Ishtixon, Paxtachi, Narpay va Qo‘shrabotda 100 gektardan intensiv bog‘ va uzumzor barpo etiladi
2021 yilda yangi meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali meva-sabzavot ekin maydonlarining 65-70 foizi klasterlarga biriktirilib, eksportbop mahsulot yetishtirish tashkil etiladi.
2021-2022 yillarda viloyatimizda foydalanishdan chiqqan va lalmi, yaylov yerlarda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilgan holda 7 ming gektar maydonda yangi mevali bog‘ va 8 ming gektar maydonda uzumzorlar barpo etiladi.
Viloyatimizda Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi “Agroservis operator” DUKning hududiy bo‘limi tashkil etilib, 2021-2022 yillarda Ishtixon, Paxtachi, Narpay va Qo‘shrabot tumanlarida 100 gektardan intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etib, “tayyor holda topshirish” mexanizmi asosida tadbirkorlarga beriladi.
Joriy yil yakunigacha “in-vitro” laboratoriyasi mavjud xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bilan shartnoma tuzish asosida “in-vitro” sharoitida yetishtirilgan payvandtaglardan qududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan virussiz intensiv meva va uzum ko‘chatlarini tayyorlash uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 10 milliard so‘m ajratiladi.
Mahalliy sharoitda “in-vitro” usulida ko‘chat tayyorlashning innovatsion tizimini joriy qilish va tadbirkorlar tomonidan ushbu mahsulotlarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratiladi.