Iqtisodiy ong, iqtisodiy tafakkur, iqtisodiy savodxonlik. Bular uchun sarflangan moliyaviy resurs o‘zini oqlaydimi?

Tadqiqotlar jarayonida iqtisodiy ong va iqtisodiy tafakkurning cheksiz imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni hozirgi zamon talablari darajasiga ko‘tarish asosida mamlakat iqtisodiy qudratini yuksaltirishning yetakchi omiliga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ikkita yo‘nalishda amalga oshirish samara beradi.

Birinchisi – jamiyat a’zolarining iqtisodiy ong doirasini kengaytirish, uni iqtisodiyot sohasidagi yangi zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, aholi keng qatlamlari orasida ijtimoiy-iqtisodiy borliqni o‘zida to‘la aks ettirishga qodir mukammal iqtisodiy ongni shakllantirish, keng xalq ommasini, aholi barcha qatlamlarini davr talablari ruhida tarbiyalash, ularning ongini yangi, bozor iqtisodiyotiga xos zamonaviy iqtisodiy bilimlar bilan boyitish. Ushbu tadbirlar aholi barcha qatlamlarini qamrab olishi kerak, deb o‘ylaymiz.

Mamlakat aholisi iqtisodiy savodxonligini oshirish keng qamrovli tadbir bo‘lib, u katta miqdordagi moliyaviy resurslarni jalb qilishni taqozo etadi. Bu jihatdan ushbu tadbir jamiyatga juda qimmatga tushadi. Moliyaviy resurslar tanqisligi sharoitida katta miqdordagi moliyaviy resurslarni aholi barcha qatlamlarining iqtisodiy savodxonligini oshirish orqali uning iqtisodiy ongini yangi zamonaviy bilimlar bilan qurollantirishga sarflash iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan oqilonami, degan savol tug‘iladi? Albatta, oqilona. Chunki aholi iqtisodiy ongini yangi zamonaviy bilimlar bilan qurollantirishga sarflangan moliyaviy resurslar mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga multiplikativ ta’sir ko‘rsatadi va natijada mamlakat iqtisodiyotini taraqqiy ettirishning ishonchli omiliga aylanadi.

Iste’mol madaniyatining pastligi oqibatida mamlakatda nodir va bebaho iqtisodiy resurslardan foydalanishda, ulardan tayyorlangan tayyor mahsulot va xizmatlarni iste’mol qilishda  katta isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda, tejamkorlik tamoyillari qo‘pol tarzda buzilmoqda. Ayniqsa, dehqonlarning  mashaqqatli mehnati evaziga yaratilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ib-terib olish, ularni transportirovka qilish, saqlash, el dasturxoniga yetkazib berish jarayonlarida iqtisodiy savodxonligning davr talablari darajasida emasligi, iqtisodiy intuitsiyaning yetishmasligi oqibatida ishlab chiqarilgan  noz-ne’matlarning talaygina qismi nobud bo‘lmoqda.

Ijtimoiy ishlab chiqarish mamlakat aholisining hayot farovonligini yuksaltirishni, moddiy va ma’naviy noz-ne’matlar mo‘l-ko‘lchiligini ta’minlashga erishishni mo‘ljalga oladi, uni bosh maqsad qilib belgilaydi, yalpi tovar va xizmatlarni yaratadi. Agar iqtisodiy taraqqiyotning shu oltin qoidasini inobatga oladigan bo‘lsak, iqtisodiy savodxonligimiz yetishmasligi, bilimsizligimiz oqibatida yuzaga kelayotgan bunday yo‘qotishlarni qanchalik tez  bartaraf etsak, hayotimiz ham shuncha tez farovon bo‘lishi shubhasiz. Ijtimoiy ishlab chiqarishdan  bosh maqsad  noz-ne’matlarni shunchaki ishlab chiqarish emas, balki pirovard natijada, ularni iste’mol qilish, farovonlikka erishishdan iborat.

Ikkinchisi – mamlakatda, xususan, yoshlarimizda   iqtisodiy tafakkur yuritish qobiliyatini rivojlantirish, aholida kognitiv tafakkur ko‘nikmalarini shakllantirish, eng muhimi, uni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yetakchi omiliga aylantirishning samarali  mexanizmlarini ishlab chiqish.

Mamlakatning iqtisodiy poydevorini shakllantirishda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirish va sifatini yaxshilash orqali bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega  bo‘lgan mutasaddi shaxslar  kognitiv iqtisodiy tafakkurini yuksaltirishga jiddiy e’tibor qaratish zarur, deb hisoblaymiz. Ushbu toifaga davlat organlari xodimlarini, rahbarlarni, tadbirkorlarni, professor-o‘qituvchilarni, tadqiqotchilarni, iqtisodchilarni, OAV xodimlarini kiritish mumkin. Ushbu toifaga mansub shaxslarning tafakkuri, iqtisodiy fikrlash  qobiliyati, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ular iqtisodiy reallikni aks ettiruvchi ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash, umumlashtirish, tahlil qilish, turli omillarning ta’sirini aniqlash, ularga tayanib nazariy va amaliy xulosalar chiqarishda, iqtisodiy taraqqiyot natijalarini xalq orasida targ‘ibot qilishda kelajakda iqtisodiy taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab berishda va ularning ijrosi bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilishda bevosita ishtirok etadi.

Boshqacha aytganda, ushbu toifaga mansub aholi qatlamlari, bir tomondan, milliy iqtisodiyotning holati, uning globallashgan jahon xo‘jaligidagi mavqei, iqtisodiy o‘sish sur’atlari va sifati uchun mas’uldirlar. Ikkinchi tomondan esa ular vaziyat taqozo etganda, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish sur’atlariga bevosita ta’sir ko‘rsatish, aniqrog‘i, uni yanada jadallashtirish imkoniyatiga egadirlar. Shu sababli makro va mikro darajada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun ularning moddiy va ma’naviy javobgarligini oshirish, ayni paytda ularni taraqqiyotning yuksak darajalariga erishishdagi xizmatlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishning samarali mexanizmlarini yaratish lozim.      

 Iqtisodiy savodxonlik barchamizga suvdek zarur

Jamiyatda inson iqtisodiy faoliyati, ya’ni mehnati evaziga ishlab chiqarilgan barcha moddiy va ma’naviy noz-ne’matlar, pirovard natijada, inson iste’molini ta’minlab berishni, uning ehtiyojlarini qondirishni mo‘ljalga oladi. Inson o‘zining hayotiy ehtiyojlarini qondirish ilinjida tinimsiz mehnat qiladi, iqtisodiy faoliyat yuritadi.

Bizning nazarimizda, iqtisodiy taraqqiyot faqat noz-ne’matlarni ishlab chiqarish bilan emas, balki ularning iste’moli bilan ham uzviy bog‘liq. Chunki iste’mol – bosh maqsad, ishlab chiqarish esa unga erishish vositasi. Yuksak iqtisodiy ong va tafakkur vositasida iste’mol jarayonida tejalgan noz-ne’mat, o‘z mohiyatiga ko‘ra ishlab chiqarish jaraniyoda yaratilgan qo‘shimcha mahsulot hajmini anglatadi. Xalqimizda uzoq yillik amaliy tajribadan kelib chiqqan “dunyo topguncha, hisob top”, degan naql bor.

Ko‘p  asrlar muqaddam "Avestoda" “Yenglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar”, degan bitiklar bitilgan. Demak, xalqimiz azal-azaldan iste’mol jarayonida yo‘l qo‘yiladigan isrofgarchiliklarga nisbatan befarq bo‘lmagan, uni qattiq qoralagan. Isrofgarchilik xususidagi fikrimizning oddiy formulasi quyidagicha: ishlab chiqarib, nobud qilgandan ko‘ra, ishlab chiqarmay qo‘yaqolgan afzal. 

Kundalik hayotimiz uchun suvdek zarur bo‘lgan, insonning mashaqqatli mehnati evaziga yaratilgan noz-ne’matlarni iste’mol qilishda yo‘l qo‘yilayotgan isrofgarchiliklar, ayniqsa, hashamatli restoranlarda oziq-ovqat resurlaridan foydalanish samaradorligining pastligi natijasida yuzaga kelayotgan yo‘qotishlar, ishlab chiqarishda va xonadonlarda gaz, elektr quvvati, suv kabi bebaho resurslardan foydalanish  samaradorligining pastligi kabi muammolarni bartaraf etishda iste’molchi iqtisodiy dunyoqarashining roli juda katta. Mana  shu tarzda mamlakatimizda bugungi kunda iste’mol madaniyatining davr talablariga javob bermasligi xalqimiz iqtisodiy fikrlash doirasining torligi, iqtisodiy bilimlarning yetishmasligi bilan bog‘liqligini ta’kidlamoqchimiz.   

Yuqorida qayd etilgan muammoni yechishning asosiy yo‘li aholi barcha qatlamlari orasida iste’mol madaniyatini rivojlantirishdan iborat, deb hisoblaymiz.

Iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini jadallashtirishda davlat va keng xalq ommasi o‘zaro hamkorligi

O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish asosida aholi turmush farovonligini oshirish uchun davlat tomonidan puxta o‘ylangan makroiqtisodiy siyosat,  izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bizningcha, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida jahon xo‘jaligida peshqadamlikka erishish uchun  ushbu omilning o‘zi yetarli emas.

Iqtisodiy taraqqiyot adolat tarozisining bir pallasida hamisha davlatning makroiqtisodiy siyosati, ikkinchi pallasida esa xalqning iqtisodiy ongi va iqtisodiy tafakkuri yotadi. Xalqning yuksak iqtisodiy ongi va iqtisodiy tafakkuriga tayanmagan davlatning har qanday mukammal makroiqtisodiy siyosati, pirovard natijada, mamlakatda iqtisodiy taraqqiyot mo‘jizasi sodir bo‘lishini ta’minlay olmaydi.  Tarozining ikkinchi pallasiga yetarli e’tibor bermagan davlat askarlarsiz jang  maydoniga chiqqan qo‘mondon singari kuchsiz bo‘ladi. Davlatning kuchli makroiqtisodiy siyosati keng xalq ommasining mukammal iqtisodiy ongi va kognitiv iqtisodiy tafakkuri bilan to‘ldirilgan taqdirdagina, o‘zaro hamkorlik ko‘lamining sinergetik samarasi hosil bo‘lib,   chinakam iqtisodiy taraqqiyot mo‘jizasi sodir bo‘ladi.

Mamalakatda keng xalq ommasining, aholi barcha qatlamlarining iqtisodiy ongini zamon talablari darajasiga ko‘tarishning muhimligini, zarurligini oddiy misollarda izohlab berishga urinib ko‘ramiz.

Iqtisodiy ongi mukammal shaxs o‘zining kundalik hayotida iqtisodga oid muammolarni hal etishda tejamkorlik nuqtai nazaridan yondashadi. Bu jamiyat iqtisodiy taraqqiyoti uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Masalan, iqtisodiy qonunlardan ozgina xabari bor inson hech qachon hayfga oqib yotgan suv yoki behuda yonib turgan elektr lampochkasidan kelayotgan zararga, ayrim shaxslarning farosatsizligi tufayli oyoq ostida uchraydigan non bo‘laklariga, katta mashaqqatlar bilan tozalangan shinam ko‘cha va yo‘laklarning ifloslanishiga befarq bo‘lmaydi. “Toma-toma ko‘l bo‘lur”,  deydi dono xalqimiz. Xuddi shunday, toma-toma ko‘l bo‘lgan suv  toma-toma yo‘q bo‘lishi ham muqarrar. Iqtisodiy ongning zaifligi oqibatida mamlakatimizda isrof bo‘layotgan, tegishli natija bermay, zoye ketayotgan iqtisodiy imkoniyatlarni sarhisob qilib, umumiy maxrajga keltirsak, iqtisodiy bilimdonlik samaralaridan qudratli to‘lqin paydo bo‘lishiga hech qanday shubha yo‘q. Ushbu qudratli to‘lqin davlatning puxta o‘ylangan makroiqtisodiy siyosati bilan o‘zaro uyg‘unlashib, bir yo‘nalish tomon harakat qilsa, xalqimiz orzu qilgan iqtisodiy taraqqiyot mo‘jizasi sodir bo‘ladi.

Mamlakatda aholi barcha qatlamlari iqtisodiy savodxonligini  oshirish, uning iqtisodiy ongi  hamda  kognitiv iqtisodiy tafakkur yuritish qobiliyatini zamon talablari darajalariga ko‘tarish davlat makroiqtisodiy siyosatining markaziy bo‘g‘inlaridan biriga aylanmog‘i lozim.

M.Muxammedov,

M.Pardayev,

SamISI professorlari.

(Davomi bor)