Samarqanddagi muzeyda aholidan xarid qilingan qadimiy ashyolar ko‘rgazmaga qo‘yildi

Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida “Milliy merosga mening hissam!” umumxalk aksiyasi doirasida aholidan sotib olingan yoki tuhfa sifatida qabul qilingan qadimiy ashyolar namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

– Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholi qo‘lidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni rag‘batlantirish va ommalashtirishga karatilgan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasini o‘tkazish belgilangan, – dedi ko‘rgazmaning ochilishida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Mazkur aksiyani amalga oshirish, ya’ni aholidan qadimiy buyum va ashyolarni sotib olish uchun har yili mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilishi lozim. O‘tgan yildan boshlab ushbu tizim yo‘lga qo‘yildi va ikki yildan buyon viloyat byudjetidan zarur miqdordagi mablag‘ qo‘riqxona hisobiga o‘tkazib berilmoqda. Ana shu mablag‘ evaziga bu yil aholidan 1345 dona ashyolarni olishga erishdik. Ular asosan etnografiya, numizmatika, arxeologiya, tasviriy san’at va boshqa sohalarga oid ashyolardir va ilk bor namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazmaning ochilishida “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasida faol ishtirok etgan fuqarolarga qo‘riqxona tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, bu fuqarolarga oila a’zolari bilan birgalikda 2024 yil davomida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibidagi madaniy meros ob’yektlari va muzeylarga bepul kirishi uchun sertifikatlar berildi.