Isitish mavsumi boshlandi, shtablar tunu kun ishlashi kerak

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov viloyat hududida ijtimoiy soha ob’yektlari hamda turar-joy binolarini isitish mavsumi 2022 yilning 24 oktyabr kunidan boshlanishi to‘g‘risida farmoyish qabul qildi.

Farmoyishda shahar va tumanlar hokimliklari, viloyat ijtimoiy soha tashkilotlari va kommunal soha korxonalarida 2022 yil 24 oktyabrdan boshlab kechayu-kunduz ishlovchi shtablarni tashkil qilish vazifasi belgilandi.

Kommunal soha korxonalari va mahalliy hokimliklarga ijtimoiy soha ob’yektlariga va aholi yashash uy-joylariga, “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi tizimidagi isitish qozonxonalariga uzluksiz hamda bir me’yorda tabiiy gaz, elektr energiyasi quvvati yetkazib berilishini ta’minlash, tabiiy gaz yetib bormaydigan aholi punktlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash vazifalari yuklatildi.

2022 yil 1 noyabrga qadar ijtimoiy soha muassasalariga, 1 dekabrga qadar viloyat aholisiga ajratilgan ko‘mir mahsulotlarini to‘liq yetkazib berish belgilandi.