Islohotlar samarasi milliy statistikaning haqqoniyligiga bog‘liq

Yurtimizda barcha tarmoqlar qatori statistika sohasini ham tubdan isloh qilish bo‘yicha bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Keyingi yillarda sohaga zamonaviy innovatsiya, ilg‘or axborot kommunikatsiya texnologiyalari, yangi metodologiyalarni joriy etish jadallashdi.
Buni ayrim jarayonlarda ko‘rishimiz mumkin. Statistik axborotlarni ob’yektiv va shaffof shakllantirish maqsadida birgina 2019 yilda narxlar va tariflar statistikasi bo‘yicha oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari hamda xizmatlar narxlarini tanlanma kuzatuv ma’lumotlari elektron qurilmalari (planshetlar)da kuzatish boshlandi. Yoki 2020 yildan boshlab uy xo‘jaliklarining turmush darajasi bo‘yicha o‘tkaziladigan statistik kuzatuvlar ham elektron qurilmalar yordamida tashkil etilmoqda.
Natijalar ham shunga mos: 2019 yil yakuniga ko‘ra, mamlakatimiz xalqaro statistika salohiyati indeksi bo‘yicha 64,4 ballni qayd etib, reytingda 124 o‘rindan 84 o‘ringa ko‘tarildi.
Prezidentimiz joriy yilning 1 iyun kuni milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalar ekan, milliy statistika ma’lumotlari qanchalik haqqoniy va ochiq bo‘lsa, uning asosida olib boriladigan davlat siyosati ham shunchalik to‘g‘ri va adolatli bo‘lishini ta’kidladi.
Bugun statistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha haqiqatan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada inflyasiyani hisoblash usuli xalqaro standartlarga moslashtirildi, kuzatuvdagi tovarlar tarkibi kengaytirildi. Davlat byudjeti, tashqi qarz, oltin zaxirasi va tabiiy boyliklar haqidagi moliyaviy ko‘rsatkichlar ochiq e’lon qilinmoqda. Ammo Prezidentimiz ta’kidlaganidek, statistik kuzatuv ma’lumotlarining yarmi qog‘oz shaklida to‘planayotgani, ularni tahlil qilishda 20 yil avval joriy etilgan dasturiy ta’minotdan foydalanilayotgani sohadagi kamchiliklarimizdan hisoblanadi.
Mazkur muammolarni hal etish maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi Jahon banki bilan hamkorlikda “Statistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha strategiya” ishlab chiqdi. 2019 yilning may oyida boshlangan mazkur jarayonda nafaqat Davlat statistika qo‘mitasi, balki respublikamizning deyarli barcha manfaatdor vazirlik va idoralari faol ishtirok etdi. 2019 yilning noyabr va dekabr oylarida loyiha muhokamasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil qilinib, xorijiy tashkilotlar ekspertlarining taklif va mulohazalari asosida strategiya yanada takomillashtirildi.
Bugungi kunda ushbu strategiya asosida statistika faoliyatini tashkil etish infratuzilmasi jahon andazalariga moslashtirilmoqda. Ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va taqdim qilish infratuzilmasiga ilg‘or AKTi amaliyoti keng joriy etilyapti.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda soliq va statistika idoralari o‘rtasida avtomatlashgan axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali inflyasiyani hisoblash xarajatlarini keskin qisqartirish mumkinligini alohida ta’kidladi. Chindan ham, barcha sohalarda raqamli texnologiyalar joriy etilayotgan bugungi davrda statistik ma’lumotlar almashinuvini to‘liq elektronlashtirish talab etiladi. Hozirda mazkur vazifani amalga oshirish, xususan, davlat statistika hisobotlarini onlayn qabul qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘mitada yangi avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, 2025 yilga qadar qo‘mita va boshqa statistik ma’lumotlarni ishlab chiqaruvchi vazirlik va idoralarning mukammal ma’lumotlar bazasi yaratiladi.
Shuningdek, “Statistika sohasini rivojlantirish strategiyasi” asosida tizimni zamon talablariga moslashtirishga mo‘ljallangan uslubiy asoslar ham tahlil qilinib, yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Sifatni boshqarish dasturi (DatCam) va biznes-jarayonlarni boshqarishning xalqaro e’tirof etilgan modellari (GAMSO va GSBPM modellari) amaliyotga keng joriy qilinadi. Natijada, mamlakatimiz haqidagi statistik ma’lumotlarning ishonchliligi va shaffofligi darajasi yanada ortadi.
Ushbu strategiya hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish milliy statistika tizimining me’yoriy-uslubiy asoslarini xalqaro andazalarga moslashtirish, amaldagi statistik ko‘rsatkichlar sifatini oshirib, mavjud bo‘lmaganlarini shakllantirish, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarimizning xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinishi turli xalqaro reytinglardagi pozitsiyamizni to‘g‘ri va to‘liq aks ettirish imkonini beradi.
Soatali ABIRAHMATOV,
viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i.