Iqtidorli yoshlar e’tiborsiz qolmaydi
Keyingi yillarda mamlakatimizda yosh yigit-qizlarni rahbarlik lavozimlari va mas’uliyatli joylarga tayinlash amaliyoti yaxshi samara beryapti. Ayniqsa, davlat organlarining viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik o‘rnatishi talabalarda boshqaruv ko‘nikmasini shaklllantirish barobarida idora va tashkilotlarni ham ishchan, bilimli kadrlar bilan ta’minlashga yordam beryapti.
O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularni davlat xizmatiga faol jalb qilish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan 2020-2023 yillarda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarini bitiruvchilaridan tanlov asosida saralab olingan 1809 nafar iqtidorli bituruvchilar viloyat hokimligi istiqbolli kadrlar zaxirasiga olindi.
Viloyat hokimligi tavsiyasiga asosan, zaxiraga olingan ushbu yoshlarning 848 nafari (46,9 foizi) davlat idoralarida, 380 nafari (21 foizi) xususiy sektorda faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, 252 nafari (14 foizi) ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda. Qolgan 223 nafar zaxiraga olingan istiqbolli kadrlar turli sohalarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Viloyat hokimligi ularning ish faoliyatini takomillashtirish, bosqichma-bosqich lavozimga tayinlash va boshqa yoshlarga shaxsiy namuna bo‘lishlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘ygan. Bu boradagi loyiha dastlab Samarqandda tajriba tariqasida, keyin esa respublikamizning barcha hududlarida joriy etilayotganligini e’tirof etish mumkin.
Ayni paytda viloyat hokimligi istiqbolli kadrlar zaxirasi intellektual jihatdan salohiyatli va fuqarolik pozitsiyasiga, mustaqil dunyoqarashga ega yosh liderlar qatlamini, bir so‘z bilan aytganda, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirishning zamonaviy moduli sifatida qaralmoqda. Bu harakatlar avvalo, yoshlarning katta hayotga qadam qo‘yishida ularni har tomonlama rivojlantirish, qiyinchiliklarni oson yengib o‘tishi, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi sifatida shakllanishida poydevor vazifasini o‘tab kelmoqda.
Ushbu ishlarni tizimli davom ettirish maqsadida shu yil oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan 518 nafar iqtidorli bitiruvchilar ro‘yxati shakllantirilib, 27 may - 4 iyun kunlari oliy ta’lim muassaslarida ushbu iqtidorli bitiruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda iqtidorli bitiruvchi talabalarning kelajakdagi rejalari bilan yaqindan tanishilib, ularning davlat xizmatiga bo‘lgan munosabati hamda olgan ilmini Vatan taraqqiyoti yo‘lida safarbar qilish lozimligi bo‘yicha muloqotlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda bitiruvchilarning barcha savollariga batafsil javob berilib, ilmiy faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lganlar va o‘z biznesini tashkil qilmoqchi bo‘lgan iqtidorli yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.
Bundan tashqari, Samarqand shahridagi Prezident maktabining 24 nafar bitiruvchi yoshlari bilan ham uchrashuv tashkil qilinib, ularning kelgusi faoliyati va rejalari haqida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Umuman olganda, bugungi kunda 2375 nafar iqdorli yoshlar viloyat hokimligining istiqbolli kadrlar zaxirasiga olingan. Ularning kamolga yetishi va malakali davlat xizmatchisi bo‘lib shakllanishi yurtimiz taraqqiyoti va milliy manfaatlarimizga xizmat qiladi.
Behzod RAHMATULLAYeV,
viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari.