Islomda tinchlik tushunchasi va boshqa din vakillari bilan munosabatda uning ustuvorligi nimada?

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan “Islom dinida tinchlik” kitobida bu savollarga batafsil javob olish mumkin

Ushbu kitobning ilk taqdimoti Termiz shahrida o‘tkazildi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi xodimlari va talabalari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda risolaning bugungi kun nuqtai nazaridan yuksak ijtimoiy-ma’naviy qiymati haqida so‘z bordi.

Taqdimot ishtirokchilari eng oliy ne’mat – tinchlikning qadriga yetish, uni asrab-avaylash har bir inson zimmasidagi burch ekanidan kelib chiqib, islomning tinchlik va insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, yurtimizdagi osoyishtalikni yanada mustahkamlab, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishda mazkur risolaning jamiyat uchun nechog‘li yuqori ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Kitobda islomda tinchlik tushunchasi, bag‘rikenglik va tinchlikka targ‘ib, boshqa din vakillari bilan munosabatda tinchlikning ustuvorligi, tinchlik mohiyatini anglashning talablari, afzalliklari va boshqa muhim mavzular keng yoritilgan. Risolaning xulosa qismida zamonaviy jamiyatda tinchlikni qaror toptirish va mustahkamlashning zaruriy tamoyillari ko‘rsatilgan.

Mazkur risola islomning asl mohiyatini, insonparvarlik g‘oyalarini yaxshiroq anglashga xizmat qiladi.