“Islohotlar shtabi” hududlar istiqbolini belgilaydimi?

Prezidentimiz raisligida joriy yil 16 iyun kuni islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida joylarda soha mutasaddilari va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi” tuzilishini bildirgandi.
U orqali mahallalar kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlanadi. Kelgusi yil uchun byudjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.
Narpay tumanida 230,5 ming aholi, 57 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 38,5 ming xonadon bor.
Tuman yo‘lbo‘yi infratuzilmasi, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati hamda meva-sabzavotni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan.
Ushbu tumanda tuman hokimi rahbarligida tashkil etilgan shtabga hokim o‘rinbosarlari, tumandagi ta’lim, tibbiyot, kommunal soha, mahalla, bandlik, soliq, tijorat banklari, mahalla, yoshlar va boshqa idoralarning hamda 53 ta mahallaga biriktirilgan tashkilot rahbarlari jalb qilingan.
- Shtabning asosiy vazifasi tumanni strategik rivojlantirish hisoblanadi, - deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi, shtab kotibi Sardor Arziqulov. – Bunda iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Strategik islohotlar agentligi, boshqa ilmiy-tadqiqot va “aql markazlari” hamda xorijiy konsalting kompaniyalarining tahlillari asosida tumanda aholi va tadbirkorlar ko‘tarayotgan muammo va takliflar, ishga solinmagan zaxiralar, shuningdek, har bir mahalla kesimida mavjud imkoniyatlar va “o‘sish nuqtalari” o‘rganiladi. Alohida tanlangan hududlarda “o‘sish nuqtalari” (agroturizm, xizmat ko‘rsatish, sanoat zonalari, turarjoy komplekslari, xususiy klinikalar) asosida master-rejalar ishlab chiqiladi.
“Islohotlar shtabi”ning tuman kotibiyati, ya’ni bizga uch oyda tumanning har bir mahallasi kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlash vazifasi topshirilgan. Bunda aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgan 5 ta asosiy masalaga ustuvor ahamiyat beryapmiz. Ya’ni, urbanizasiya va uy-joy, kommunal va yo‘l-transport infratuzilmasi, istiqbolli loyihalar, sanoat zonalari va daromadli ish o‘rinlari, ijtimoiy soha ob’yektlari, bozorlar va savdo-ko‘ngilochar komplekslarini rivojlantirishga e’tibor qaratyapmiz. Har bir mahalla kesimida xomashyo bazasi, mehnat resurslari, infratuzilma ta’minoti, logistika tizimi va “o‘sish nuqtalari”ni o‘z ichiga oluvchi “Biznes xarita”lar ishlab chiqilmoqda. Tumanda aholining yashash sharoitini tubdan o‘zgartira oladigan, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar hajmlarining oshishiga yordam beradigan istiqbolli loyihalar shakllantirilmoqda.
Tumanimizdan yirik avtomobil yo‘li o‘tganligi inobatga olinib, savdo va xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish sohalarini rivojlantirish, shu sohalar bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlarni ko‘paytirish va ularga ko‘mak ko‘rsatish loyihalari amalga oshiriladi. Tijorat banklarining tumanga biriktirilgan bo‘limlari har bir istiqbolli loyiha uchun salohiyatli tadbirkorni topib, loyihani moliyalashtiradi, konsultant va ekspertlarni jalb qiladi, xomashyo va bozorga mahsulotni ommalashtirish uchun aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.
“Islohotlar shtabi” tomonidan 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan 20 ta istiqbolli yirik va o‘rta loyihalar shakllantirildi. Umumiy qiymati 102,7 million dollarlik loyihalar uchun 45,6 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari jalb etiladi va natijada uch yilda 3372 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga byudjetga qo‘shimcha 73,9 milliard so‘mlik soliq bazasi yaratiladi. Misol uchun, "GREEN AKTIX" MChJ tomonidan qiymati 2,5 million dollarlik trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasida 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Yo‘nalishlar kesimida oladigan bo‘lsak, sanoat sohasida qiymati 273,9 milliard so‘mlik 8 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 859,3 milliard so‘mlik 7 ta, qishloq xo‘jaligida 223,8 milliard so‘mlik 5 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 4 ta davlat mulki ob’yekti, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun 8,8 gektar yer maydoni auksion savdosiga chiqarilgan. Xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yida qiymati 1,4 milliard so‘mlik 2 ta loyiha doirasida 12 ta ish o‘rni yaratish, mahallalarda 20 turdagi 165 ta xizmat shoxobchalari tashkil etish, 355 ta yer uchastkasi K-savdo tizimi orqali auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Ishsizlikni pasaytirish, aholini daromadli ishga jalb etish bo‘yicha 21,5 mingta mavsumiy ish o‘rni yaratish yuzasidan mahallabay choralar ishlab chiqilgan. Buning ijrosi bo‘yicha yanvar-iyun oylarida 11,5 mingta aholi doimiy va mavsumiy ishlarga jalb etilgan.
- “Mahalla yettiligi” va tijorat banklari bilan birgalikda 4845 ta kambag‘al oila xatlovdan o‘tkazilib, toifalarga ajratildi, - deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tuman bo‘limi rahbari Feruz Iskandarov. - Yil yakuniga qadar ushbu oilalardagi 2 mingdan ortiq fuqaro doimiy ishga joylashtiriladi, 300 nafariga imtiyozli kredit, 48 nafariga ssuda asosida asbob-uskunalar ajratiladi, 1825 nafari tadbirkorlikka jalb qilinadi hamda 27 nafari kasb-hunarga o‘qitiladi. Natijada yil yakuni bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 2215 ta oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 7,7 foizdan 5,7 foizga hamda ishsizlik darajasi 5,6 foizdan 4,8 foizga tushiriladi. “Sayxunobod tajribasi” bo‘yicha 1665 ta loyiha shakllantirilib, 3242 ta ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, “Yashil energiya” dasturlari doirasida 200 ta aholi xonadoniga 800 kVt, 2 ta ko‘p qavatli uyga 20 kVt, 50 ta ijtimoiy soha ob’yektiga 620 kVt, 177 ta tadbirkorlik sub’yekti binolariga 3060 kVtli quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha rejalar ishlab chiqildi. Yilning birinchi yarmida ushbu ob’yektlarning qariyb 60 foiziga quyosh panellari o‘rnatildi.
O‘rganishlarda tibbiy xizmatga ehtiyoji bor fuqarolar tibbiyot muassasalari tomonidan zarur jihoz va dori-darmon bilan ta’minlanib tibbiy xizmat ko‘rsatildi.
“Islohotlar shtabi”ga kelib tushgan murojaatlar qatorida aholining maishiy muammolari ko‘proqni tashkil etadi. Shunday bo‘lsa-da, biriktirilgan mas’ullar aholining har bir murojaatini e’tiborga olib, ijobiy yechim topish choralarini ko‘radi. Takliflar doirasida xorijiy investorlarning loyihalari, tadbirkorga ko‘maklashish rejalarini ham uchratdik. Bu yangi tizim va ko‘pchilik aholi murojaatlarini qabul qilish joyi sifatida kelgan bo‘lishi mumkin. Biroq shtab o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab, ko‘zlangan maqsadni aniq belgilab, hududning uch yillik rivojlanish rejasini to‘g‘ri ishlab chiqa olsa, istiqbolda ishsizlik, bandlik muammolariga yechim topilib, tadbirkorlikning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.