Konchining Samarqanddan olib ketgan ko‘chatlari bugun bog‘ bo‘ldi
Yaqinda bir kishi Markaziy kon boshqarmasi 2-gidrometallurgiya zavodi ishchisi Orzubek Shodiyev Zarafshon shahrida intensiv bog‘ yaratgani haqida to‘lqinlanib gapirib qoldi. Bu e’tirof bizda ham bog‘ni ko‘rish ishtiyoqini uyg‘otdi. Chunki tabiati injiq, yozi jaziramali, qishi qahraton keluvchi bu hududda bog‘ yaratish, nihol o‘stirishning o‘zi katta jasorat.
Dehqonchilik Orzubekning qonida bor. Xudo rahmatli padari buzurukvori Bahodir bobo elda dovruq qozongan usta dehqonlardan biri edi. Umri davomida yer bilan tillashib, bog‘-rog‘lar yaratgan inson bo‘lganini hozir ham xatirchiliklar gurunglarda ko‘p eslashadi. Qahramonimiz bolalik kezlaridan otasi ko‘magida dehqonchilikning ancha-mo‘ncha hadisini oldi. Rahmatli onasi Buvixol momo yonida to‘qqiz qiz va bir o‘g‘il qishloqqa xos hayot tarzida uy yumushlarini o‘rganib, ulg‘aydi. Keyinchalik taqdir taqozosi Orzubekni Zarafshon shahriga yetakladi. Tanlagan kasbi ortidan 2-gidrometallurgiya zavodiga ishga joylashdi. Shundan buyon shuhratli korxonada mehnat qilib kelayapti.
Orzubek shaharda yashasa-da, lekin doim bog‘ yaratishni orzu qilardi. Bu ishtiyoq tunu kun unga tinchlik bermasdi. Ulug‘ niyatlar uni xayrli ishga yetaklardi. Bir voqelik istaklar ro‘yobiga katta to‘rtki bo‘ldi. 2017 yilning so‘nggi kunlarida yaqin o‘rtog‘ini shahar tashqarisidagi dala-hovlisiga tashlab qaytayotgan Orzubek biroz sershovqin shahardan xoli havodan to‘yib-to‘yib olish uchun yo‘l chetiga to‘xtadi. Bir zum atrofga boqdi. Shunda uning qarovsiz, tashlandiq joy diqqatini tortdi. Yaqin atrofda qo‘y-qo‘zi boqib yurgan kishi oldiga borib, undan bu joy kimga yoki qaysi tashkilotga tegishli ekanligini so‘radi. Qo‘ychuvon ham to‘lib turgan ekanmi, birdan arzihol qila ketdi. Bu joyga har kuni odamlar, mashinalar ochiqdan-ochiq chiqindi tashlab ketayotgani, hudud chidab bo‘lmas antisanitariya holga kelib qolganini, qarovsiz ekanligini kuyunchaklik bilan gapira ketdi. Orzubek go‘yoki xazina topgandek bo‘ldi. Axir, odam qo‘li gul. Yerga mehr berib, obod qilish mumkin. Mana shunday qalb tug‘yonlari unga shu kecha tinchlik bermadi...
Ertasi kuni shahar hokimligiga bordi. Mas’ullarga maqsad-muddaosini tushuntirdi. Kimdir yaxshi tashabbus deya qo‘llab-quvvatladi, kimdir bu yerda bog‘ yaratib bo‘larkanmi, degan e’tirozlarni bildirdi. Afsuski, bunday vajlar uni niyatidan to‘xtata olmadi. Chunki yuragidagi ishtiyoq faqat yaratuvchanlikka da’vat etardi. Ancha yugur-yugurdan so‘ng mahalliy hokimlik 2018 yilda unga bir yarim gektar yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini qabul qildi. Bu erta bahor edi. Orzubek yeng shimarib, ishga kirishdi. O‘z sarmoyasidan yerni tekislatdi, ishchi va texnika kuchlarini jalb qildi, yerni chiqindilardan tozaladi. Ming mashaqqat bilan yerni ancha obi-tobiga keltirdi. Bu paytda yaqinlari, hamkasblari ham qarab turmadi. Ko‘makka keldi. Qarabsizki, tashlandiq joy tuppa-tuzuk obod manzilga aylandi.
Qahramonimiz ishni boshlashdan oldin usta bobodehqonlar, mutaxassislardan maslahat oldi. Ular tavsiyasi bilan Samarqand shahridagi ilmiy-tekshirish institutiga bog‘ yaratishni mo‘ljallagan tuproqdan namuna olib bordi. Institut vakillari tahlildan so‘ng bog‘ tuprog‘ini unumdoriga almashtirish kerakligini tavsiya etishdi. Bu pallada tabiat endi o‘yg‘onish davriga kirgandi. Afsuski, olimlar aytgan yumushni amalga oshirish oson emas, ancha vaqt talab etardi. Buni tezlik bilan bajarish uchun texnika, ishchi kuchi, katta sarmoya kerak edi.
Orzubek ana shunday tashvishlar bilan yurgan kunlarning birida kutilmaganda dala boshiga Markaziy kon boshqarmasining sobiq direktori Otabek Mustaqimov kelib qoldi. Uning ishi bilan tanishdi, rejalarini tingladi, muammolarini eshitdi. Shunda u kishi unga amaliy yordam ko‘rsatishini aytdi. Telefon orqali kimlargadir topshiriq berdi. Kutilmagan bunday omaddan sohibkorning boshi osmonga yetdi. Hech qancha vaqt o‘tmasdan, qudratli texnikalar, hamkasblar ko‘makka keldi. Ishonasizmi, ikki kunda katta maydon to‘la nihol qadash uchun shay holga keltirildi. Bundan ruhlangan Orzubek Samarqandga qarab yo‘l oldi. Ko‘chatchilikka ixtisoslashgan manzildan besh xil turdagi intensiv, hosildor olma ko‘chatlarini xarid qildi. Hashar yo‘li bilan 2018 yilning 8 mart kuni yerga to‘la nihollarni qadashga muvaffaq bo‘ldi. Mana shu kundan boshlab qahramonimiz otameros kasbini davom ettirib kelayapti. Birinchi yildanoq boqqa ekilgan ko‘chatlarning qariyb barchasi tutib ketdi.
Faoliyati davomida bog‘ga kon boshqarmasi, shahar hokimligi ko‘magida elektr energiyasini tortish, suv keltirish masalasini hal etdi. Mana uch yildirki, Orzubek oilasi bilan yerga, ko‘chatlarga mehr bag‘ishlab kelyapti. Zahmatli mehnat ortidan ko‘chatlar yetilib, shundoq shahar jamoliga tarovat bag‘ishlab turgan, havas qilsa arzigulik haqiqiy bog‘ga aylandi. Quvonarlisi, bu yildan boshlab intensiv bog‘ shig‘illab hosilga kirdi. Quyosh nurida aks etgan olmalarni ko‘rib ko‘nglingiz yayraydi. Mirishkorlar nasib bo‘lsa, olgan hosilining bir qismini bozorga chiqarib, yurt ma’murchiligiga hissa qo‘shish, elga ulashish istagida.
Darvoqe, Orzubek Shodiyev ko‘p yillardan buyon 2-gidrometallurgiya zavodida chilangar vazifasida ishlaydi. O‘z kasbining ustasi. Mehnatsevarligi orqasidan jamoada hurmat topganlardan. Turmush o‘rtog‘i Gulbahor Mamirova esa pedagog. Ayni paytda shahardagi 13-umumta’lim o‘rta maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga saboq beradi. Lekin ular har kuni ishdan so‘ng bog‘iga shoshiladi. Ko‘chatlarni parvarishlaydi, oraliq ekinlariga ishlov beradi, sigir sog‘adi, ko‘rkalarga don-do‘n beradi. Bu ularning odatiy, sevimli ishiga aylanib qolgan. Bu ishlarda farzandlari Sarvinoz va Gavharoylar ham yaqin dastyor.
- Dadamiz tabiatan bir so‘zli odam. Aytganidan qaytmaydigan. Bundan uch yil burun to‘lib-toshib kelib qoldi. Bir joyni ko‘rib kelganini, o‘zlashtirib bog‘ qilishini aytdi. Shunda, qo‘ying dadasi Xudoga shukr birovdan kam emasmiz, ikkimiz ham ishli bo‘lsak, ortiqcha tashvish kimga kerak dedim, - deydi G.Mamirova biz bilan suhbatda. - Shunda Orzubek akani baribir ahdidan qaytara olmasligimni sezdim. Taqdirga hay berib, oilamiz bilan yerga mehrimizni bag‘ishladik. Mehnatimiz mahsuli asta-sekin ko‘zni quvontirgulik darajada ko‘rina boshladi. Bog‘ ikkinchi uyimizga aylandi. Har kuni ishdan so‘ng bog‘imizga shoshilamiz. Ammo har gal Orzubek akani o‘sha paytda niyatidan qaytarishga uringan kunimni eslasam xijolat bo‘laman.
Orzubek aka bog‘dorchilik bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Tadbirkorligini keng tarmoqli xo‘jalikka aylantirish harakatida. Shu maqsadda hozirgacha chorvachilik, qo‘ychilik, parrandachilik kabi ishlarni yo‘lga qo‘ygan. Chet eldan keltirilgan zotdor mollar har biridan bugun o‘rtacha 30 litrdan sut olib, aholiga ulashmoqda. Kelgusida tadbirkorligini yanada kengaytirish niyatida.
Bir so‘z bilan aytganda, orzulari sari intilishda davom etayotgan hamkasbimiz Orzubek Shodiyev yaratgan bog‘ bugun hosilga kirib, hududga o‘zgacha tarovat bag‘ishlab, el-yurt ma’murchiligiga xizmat qilmoqda.
Abdumajid JO‘RAYeV,
jurnalist.