“Ipak va Ipak yo‘li: Xanchjoudan Samarqandgacha”
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida O‘zbekiston va Xitoyning madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan shu nomdagi ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi va Xanchjoudagi Xitoy milliy Ipak muzeyiga tegishli ashyolar hamda Tang sulolasining ipakchilik san’ati bezaklari namoyish etilmoqda.
- Xitoy va O‘zbekiston dunyoning qadimiy sivilizatsiyalaridandir, - deydi ko‘rgazma ochilishida so‘z olgan Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Chi Junlin. - So‘nggi yillarda ikki mamlakat Prezidentlari tashabbusi bilan strategik sheriklik munosabatlari va “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida amaliy hamkorlik davom etmoqda. Shuningdek, Xitoy milliy Ipak muzeyi Samarqand muzeyi hamda O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi bilan yaqin hamkorlik qilib kelyapti. Ayniqsa, yaqinda O‘zbekiston fuqarolari uchun Xitoyga 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilinishi hamkorligimiz yanada rivojlanayotganidan darak beradi.
Uch yil oldin Samarqand va Xitoyning milliy Ipak muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, Ipak yo‘li bo‘ylab madaniy merosni muhofaza qilish, madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida ko‘rgazmalar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda Xitoyda “Rang-barang Osiyo: Osiyo liboslari ko‘rgazmasi”, Samarqandda esa Sin sulolasi davriga oid ipak namunalari, liboslar va shoyi mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Xitoy milliy Ipak muzeyi direktori Jou Yangning ta’kidlashicha, Xanchjou va Samarqand Xitoy ipak madaniyatining tug‘ilgan joylaridan biri va Ipak yo‘lidagi muhim markazdir. Shu jihatdan Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida o‘tkazilayotgan navbatdagi ko‘rgazmada Samarqanddagi nodir eksponatlar, Tang sulolasinging ipakchilik san’ati, bezak va naqshlar, Xitoy milliy Ipak muzeyi xazinalaridan o‘rin olgan kolleksiyalar ekspozitsiyaga chiqarilgan.
Ko‘rgazma bir yil davom etadi.