Viloyatda xotin-qizlar bandligi bilan bog‘liq ishlar senator ishtirokida muhokama qilindi
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Ma’rufova Zoom platformasi orqali Samarqand viloyati, tuman va shahar hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Xalq bankining hududiy filiallari, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari rahbarlari, “Hunarmand” uyushmasi vakillari bilan muloqot o‘tkazgan.
Unda joriy yil 6 oyi davomida viloyatda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularni o‘qitish masalalari tahlil qilingan.
Ta’kidlanganidek, viloyatda ishsiz va ishlash istagidagi xotin-qizlar bilan ishlash borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, viloyat bo‘yicha ayollar tadbirkorligi loyihalarini moliyalashtirish uchun 81,7 milliard so‘m ajratish belgilangan. Joriy yilning o‘tgan 6 oyida 6 925 ta loyiha uchun 106 miliard so‘m safarbar qilingan.
Biroq ayrim hududlarda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash borasidagi ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida 133 nafar, Jomboy tumanida 28 nafar ayolning bandligi ta’minlanmasdan qolgan.
Bundan tashqari, viloyatda ishlash istagini bildirgan xotin-qizlarning 75,6 foizi bandligi o‘zini o‘zi band qilish orqali, doimiy ish bilan esa ularning bor-yo‘g‘i 14 foizi ta’minlangan. Shuningdek, 7,1 foizi uzoq muddatga yer ajratish orqali dehqon xo‘jaligida ish bilan ta’minlangan.
Viloyatda 22681 nafar xotin-qizni kasb-hunarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish rejalashtirilgan, ammo ularning atigi 60,2 foizi qamrab olingan.
Muloqotda yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashilib, senator tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.