“Ishbilarmon ayol” qanday bo‘lishi kerak?

O‘zLiDeP tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan tanlovda shu savolga oydinlik kiritilmoqda.
Tanlovning viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichlarida ishtirok etgan 370 nafar tadbirkor, fermer, hunarmand, ishlab chiqarish sohasi vakillaridan 16 nafari o‘z imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
Bu jarayonda ishtirokchi xotin-qizlarning zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali yangi ish o‘rini yaratgani, eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqargani, aholiga xizmat ko‘rsatishni qay darajada yo‘lga qo‘ygani, partiya tomonidan tashkil etilayotgan tadbirlardagi faolligi, o‘z faoliyatida uchrayotgan to‘siq va g‘ovlarni qay darajada bartaraf eta olayotganiga e’tibor qaratildi.
- Bugun viloyatda 22 mingdan ortiq kishi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, ularning 3 mingga yaqini xotin-qizlardir, - deydi O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi ayollarning siyosiy faolligini, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi boshlig‘i M.Chuliyeva. –“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi ular safini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Negaki, tanlov orqali yangi-yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilib, aholi farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan shijoatli, tashabbuskor xotin-qizlar kashf etilmoqda. Shu orqali zamonaviy ishbilarmon ayollar qiyofasi yaratilyapti.
Tanlov hay’ati yakuniy xulosasiga ko‘ra, 1-o‘rinni Urgut tumani “Davlatbek nurli dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari Muqaddas Abdullayeva egalladi. 2-o‘rin Qo‘shrabot tumani “Qo‘rg‘on jilvasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Rohila Ne’matovaga, 3-o‘rin Narpay tumani ”Yulduz savdo” xususiy korxonasi rahbari, “Oqtosh ko‘zmunchoqlari” nodavlat notijorat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Shoira Turdiboyevaga nasib etdi.
- Bugungi kunda 55 nafar xotin-qizlar bilan ishlab chiqarayotgan kondeter mahsulotlarimizni xorijiy davlatlarga ham eksport qilamiz, -deydi tadbirkor Muqaddas Abdullayeva. – Bundan tashqari, 16 gektar yerga intensiv uzumzor, g‘alla, tamaki, sabzavot ekinlari, olmazorlardan yuqori hosil olish bilan bir qatorda, bankdan 500 million so‘m kredit olib, intensiv uzumzorlarni kengaytirish, issiqxonada meva-sabzavot yetishtirish choralarini ko‘ryapmiz. Qolaversa, shpaler, sim to‘qima ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymokdamiz. Yangi loyiha hisobidan yana 10 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Tanlov g‘oliblari partiya viloyat kengashi tomonidan munosib taqdirlandi. Ular respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladi.
O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi axborot xizmati.