Ishchi guruh: Har bir xonadonni obod qilish harakatimizga bog‘liq

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, pandemiya  oqibatlarini yumshatish hamda xalqimizning kayfiyatini ko‘tarish, og‘ir sharoitda yashayotgan oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish kabi ezgu maqsadlar bilan “Jonajon yurtim obodligiga o‘z hissamni qo‘shaman” shiori ostida dolzarb uch oylik e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 2020 yil iyun–avgust oylarida “Obod mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xonadonlar va ko‘chalarni obod hamda ko‘rkam qilish bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi. Xonadonlarda “maishiy madaniyat”, “namunaviy xonadon” targ‘ib qilinadi. Ehtiyojmand va kambag‘al oilalarning xonadonlarini ta’mirlash, tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha hasharlar uyushtiriladi, nuroniylarning ijtimoiy faolligi oshiriladi. Hududlarda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” ko‘rik-tanlovlari tashkil etiladi.

Bu vazifalarni amalga oshirish uchun Respublika ishchi guruhi tuzildi va guruh a’zolari hududlarda ish boshladi.

Jumladan, Samarqand viloyatida ham Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bosh mutaxassislari – ishchi guruh a’zolari M.Bo‘riyeva hamda G.Asqarova viloyat shtabi a’zolari bilan birgalikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarni muhokama qilib, tuman va shaharlarda xonadonma-xonadon yurishga kirishdi.

– Kecha Samarqand tumanidagi mahallalarda o‘rganish ishlarini olib borgan ishchi guruh xonadonlarda aholi turmush tarzi bilan tanishdi. Ularni qiynayotgan masalalar, muammolar eshitilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilandi, – deydi Samarqand viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Jumayeva. – Har bir oila bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ishlab chiqildi. Shu tarzda viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Bahordagi kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Dehnav mahallasida yashovchi A.Abdurahimovning hovlisini suv bosgan va uyi avariya holatiga tushib qolgan. Mahalla tomonidan ushbu xonadonga 2 oyga yetadigan oziq-ovqat, pul mablag‘i, 4 tonna sement va boshqa qurilish materiallari yordam tariqasida berildi. Uyni mahalla ahli bilan hashar uyushtirib qurishni zimmasiga oldi.

Rajabamin mahallasida yashovchi S.Achilovning turmush o‘rtog‘i saraton kasalligi sababli 35 yoshida vafot etgan. Uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bor. Ushbu oilaga karantin davrida mahalla homiylari tomonidan bir necha marotaba oziq-ovqat mahsulotlari hamda pul mablag‘i yetkazib berilgan. Ishchi guruh bu oilaning uy-joyini ta’mirlash zarurligini qayd etib, zarur chora-tadbirlar belgiladi.

Ravonak mahallasida yashovchi K.Nabiyevning xonadonida 3 nafar nogiron erkak bor. Ularga oila ayoli va uning 17 yosh qizi qaraydi. Ushbu xonadondagi vaziyat ham chuqur tahlil etilgan holda oilaga 40 dona tovuq ajratishga qaror qilindi. Hovlidagi yordamchi binolar hashar yo‘li bilan ta’mirlanadigan bo‘ldi.