Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Iqlim o‘zgarishi mehnatga qo‘shimcha haq to‘lashni talab etadi

Bu haqda viloyat kasaba uyushmasida 28 aprel - Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan “Iqlim o‘zgarishining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ta’siri” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida aytildi.

Tadbir tashkilotlarning kuch vositalari ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Unda Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Farhod Xanapiyev, Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi a’zolari, viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi mutaxassislari, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi vakillari ishtirok etdi. 

Ta’kidlandiki, keyingi paytda iqlim o‘zgarishi va uning insonga ta’siri tobora ortib borayotgani, hatto turli kasalliklarni keltirib chiqarayotgani, uning oqibatida mehnatga yaroqsiz holatlar ham uchrayapti. Uning oldini olish maqsadida ishlab chiqarish korxonalari va ish joylari hovlisida manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, gul parvarishlash zarur.

- Bugungi kunda o‘zgaruvchan ob-havo sharoiti mehnat sohasiga, ayniqsa, xodimlarning xavfsizligi va sog‘lig‘iga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda, - deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi mehnat texnik inspektori Usmon Karimov. - Iqlim o‘zgarishi natijasida kasbiy xavf-xatarlarga issiqliq stressi, ultrabinafsha nurlanish, havoning ifloslanishi, yirik sanoatdagi avariya holatlari, ekstremal ob-havo hodisalari, transmissiv kasalliklarning ko‘payishi va kimyoviy moddalar ta’sirining kuchayishi ehtimoli yuqori hisoblanmoqda. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro mehnat tashkiloti “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni”ning bu yilgi mavzusini “Iqlim o‘zgarishining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ta’siri” deb e’lon qildi.

Davra suhbatida mutaxassislar tomonidan yuqori harorat yurak-qon tomiri va nafas olish tizimi kasalliklaridan og‘ir ahvolga olib kelishi mumkinligi, iqlim o‘zgarishi tufayli xodimlar issiqliq stressi, ish bilan bog‘liq jarohatlar va mehnat unumdorligining pasayishi xavfiga olib kelishi aytib o‘tildi. Bu, ayniqsa, ochiq havoda yoki issiqxonalarda ishlaydigan ishchi-xodimlar uchun xavfli ekani ta’kidlandi. bunday holatlar esa mehnatga qo‘shimcha haq to‘lashni talab etadi.

Tadbir davomida yigirmadan ortiq tashkilot “Eng yaxshi kasaba uyushmasi qo‘mitasi”, “Eng yaxshi mehnat muxofazasi”, “Eng yaxshi tashkilot” nominatsiyalari bo‘yicha uchta o‘rinda taqdirlandi. 

Husan Eltoyev.