Iqtisodiyotimiz tashqi muhitga qanchalik moslashuvchan?
Yoki “Zarmitan” konida amalga oshirilayotgan ishlar va unda mehnat qilayotgan konchilarning o‘y-fikrlariga nazar
Yaqinda Yevroosiyo taraqqiyot banki ekspertlari tarqatgan bir ma’lumot e’tiborimni tortdi. Unga ko‘ra, so‘nggi 10 yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi 5,9 foizni tashkil etdi va bu mamlakat jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Hisobot mualliflarining yozishicha, respublika iqtisodiyotida jiddiy o‘zgarishlar 2017 yilda boshlangan va hozirda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning rivojlanish strategiyasi doirasida davom etmoqda. O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha Markaziy Osiyoda Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti – 69,2 milliard AQSh dollariga teng bo‘lib, mamlakat qimmatbaho metallar, mis, uran, volfram, ko‘mir va tabiiy gaz singari ko‘plab tabiiy resurslarga boy. Sanoatda metallurgiya, mashinasozlik, to‘qimachilik, oziq-ovqat va kimyo sanoati yetakchilik qilmoqda.
Yevroosiyo taraqqiyot banki tahlilchilarining fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy ustunligi uning doimiy o‘zgarib turadigan tashqi muhitga tez moslasha olishidadir.
Xush, o‘sha moliya muassasasi tahlilchilarining fikri qanchalik to‘g‘ri? O‘zbekiston iqtisodiyoti tashqi muhitga qanchalik moslashuvchan? Shu savolga javobni “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Zarmitan” konida amalga oshirilayotgan ishlar va unda mehnat qilayotgan konchilar o‘y-fikrlari misolida topishga urinib ko‘ramiz.
Qo‘shrabot kengliklari sari yo‘l
Soat millari 9:30 ni ko‘rsatmoqda. Ijodiy guruhimiz bilan “Zarmitan” koni tomon yo‘lga chiqdik. Yo‘l-yo‘lakay safar rejalari haqida gaplashib boryapmiz. Nurota tog‘ tizmasi cho‘qqilari hamda Qo‘sharbotning yalang‘och qirlari bu yilgi kuz o‘tgan yilga nisbatan qurg‘oqchil kelganligidan dalolat beradi. Oktyabrning nisbatan iliq daydi shamoli ermak qilayotgan ildizidan ayrilgan yantoq xazoni butun borliqni karaxt qilganu, u xuddi alahsirayotgan inson ongidagi sarob singari yo‘ltanlamas avtoulovidagi ijodiy jamoamiz idrokini allalayotgandek edi. Biz bir zamonlar qishida tuyani yutgudek qor bo‘ladigan Qo‘shrabotning nisbatan yalang‘och kengliklaridan o‘tib, “Zarmitan” koniga yetib borganimizda qoramtir tusga kirgan osmon oshiqdan arazlagan ma’shuqadek hurpayib olgandi. Guyoki, arazchining o‘pkasi beto‘xtov to‘lib borayobti-yu, ana-mana deguncha yomg‘ir sharros uradigandek edi. Kechikayotgan yog‘ingarchilik shundoq ham tinim bilmas chug‘urchuqlar vujudiga g‘ulg‘ula solgan. Ularning shovqini shundog‘am kamgap shaxtyorlar shuurini cho‘lg‘ab olgan. Konchilardan boshqa hech kimga ma’lum bo‘lmagan hissiyot ta’sirida zarmitanlik shaxtyorlar sukunat og‘ushida erib ketayotgandek edi. Ana shunday oktyabrning so‘nggi manzaralari ostida “Zarmitan” koni ma’muriyati binosiga kirib bordik. Maqsadimiz, konchilar mehnati, ularning orzu-havasi bilan tanishish edi.
Qorong‘ilikka ko‘zlar tez moslashadi
Dastlab, kon boshlig‘i Ilhom O‘sarov bilan uchrashib, tashrifimiz maqsadini aytdik.
- Konda ish to‘xtamaydi, - deya gap boshladi I.O‘sarov. – Chunki ishimiz bevosita harakat bilan bog‘liq. Rahbariyat tomonidan kunlik reja qo‘yilgan. Unga ko‘ra yer ostidan kuniga ikki ming uch yuz tonnadan ortiq ma’dan qazib olishimiz lozim. O‘sha ikki ming uch yuz tonnadan ziyod qazib olingan ma’dan 4-gidrometallurgiya zavodining bir maromda ishlab turishini ta’minlaydi. “Zarmitan” konida ma’dan qazib olish shaxta, ya’ni yerosti kon ishlari usulida amalga oshiriladi.
Yer qa’rida shakllangan ma’danni oltinga aylantirish ishlari bir nechta bosqichdan iborat. Bu jarayonda yuzlab mutaxassis mehnat qiladi. Geologlar ma’dan joyini, uning yotish burchagi, qalinligini aniqlasa, marksheyderlar hududga burg‘ulash nuqtalarini belgilaydi. Skvajinalar yoki shpurlar burg‘ilangach, portlatuvchilar portlatish ishlarini bajaradi, ma’dan haydovchilar tomonidan ulkan va qudratli yer osti texnikalarida shaxtadan tashib chiqiladi. 4-gidrometallurgiya zavodiga jo‘natiladi. Zavodda esa bir necha sexdan o‘tib, yarim tayyor mahsulot ko‘rinishiga keladi.
Hamsuhbatimizning ma’lumotlari bizni qiziqtirib qo‘ydi. Aynan shu qiziqish va ishtiyoq bizni gorizont bo‘yicha 500 metr yerosti tomon yetakladi.
Dastlab, kondagi tibbiyot xodimlari qon bosimimiz va yuragimiz urishini tekshirib ko‘rishdi. Sog‘lig‘imiz tibbiyot xodimlarini qoniqtirdi shekilli, bizni shaxtaga tushish tamoyiliga asosan texnika xavfsizlik tartibi haqida birlamchi tushuncha beradigan xonaga boshlashdi. Konning texnika xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislari esa konga tushish va u yerda rioya etishim kerak bo‘lgan qoidalarni tushuntirdi.
- Aslida, konda ishlash o‘ziga yarasha mashaqqatli va mas’uliyatli, - dedi konning mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Sherzod Tukanov. - Yer ostida har bir harakat va qadam aniq hisob-kitoblarga asoslanadi. U yerda ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘q. Oyoq ostidagi no‘xatdekkina tosh nafaqat siz uchun, balki u yerda mehnat qilayotganlar uchun ham hayot-mamot vositasi bo‘lishi mumkin. Konda shoshqaloqlik yaramaydi. Yer ostida tezlik - sekin, lekin tanafussiz, degani. Bir so‘z bilan aytganda, kon xatoni kechirmaydi. Shuning uchun texnika xavfsizlik qoidalariga to‘liq amal qilishimiz shart.
U yerdan chiqib, maxsus kiyimlar, shuningdek, xavfsizlik uchun kerak bo‘ladigan birlamchi vositalarni qabul qildik. Bu haqda maxsus daftarga qayd etib, imzo ham qo‘ydik.
Shaxtaga maxsus ko‘tarma moslamasi orqali kon muhandisi O‘ktam Abdulahatov hamrohligida tushdik. U yerdan yer osti texnikasida soatiga 20 kilometr tezlikda shaxtyorlar ishlayotgan manzil tomon yo‘l oldik. Yer qa’riga tushish biroz hadikli, qo‘rquvga soladigan tor, zim-ziyo qorong‘ilik. Mashina chirog‘ining xira yorug‘i yer qa’riga singib ketadi. Qorong‘ulikka ko‘zlar tezda moslashadi. Yo‘l-yo‘lakay hamroh – kon bosh muhandisi O‘ktam Abdulahatovga bir qancha savollar bilan yuzlanaman.
- Aytishlaricha, konchilik kasbi dunyodagi eng xavfli o‘nta kasbning biri sifatida tilga olinar ekan.
- To‘g‘ri, - qat’iy ohangda javob berdi kon bosh muhandisi. - Yer ostida ishlash, tor yo‘lakchalar va havo tanqisligi sharoitida mineral toshlarni maydalash – bu har kim ham uddalay oladigan mashg‘ulot emas. Shuning uchun ko‘pchilik bu kasbni tanlashdan cho‘chiydi. Konimizdagi barcha mutaxassislar ayni kasb mashaqqatini yaxshi anglagan holda konchilikni tanlashgan.
- Odatda, og‘ir va mas’uliyatli yumushlarni bajaradigan kasb egalari og‘ir va vazmin bo‘lishadi. Konchilarning bosiqligi kasb mashaqqatliligi sababidandir?
- Bilasizmi, - dedi hamrohim O‘ktam Abdulahatov, - makonning o‘zgarishi zamonning o‘zgarishiga olib keladi. Yer ostida ishlash odamni bosiq va vazmin qilib qo‘yadi. Bu yerda inson idroki tezlashadi. Tepadagi har bir narsaning, hatto siz uchun ahamiyatsiz bo‘lgan cho‘pning ham qadri yer qa’rida o‘n chandon ortadi. Chunki shaxtada vaqt tushunchasi o‘zgaradi. Bu yerda o‘tayotgan har bir soniya insonni hayot haqida idrok qilishga undaydi. Tan olish kerak yer osti olamida yer usti dunyosi yanada qadrli tuyuladi. Bu yerda axloq – yurak oqilligi sanaladi.
Oraga insonni mushohadaga chorlovchi so‘kunat cho‘kdi. Suhbatdoshim O‘ktam Abdulahatov ham, biz o‘tirgan texnikani boshqarayotgan haydovchi ham, yer sathidan qariyb 500 metr pastlikda soatiga 20 kilometr tezlikda harakatlanayotgan texnikada ketib borayotgan kamina ham fikr-xayollarimizga o‘ralashib oldik. Shu zaylda qancha yurganimizni bilmayman. Chunki O‘ktam aka aytganidek, “yer qa’rida vaqt tushunchasi o‘zgaradi”. Bu yerda idrok tezlashib, sen uchun ahamiyatsiz bo‘lgan narsalar haqida mushohada yurita boshlaysan. Ayni payt yoningda bo‘lmagan yaqinlaringni o‘zingcha ideallashtirasan. Masofalar uzoq bo‘lganida hislar yanada avj olishiga iqror bo‘lasan.
Notekis yo‘ldan siltanib, bir maromda harakatimizni davom ettirayapmiz. Kutilmaganda ro‘paramizdan ma’dan ortgan bahaybat transport vositasi paydo bo‘ldi. Tan olaman, meni vahima o‘z domiga torta boshladi. Axir, qariyb 500 metr yer ostida bitta texnika sig‘adigan tuynikda ikkita texnikaning ro‘parama-ro‘para turishi... Bu aqlga sig‘mas holat. Har holda o‘sha paytda. Miyamda nimadir qilish kerak, degan savol o‘ynay boshladi. Savolga javob topish ilinjida hamrohimga yuzlandim.
- Vahimaga erk bermang, - deb meni yupatgan bo‘ldi hamrohim. Biz o‘tirgan mashina tuslay boshladi. - Yer osti qiya lahmida transport vositasi bir tomonlama harakatlanadi. Ma’lum bir uzunlikda qo‘shimcha kon lahmlari mavjud. Bu qarama-qarshi tomondan kelayotgan transport vositasiga yo‘l berish uchun maxsus tayyorlangan. Hozir, biz o‘sha kon lahmiga kirib, ro‘paramizdagi yuk transportiga yo‘l beramiz. Sababi, ulkan mashinalar tog‘ jinslarini ortgan holda yer qa’ridan sekinlik bilan tepaga chiqishi oson emas. Ularning har biri 20 tonnadan 30 tonnagacha tog‘ jinslarini yuqoriga olib chiqmoqda.
Biz o‘tirgan texnika haydovchisi orqaga harakatlanib, yo‘lning chap tomonidagi chetida transpot vositalari bir-biriga yo‘l berishlari uchun hozirlab qo‘yilgan maxsus joyga kirib turdi va yo‘l berganimiz, yerosti transport vositasi o‘tib ketgach, yana yo‘limizda davom etdik. Pastga tushish barobarida qarama-qarshi tomondan kelayotgan transport bir necha bor ana shu yo‘laklarga “berkinib” keyin yo‘lida davom etishiga to‘g‘ri keldi.
Nihoyat, shaxta yo‘lini davom ettirish uchun maxsus perforator bilan yer ostidagi qattiq jismlarni burg‘ulayotgan va portlatish ishlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan konchilar oldiga yetib keldik. Uch-to‘rt kishi o‘z yumushi bilan band. Toshteshar texnikadan chiqayotgan shovqin o‘zi shundoq ham vahimali bo‘lgan shaxta sirliligini yanada oshiradi.
- Geologlar va marksheyderlar tomonidan aniqlangan ma’lumotlar asosida, vertikal hamda gorizontal holatlardagi lahmlarga o‘tiladi – deydi ST-2G markali o‘zi yurar texnika operatori Nosir Abdurapov. - Har oltmish metr chuqurlikda shaxtaning bir-biriga paralel qavat(gorizont)lari joylashadi va dengiz sathidan balandlik metri bilan nomlanadi va o‘sha qavatda tegishli loyiha asosida qazish ishlari amalga oshiriladi. Agarda qirqimiga qaralsa, shaxta ko‘p qavatli mahobatli imoratga o‘xshaydi. Ish vaqtimiz tugagach, uni keyingi smenadagilar davom ettirishadi. Shu tarzda uch smenada uzluksiz ish jarayoni olib boriladi.
Yer qa’ri sirlilik va mukammallik ramzi. Uni tadqiq etishning oxiri, anglashning nihoyasi yo‘qdek. Yer qa’rini tushunish va anglash uchun yillar kamlik qiladi, uni har kim o‘zicha talqin etadi. Faqat bir narsa aniqki, shaxtyorlarning qalbi va kon o‘rtasida ko‘rinmas ip bor: seni istak va xohishlaring tuynuk tomon chorlaydi, yer qa’ri uzra tortadi. Fikrlar moddiylashishi, niyatlar ro‘yobi aniq ekan, har bir xayol va orzu uchun mas’uliyatni his etasan - o‘zing va kon oldidagi mas’uliyatni.
- Olayotgan maoshingiz ro‘zg‘oringizga yetadimi?
- Xudoga shukur! Ro‘zg‘orim obod, egnimiz but, qozonimiz qaynab turibdi, - dedi Nosir Abdurapov. - Mashaqqatli mehnatimizga yarasha maoshlarimizni o‘z vaqtida olib kelyapmiz. Har yili salomatligimni mustahkamlash uchun sihatgohlarda dam olaman. Mavsumiy maxsus ish kiyimlari bilan ta’minlanganman. Ehtiyojimdan kelib chiqib, moddiy yordam ham berib turishadi. Issiq ovqat bilan ta’minlashadi. Nafaqat mening, balki butun oilamning salomatligi muntazzam nazoratda. Bu ishlarning barchasi kombinat hisobidan amalga oshiriladi. Shu ish ortidan uy qurdim, to‘y qildim. Farzandlarimni oliy ma’lumotli va uyli-joyli qildim. Oddiy o‘zbek oilasi butligigiga shularning o‘zi yetarli bo‘lsa kerak.
Portlash ishlari yakuniga yetgach, ma’danlar maxsus transport vositalari va yer osti minivagonlarda yer ustiga olib chiqiladi. U yerdan 4-gidrometallurgiya zavodiga tashiladi.
- Ayni paytda “Zarmitan” konida 1 ming 700 nafardan ortiq ishchi-xizmatchi faoliyat olib bormoqda, - deydi kon bosh muhandisi. - Kon 5 ta tik stvol, ya’ni 3 ta asosiy va 2 ta yordamchi stvollar hamda bir dona qiya stvol bilan ochilgan. Qiya va asosiy stvollar asosan shaxtani shamollatishga, tog‘ jinslarini yuqoriga – yer yuzasiga chiqarishga, ishchilarning shaxtaga tushib-chiqishi, asbob-uskunalar, materiallarni tushirib chiqarishga xizmat qiladi.
- Tushunarli, lekin meni bir narsa qiziqtirmoqda. Yuzlab metr yer ostida ishlayotgan konchilarni toza havo bilan ta’minlash lozim. Chunki yer qa’riga qanchalik chuqur tushsangiz havo shunchalik siyraklashib boraveradi.
- Toza havo oqimi shaxtaga “Asosiy” va 10-sonli shaxta stvollari orqali yuboriladi va ishlatilgan havo 3-sonli va “Skipli” stvollar hamda qiya stvol orqali yer yuziga chiqarib yuboriladi, - dedi hamsuhbatim. - Bilasizmi, har qanday shaxtada havo so‘rg‘ich va purkagichlar bo‘ladi. Shu jumladan bizda ham.
2011 yilda 11 ming metr kon lahmlari qazib o‘tilgan bo‘lsa, 2025 yilning bugungi kuniga qadar 22 ming metr kon lahilari qazildi. Yer osti kon lahmlarini qazib o‘tish ishlari oltin ma’dani qazish ishlari bilan parallel ravishda olib borilmoqda. Joriy yilda yer ostidan oltinli ma’danni qazish hajmini 830 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Aslida bekorchi odam to‘kis baxtni his qila olmaydi, uning yuzida hamisha norozilik va hafsalasizlik alomatlarini ko‘rasiz. Bugun “Zarmitan” konida 360 metrlik yer qa’rida 6 soatu 36 daqiqa tinim bilmasdan mehnat qilayotgan qahramonlarimiz yuzida norozilik va hafsalasizlik alomatlarini ko‘rmadim. Chunki konda har bir kunning o‘z masalalari bo‘ladi, ularni birin-ketin yechib, shaxtyor olg‘a qadam tashlayveradi. Shaxtyorlar ishining jozibasi ham ana shunda.
- Bugun yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar shiddat bilan amalga oshirilmoqda. Bundan hech bir korxona va shaxs chetda qolayotgani yo‘q. Shu jamiyatning bir bo‘g‘ini sifatida sizlar mehnat qilayotgan konda islohotlar qay yo‘sinda amalga oshirilmoqda?
- Albatta, bu jarayondan biz ham chetda qolganimiz yo‘q, - dedi “Zarmitan” kon bosh muhandisi O‘ktam Abdulahatov. - Chunki biz ham jamiyatning bir bo‘g‘inimiz. Yaxshisi, faktlarga tayanaylik. 2011 yil konda 1 ming 100 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qilgan bo‘lsa, hozir 1 ming 700 nafardan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilmoqda. O‘sha yili 640 ming tonna ruda qazib olingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilga kelib 830 ming tonna yoki ruda qazib olish 2011 yilga nisbatan qariyb 1,3 marta ko‘paydi. Joriy yil konda nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyoda yagona “Skipli” stvol muhandislik inshooti foydalanishga topshirildi. “Zarmitan konining quyi gorizontlarini o‘zlashtirish” investitsion loyihasi doirasida barpo etilgan mazkur muhandislik inshoot ma’dan tashish unumdorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish bilan birga 90 ta yangi ish o‘rni va korxona uchun qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini berdi. Undan keladigan yillik iqtisodiy samaradorlik 19 milliard 200 million so‘m, deb baholanmoqda. Masalan, faqat tog‘ jinslarini yer yuzasiga chiqarishga mo‘ljallangan skipli stvol yordamida bir sutkada 3 ming 835 tonna ma’dan yer ostidan yer sathiga olib chiqilmoqda. Bir yilda bu ko‘rsatkich 1 million 400 ming tonnani tashkil etadi. Qurilma elektr energiyasi hisobiga ishlagani bois, ekologik jihatdan atrof-muhitga mutlaqo salbiy ta’siri yo‘q. Muhimi, vaqt sarfi va yoqilg‘i materiallari 60-70 foizgacha iqtisod qilinadi.
- Sir emas, konchilik va metallurgiya texnologiyasi asosan xorijda ishlab chiqariladi. Bugungi geosiyosiy vaziyat sabab nafaqat bizda, balki dunyo bo‘ylab uskuna va qismlar bilan ta’minlash logistikasida sezilarli qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Bu boradagi qiyinchiliklar kon ish faoliyatiga ta’sir qilmayabdimi?
- Bu borada hukumatimiz va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan maxsus dasturlar ishlab chiqilgan. Bu borada to‘xtalmoqchi emasman. Lekin bevosita shu konda ishlayotgan xodim sifatida aytmoqchiman: kombinatimizda Navoiy mashinasozlik zavodining qo‘li go‘l ishchi-xodimlari tomonidan import o‘rnini bosuvchi sifatli, ham arzon mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, konda mahalliylashtirish jarayoni zamon bilan hamnafas olib borilmoqda, - dedi kon bosh muhandisi.
Safarimiz ham poyoniga yetib, uyga qaytish vaqti bo‘ldi. Kon bosh muhandisi O‘ktam Abdulahatov bilan “Zarmitan” konining notekis yo‘lidan siltanib, bir maromda harakatimizni davom ettiryapmiz. Nihoyat ro‘paramizdan yorug‘lik ko‘rindi. Bu siz o‘ylayotgan chiroq emas, yorug‘ olamni quchog‘iga olgan nur edi.
Mansur HUSANOV.