Dasht hududlarida pista-bodom plantatsiyalari yaratish zarurligi aytilmoqda

Dasht hududlaridagi mahallalarning asosiy drayveri chorvachilik, bog‘dorchilik va lalmikor dehqonchilik hisoblanadi. Biroq yildan-yilga mavjud ekin maydonlari, yaylovlardan samarasiz foydalanish oqibatida ularning holati juda ayanchli ahvolga kelib qolgani, o‘simlik qatlamining yo‘qolib borishi ekologiyaning keskin o‘zgarishiga, chang bo‘ronlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda.

Xalq deputatlari Payariq tumani kengashi deputati, “Nakurt” MFY raisi K.O‘ralov pista-bodom plantatsiyalari yaratish zarurati, uning aholi daromadiga ta’siri haqda o‘z tahlil va mulohazalarini bildirdi:

“Dasht hududlarida joylashgan aholi tomorqalaridagi bo‘sh turgan yerlar, ekin maydonlari, yaylovlarning holatini yaxshilash, yo‘qolib borayotgan o‘simlik dunyosini qayta tiklash va “Yashil makon”ga aylantirish uchun qir-adirlar, toshloq yerlarda pista-bodom plantatsiyalarini yaratish istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Chunki pista daraxti qurg‘oqchilikka (donagidan ekilsa, umuman suv kerak emas), sovuqqa chidamli (may oyida gullaydi), kam xarajat va shifobaxsh (1 kilogramm pistaning narxi 120 ming so‘m), uzoq umr ko‘radi.

Bugungi kunda pistaning asosiy eksportchilari bu Eron va Turkiya. Bu davlatlarda juda katta pista plantatsiyalari mavjud. Aslida pista dastlab O‘rta Osiyoda tarqalgan bo‘lib, keyinchalik o‘txo‘r hayvonlarning ko‘payishi, o‘sib yetilish davrining uzoqligi tufayli qirilib ketgan va faqatgina muhofaza qilinadigan hududlardagina saqlanib qolgan. Masalan, bizning Nakurt mahallamizdagi Bodomcholi qishlog‘ida joylashgan «Pistali ota» qabristoni atrofida tabiiy sharoitda tarqalgan ko‘p yillik yovvoyi pista daraxtlari bor.

Dasht hududlarida pista-bodom plantatsiyalari yaratishni bosqichma-bosqich amalga oshirib, birinchi bosqichda aholi xonadonlaridagi muhofazalangan bo‘sh yerlar, fermer xo‘jaliklariga qarashli ekin maydonlarining 5 foiziga, mavjud yaylovlarning 10 foiziga ekish uchun kerak bo‘ladigan pista va bodom urug‘lari zaxirasini shakllantirish, ularga kimyoviy ishlov berib sifatli ekilishini va muhofaza to‘siqlari o‘rnatilishini nazoratga olish zarur.

Muhofazalangan hududlarda ekilgan, lekin ko‘karmay qolgan urug‘lar o‘rnini to‘ldirib borish maqsadida har bir mahallada hosildor pista, bodom, chilonjiyda kabi qurg‘oqchilikka chidamli ko‘chatlarni tuvakchalarda yetishtirish uchun issiqxonalar tashkil qilish maqsadga muvofiq. Bularning barchasi ishsiz aholini ish bilan ta’minlab, qaqrab yotgan dasht hududlarini haqiqiy yashil makonga aylantirish imkoniyatini beradi”, deydi deputat o‘z mulahazasida.