Afrosiyob shaxmati
O‘zbekiston arxeologlari ko‘hna Samarqand zaminidan topgan qadimiy shaxmat donalari jahon madaniyati tarixini o‘rganishga qo‘shilgan ulkan hissadir.
Shaxmat. Uni ma’rufi donishlar «mangu barhayot va aql-idrok o‘yini», «tafakkur ramzi», «xalq madaniy saviyasining ko‘zgusi» deb madh etishgan.
Bu o‘yin qayerda “tavallud topgan”, qay tarzda taraqqiy etgan? Mutaxassislarning yozishicha, shaxmat salafi – chaturanga bundan ikki yarim ming yil muqaddam Hindistonda vujudga kelgan. Bu har biri sakkiztadan donali to‘rt armiya jangidan iborat bo‘lib, uning tarkibiga shohdan tashqari, jangovar fillar va ikki g‘ildirakli aravachalar, suvoriylar va piyodalar kirgan. To‘rt otryad, to‘rt qo‘shin turi singari nomlar ham shundan kelib chiqqan. Bu o‘yinda donalarning harakat qoidasi ham o‘zgacha, yurish tartibi ham o‘yinchining fikr-o‘yi bilan belgilanmaydi, kurash raqibning donalarini butkul qirib yuborguncha davom etadi.
Chaturanga o‘yini Hindistondan Eronga, arab mamlakatlari-yu O‘rta Osiyoga o‘tdi. Ushbu mamlakatlarda chaturanga ancha o‘zgarib, yangi qoida va sifatlar, jo‘shqinlik va tezkorlik xususiyatlarini kasb etgan. U oxir-oqibat vayronalik izlarini qoldirmaydigan, chuqur nazariya hamda murakkab strategiyaga asoslangan chinakam aql-idrok kurashiga, olijanob bahsga aylandi. Shohning oldida uni qo‘riqlovchi qudratli va dono farzin paydo bo‘ldi. Farzin – shohning maslahatgo‘yi, oqil, dono. O‘zgacha harakat va sifat kasb etgan holda fil va ot, shuningdek, piyodalar ham qoldi. Ayni vaqtda hind ikki g‘ildirakli aravachasi – ratxa yo‘qolib ketdi. Uning o‘rnini ismi ismiga ohangdosh ruh egalladi. Dastavval, u bahaybat yirtqich qush – jangchilar homiysi sifatida tasvirlangan bo‘lsa, keyinchalik minora shaklini olgan.
Chaturanga Hindistondan Sharqning boshqa mamlakatlariga qachon tarqalganligi, u qanday tarzda shaxmatga aylanganligi masalasi ham o‘quvchilarni qiziqtirishi turgan gap.
***
Mavjud adabiyotlarda bu xususda har xil fikrlar aytilgan. Shaxmat tarixining asoschilaridan biri, ingliz sharqshunosi G.Merreyning fikricha, shaxmat VIasrda Hindistonda paydo bo‘lib, keyin Eronga tarqalgan. Sovet olimlari I.A.Orbeli va K.V.Trever esa shaxmat o‘yini Hindistondan Xitoyga, keyin Malayyaga va ayni vaqtda Eronga o‘tgan degan fikrdalar. M.Yudovich esa shaxmat Hindistondan Eronga O‘rta Osiyo, arab mamlakatlari va Yevropaga tarqalgan, deydi. O‘zbekistonlik shaxmat tarixchilari Z.Xo‘jayev va F.Dyummel hamda moskvalik tarixchi I.Mayzelis shaxmat O‘rta Osiyoda milodning V asrida paydo bo‘lgan degan nazariyani o‘rtaga tashlashdi.
Shaxmat tarixi I.M.Linderning bir qancha asarlarida ancha izchil bayon etilgan. Olim O‘rta Osiyo milodining dastlabki yillari Shimoliy Hindiston bilan birgalikda shaxmat o‘yini shakllana boshlagan territoriyaga kirgan deb hisoblaydi hamda ilk o‘rta asrda shaxmat tarqalishini Osiyoning, birinchi navbatda, buddizm dini hukmronlik qilgan yoki u kuchli ta’sir o‘tkazgan mamlakatlari bilan bog‘laydi.
Shubhasiz, yozma manbalardan turli mamlakatlardagi qadimiy shaxmat haqida ma’lumotlar olish nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi, biroq qadimgi qo‘lyozma sahifalarida hozircha o‘zaro madaniy aloqalarning ana shu sohasi xususida biror ma’lumotni ilg‘ab olish amrimahol. Milodning birinchi asrida yaratilgan qadimgi hind eposi: «Mahabharata»da esa chaturanga bayon etilgan.
Donalarning shaxmat tartibiga yaqin terilishi haqida Firdavsiyning «Shohnoma» asarida fikr yuritilgan. Bu o‘yin hind donishlari tomonidan yaratilgan bo‘lib, milodning 570 yiliga yaqin Sosoniylar shohi Xusrav I saroyida namoyish etilgan. Biroq bu ma’lumotlarni hali uzil-kesil ilmiy deb bo‘lmaydi. Ayni vaqtda IX asrda Sharq mamlakatlarida shaxmat nazariyasi – o‘tkir zehn bilan hal etiladigan masalalar bo‘lmish mansubalar vujudga keldi. O‘rta Osiyo yerlariga shaxmat qachon kirib kelganligini bilish mumkinmi? Bu savolga faqat arxeologiyagina to‘liq javob bera olishi mumkin, uning yordamisiz esa bugungi kunda qadimgi shaxmat madaniyati tarixining bironta masalasini hal etib bo‘lmaydi.
***
Respublikamiz arxologlari qadimiy shaharlarda qazish ishlari olib borib, ba’zan shaxmatning ayrim donalarini va hatto kambut shaxmat komplektini topishga muvaffaq bo‘lishdi.
Fil va o‘rkachli buqa – zebu tasvirli eng ko‘hna donalar O‘zbekistonning janubidagi Dalvarzintepada o‘tkazilgan qazishmada, milodning II asri oxiriga oid qatlamlarda topildi. Farg‘onadagi Munchoqtepa ko‘hna shahrida esa yanada qiziqarli topildiqlarga ega bo‘lindi. Fil suyagidan yasalgan mo‘’jazgina shaxmat donasida qoyaga qo‘nib, qandaydir uzun bo‘yinli suv qushini changallari orasiga qisib turgan yirtqich qush tasvirlangan. Yirtqich qush go‘yo o‘ljasini tilkapora qilmoqchidek o‘tkir tumshug‘ini unga o‘qtalgan. Unga nazar tashlar ekanmiz, Firdavsiyning shaxmat donasi – ruh haqidagi bayti yodga tushadi.
Ikki jangovar ruh o‘tirardi chekkada.
Jigar qoni tirqirardi tumshuqlarida.
Olimlardan I.A.Orbeli va K.V.Trever mazkur topilma shaxmat donasi bo‘lmish ruh ekanini e’tirof etishdi. Taassufki, bu donaning aniq arxeologik sanasi ma’lum emas, shuning uchun yasalish uslubiga ko‘ra, milodning VI-VIII asrlariga mansub deb bilindi.
Janubiy Tojikistondagi Xuttal Xulbuka ko‘hna poytaxt shahrida X asr qatlamidan qat’iy aniq uslubda ishlangan shaxmat donalari topildi. Termizda o‘tkazilgan qazishmalarda chiqqan shaxmat donalari esa ancha keyinroq davrga – XV-XVI asrlarga taalluqlidir.
Ammo ko‘hna Samarqand – Afrosiyob shaxmatning qadimiy donalariga hammadan ham boy chiqib qoldi. Bu qadimiy obida bamisoli O‘zbekiston xalqlari shahar madaniyatining ulkan arxividan iboratki, olimlar yuz yildan ko‘proq vaqt mobaynida uning zamin sahifalarini tadqiq etishyapti, Movarounnahrning ko‘hna me’morchiligi, moddiy va badiiy madaniyatiga oid yangi-yangi noyob topilmalarni oshkor etishyapti.
Afrosiyobda ikki yarim ming yillik tarixga ega bo‘lgan qo‘rg‘on devorlari va madaniy qatlamlar, antik harbiy istehkomlar tizimi, ilk feodal davriga oid qasrlar, VII-VIII asr Sug‘d zodagonlarining nafis bezakli uylari, IX-XII asrlarga taalluqli turarjoy binolari va ustaxonalar ochildi. Bu yerda yo‘l-yo‘lakay shaxmatning ayrim donalari ham uchragan. Oktyabr ryevolyusiyasidan ilgariyoq Afrosiyobda fil suyagidan yasalgan ikkita shaxmat donasi topilgandi. Hozir Leningraddagi Davlar ermitajida saqlanayotgan mazkur donalarning birida piyoda askar, ikkinchisida esa bir qo‘lida qalqon, ikkinchi qo‘lida cho‘qnor tutgan suvoriy tasvirlangan. Bu donalarning qayerda va qachon yasalganligi noma’lum, uni shartli ravishda milodning goh VIII-IX asrlariga, goh VI-VIII asrlariga mansub deb hisoblashadi. Shakliga ko‘ra otni eslatuvchi shishadan yasalgan yana bir dona XI-XII asrlarga oid qatlamdan topildi. O‘tgan yili arxeologlarimiz o‘ynalaverib juda siyqalanib ketgan, suyakdan ishlangan suvoriy tasvirli mo‘’jazgina shaxmat donasini qo‘lga kiritishgan edi.
Hozir Afrosiyob xarobalarida arxeologik qazishmalarning navbatdagi mavsumi o‘tyapti. Eng yirik tadqiqot ob’yektlaridan biri – Samarqandning markaziy machitidir. Yozma manbalarga qaratganda, u shaharning shimoliy qismida, qo‘rg‘on yaqinida, sug‘dlarning islomdan ilgarigi qadimiy ibodatxonasi o‘rnida joylashgan.
Bu machit qo‘rg‘on bilan birgalikda Samarqand shimoliy rayonlarining markaziy arxitektura-kompozitsiyasi hisoblanadi. Uning atrofida o‘sha zamonlarda sershovqin shahar bozorlari-yu avliyolarning maqbaralari, chilangar va zargarlarning ustaxonalari-yu hammomlar joylashgan.
1220 yil bahorida mo‘g‘ul-tatar bosqinchilari bilan qonli kurash kunlarida bu yer samarqandlik jasur himoyachilarning so‘nggi tayanchi bo‘lgan. Unda bandilikdan o‘limni afzal ko‘rgan minglab abjitr samarqandliklar va jangchilar sabot bilan dushmanga qarshilik ko‘rsatishgan, oxiri mo‘g‘ullar ularni machit bilan birga yondirib yuborishgan.
Arxeologik qazishmalar vaqtida bu yerdan ko‘mirga aylangan sovut va zirhli kiyimlar, qili va kamon o‘qi uchlari, jangchining kumush kamari, guridlar hamda xorazmshohlarning tilla tangalari topildi.
Tadqiqotchilarning bir guruhi machitga janub tomondan kiraverishda qazishma olib borishdi. Ming yil muqaddam, Somoniylar davrida machit kichikroqbo‘lgan vaqtda bu maydon undan tashqarida edi. Xuddi shu yerdan moy solingan shisha idishchalar, sovun o‘rnidaishlatilgan moyli ko‘kimtir loy bo‘laklari, sopoldan yasalgan suv idishlari, fil suyagidan ishlangan me’morchilik buyumlari topildi. Bular orasida yettita shaxmat doirasi ham bo‘lib, aftidan ular filning bitta tishidan yasalgan va ko‘p o‘ynalaverganidan siyqallanib ketgan ko‘rinadi.
Bu donalarni katta-kichikligiga ko‘ra uch turkumga ajratish mumkin. Birinchi turkumga ikkita eng kichik dona mansub bo‘lib, ularda bir tizzaga birlashgan piyoda jangchilar tasvirlangan. Piyoda jangchilarning chap qo‘lida dumaloq, qirrador qalqonlar, o‘ng qo‘lida esa yelka baravar ko‘tarilgan qisqa, egik qilich.
Ikkinchi turkumdagi donalar yirikroq, kattaligi uch santimetrcha keladi. Ularda ot va fil mingan jangchilar tasvirlangan.
Otlar serhasham, shokilalar bilan bezatilgan, egar-jabduqlari ham yaqqol ifodalangan. Suvoriylar oyog‘igacha tushadigan sovut bilan himoyalangan. Piyodalar singari ular ham qalqon tutib olgan, qo‘llarida qilich. Donalar milodning VI asridagi shoh Xusrav I Parvez tasvirlangan sosoniylarning tosh o‘ymakorligiga yaqin uslubda yasalgan. Chavandoz ortida – nayza va o‘qdon, chap tomonida qilich va uning g‘ilofi osig‘liq.
Fil donasining kattaligi otchalik keladi, boshi egik, o‘ralgan xartumi yerga tegay deb turibdi. Uning butun tanasi jul yoki sovut bilan himoyalangan. Qurollangan suvoriy uning boshida o‘tiribdi. Darvoqye, Varaxshadagi mashhur monumental bezaklarda jangovarfil haydovchi ham xuddi shunday tasvirlangan edi.
Yetti donaning ikkitasi eng katta bo‘lib, balandligi to‘rt yarim santimetr keladi. Ulardan biri uch ot qo‘shilgan izvoshda o‘tirgan ikki jangchi tasvirligidir. Oldindagisi chap qo‘lida qalqon ushlab olgan. Orqadagi o‘rindiqda – taxtda devkor odam savlat to‘kib o‘tiribdi. Taxtning o‘ymakor ishlangan suyanchig‘i va tirsak qo‘yari bo‘lib, injular bilan bezatilgan. Bu jangchining ham chap qo‘lida qalqon, o‘ng qo‘lida esa qilich. Tasviriy uslub VII-VIII asrlar san’atiga nihoyat xos bo‘lib, o‘sha davrda a’yonlar jangovar fil haydovchilarga nisbatan yiriqroqtasvirlanardi. Bu donalardagi otlar ham nihoyatda serhasham bezatilgan. Egar-jabduqlari osma metall bezaklar bilan go‘zallashtirilgan, biroq yollari bo‘rttirib ishlangan, dumlari yerga tegib turibdi
Ikki yirik donaning ikkinchisi uch ot qo‘shilgan izvoshdagi suvoriy tasviridir. Uning tagligi boshqa donalardagidan katta bo‘lib, dur-u gavharlar bilan bezatilgan. Boshqa donalardan farqli o‘laroq undagi suvoriy qurollanmagan. U bir qo‘li bilan ot jilovini ushlab olgan, ikkinchi qo‘lida esa hokimlik ramzi hassa yoki gurzi. Shubhasiz, bu donalar shaxmat donalarining eng yiriklaridir, ayni vaqtda ularning biri ancha yirik. Bu – farzin, shohning maslahatgo‘yi, donishmandi. Ikkinchisi – saltanat ramzili, qurolsizi, ehtimol, shohbo‘lsa ajab emas.
Bu Afrosiyobdan topilgan, fil suyagidan nafis ishlangan mitti shaxmat donalarining ilk bor qo‘lga kiritilgan eng to‘la nusxasidir. Bular chaturanga emas, balki shoh va farzinli, ot va piyodali chinakam shaxmatdir. Barcha donalarning real ifoda etilganisanani belgilovchi muhim omil hisoblanadi. Ma’lumki, islom dini tirik mavjudotni tasvirlashni man etgan, shuning uchun o‘sha davrlarda shakllarning o‘ziga xos tez uslublanishi ro‘y bergan. Lekin bu topilmaning qimmatli jihati, uning birinchi marta aniq ma’lum bo‘layotganligidadir.
Shaxmat donalari komplektida VII asr oxiri va VIIIasrning birinchi yarmida Samarqandda mashhur bo‘lgan idish parchalarigina emas, balki tangalar ham bor edi. Tangalar o‘nga yaqin. Ular yaxshi saqlanmagan bo‘lib, faqat ikkitasinigina aniqlash mumkin bo‘ldi. Har ikki tanga milodning VII asr ikkinchi yarmida o‘tgan Samarqand amiri al-Ash’asa ibn Yahyo zarbiga mansubdir. Ularning birida hijriy 144 yil yozilgan bo‘lib, bu milodning 761 yiliga to‘g‘ri keladi. Ikkinchisida faqat yuzlik va o‘nlik raqami – «bir yuz qirq» saqlangan bo‘lib, u ham birinchi tangaga yaqindir. Qolgan tangalardagi yozuvlarni anglab bo‘lmadi, lekin ular yuqoridagi ikki tangaga o‘xshash. Binobarin, tangalar ham, keramika ham, buyumlarning shakllari ham mazkur shaxmat donalari islomning dastlabki o‘n yilliklarida qo‘llanilgan, ehtimol, ular Samarqand arablar tomonidan zabt etilishidan ilgari yasalgan bo‘lishi kerak, deyish imkonini beradi.
***
Shunday qilib, ko‘hna Afrosiyob arxeologlarimizga O‘rta Osiyoda eng qadimiy, sanasi aniq shaxmat donalari komplektini hadya etdiki, bu topildiq Samarqand Movarounnahrning yirik madaniy markazi bo‘lganligini isbotlovchi muhim ashyoviy dalildir.
Yu.BURYoKOV,
tarix fanlari kandidati.
“Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi,1977 yil, 25 noyabr kungi sonidan.