
Samarqand “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda ushbu dasturda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishni istagan abituriyentlardan hujjat qabul qilish qizg‘in pallada.
– Universitetga 1 avgustdan buyon (DOUBLE DEGREE (qo‘shma dastur)ga ko‘ra), bakalavr ta’lim yo‘nalishining kunduzgi shakli bo‘yicha abituriyentlardan hujjat qabul qilish davom etyapti, – deydi hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha mas’ul xodim Hamid To‘rayev. – Bugungacha 50 nafarga yaqin yoshlar ariza topshirdi. Abituriyentlardan hujjat qabul qilish 10 avgustga qadar davom etadi va ular yozma ish hamda suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi. To‘lov-kontraktning yillik summasi 2300 AQSh dollaridan iborat. O‘qish ingliz va rus tillarida olib boriladi.
Hujjat topshirayotgan abituriyentlar Indoneziya Respublikasidagi Saxid politexnika (menejment: turizm biznesini boshqarish hamda ommaviy tadbirlar menejmenti) instituti va shu davlatning Saxid turizm (menejment: restoran biznesini boshqarish) institutida o‘qiydi. Shuningdek, abituriyentlar Xitoy Xalq Respublikasidagi Guylin turizm (menejment: mehmonxonalarni boshqarish) universiteti va Chexiya respublikasidagi Logistika oliy (turizm faoliyatida logistika) maktabida tahsil olish imkoniyatiga ega.
«Menejment: turizm biznesini boshqarish, ommaviy tadbirlar menejmenti», «Menejment: mehmonxonalarni boshqarish» yo‘nalishlarida o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlar to‘rt yillik o‘qishning ikki yilini “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida, ikki yilini hamkor davlat muassasalarida o‘qiydi. Shu bilan birga, «Menejment: restoran biznesini boshqarish» yo‘nalishida bilim olmoqchi bo‘lgan abituriyentlar Samarqandda uch yil va Saxid turizm institutida 1 yil o‘qiydi. «Turizm faoliyatida logistika» yo‘nalishida o‘qish muddati uch yil bo‘lib, o‘qishning bir yili “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida va keyingi yillari Logistika oliy maktabida amalga oshiriladi.
Mazkur ta’lim shakli bo‘yicha har bir yo‘nalishda 20 nafardan talaba qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, tahsil olgan talabalarga ikki universitetning ham diplomlari beriladi.
A.PO‘LATOV.