Changsiz ming yil umr yoxud chang bosgan mahsulotlar sotuvi xususida

«Agar chang bo‘lmaganida inson ming yil umr ko‘rishi mumkin edi!».

Mikrobiologiya rivojlanishidan ancha oldin buyuk qomusiy olim, tabib va faylasuf Abu Ali Ibn Sino atrof-muhitning inson organizmiga ta’sirini ana shunday baholagan.

Darhaqiqat, biz chang bilan «qorishib» yashaymiz. Chunki chang havoda ko‘p, u atrof-muhitga tarqaladi, tanaga o‘tiradi va afsuski, organizmga oson kirib boradi. Chang - havoda uchib yuruvchi mayda zarrachalar yig‘indisi bo‘lib, tuproq va qumdan tashqari turli mavjudot, odamlardan tushgan qurigan teri (uy changining 80 foizi), mato, yelim, metall parchalari, o‘simlik changi, zamburug‘ sporalari, bakteriyalar, virus va boshqalardan iborat. Ayniqsa, shahar muhitida, transport ko‘p joylarda, yopiq binoda bu moddalar to‘plansa, havo sifati buziladi va jiddiy kasalliklarni qo‘zg‘atishi mumkin.

Changdan, ayniqsa, yozning issiq kunlarida aziyat chekamiz. Buning ustiga aksariyat joylarda davom etayotgan, oxiri ko‘rinmaydigan qurilishlar vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Uylar derazasini ochib bo‘lmaydi, har bir mashina o‘tganda burqsib ko‘tarilgan chang-to‘zon bir zumda uyni qoplaydi, nafas olish qiyinlashadi.

Chang haqida gapirar ekanmiz, O‘zbekiston atmosfera havosidagi chang miqdoriga ta’sir etuvchi bir qancha iqlimiy-geografik omillarni ham hisobga olish zarur. Mamlakat qurg‘oqchil zonada, ya’ni quruq iqlim, yuqori haroratli va namligi past cho‘l va yarim cho‘l zonasida joylashgan. Quruq havo yerga tushgan ifloslantiruvchi modda zarralarini osongina havoga ko‘taradi, zarrachalarning cho‘kishiga yordam beradigan namlik yetarli emas.

Ana shunday vaziyatda chang bilan kurashish, uy ichini tez-tez artish va shamollatish, tozalikka e’tibor qaratish juda muhim.

Bu ma’lumotlarni yozishimga bir holat turtki bo‘ldi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, kichik do‘kon yoki supermarketlarning aksariyatida qadoqlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari usti ochiq holda sotiladi. Turli pechenelardan tortib, non va konditer mahsulotlari, qadoqlanmagan quruq choy deysizmi, barchasi qutilarda, ammo ochiq turibdi. Ularning ustiga kun bo‘yi qancha chang o‘tirishini tasavvur qilish qiyin emas (hasharotlarni ham esdan chiqarmaslik kerak). Vaholanki, sotuvchi mahsulotni saqlash talablari, oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligi, ularni sotish shartlari keltirilgan qonun-qoidalarga amal qilishi shart.

Ana shunday do‘konlarning biriga kirib sotuvchidan so‘radim:

- Bu mahsulotlaringiz ochiq holda sotilyapti, do‘kon eshigi ochiq, tasavvur qilyapsizmi ko‘chadan qancha chang kirib ustiga o‘tiradi?

- Bu xaridorni jalb qilish uchun, usti yopiq tursako‘rmay ketishadi, - dedi sotuvchi.

- Axir, siz xaridor salomatligiga putur yetkazyapsiz.

- Opa, bizda bu mahsulotlar bir kunda sotiladi. Chang yoki yana nimadir o‘tirishga ham ulgurmaydi.

Albatta, sotuvchining bu gapiga ishonish qiyin.

Lekin hamma do‘konlarda holat shunday deb bo‘lmaydi. Bir kuni kichikkina bir do‘konga kirishimga to‘g‘ri keldi. Bo‘sag‘asidan xohlamaygina qadam tashladim va kirishim bilan hayratda qoldim. Peshtaxtada turgan qutilardagi pechenelar doka bilan yopilgan, hamma joyi saranjom-sarishta.

Oziq-ovqat mahsulotlarini chang va hasharotlardan himoya qilish uchun uning ustini yopib qo‘yish zarur. «Ochiq qolgan yegulikka shayton qo‘l uradi», deyishadi keksalar.

Hozir, global ekologik muammolar avj olgan bir paytda atrofimizda salomatligimizga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etish, uyimiz, ko‘chamiz, ish joyimizni chang-g‘ubordan tozalash, bir qarashda oddiygina, bezarar bo‘lib ko‘ringan hayotiy qoidalarga rioya qilish insoniylik burchimizdir.

Gulnora Xoldorova.