Isroilga ishga yuborish oson emas
Samarqand tumanida yashovchi Dildora Zubaydova pul topishning oson yo‘lini o‘ylab topdi. U odamlarni aldab, pulini olish uchun shunday reja tuzdiki, tashlagan qarmog‘iga ko‘pchilik ilindi.
U odamlarni tuzog‘iga ilintirish uchun shunday gap tarqatdi: Isroil davlatida onam ishlaydi. Biz shunday ishni yo‘lga qo‘ydik, men bu yerdan o‘z hisobimdan, ya’ni Isroil davlatiga yetib borishi uchun ketadigan 11 ming AQSh dollarini to‘layman. Onam u yerda men yuborgan odamlarni yaxshi haq to‘laydigan ishlarga joylashtiradi. 11 ming dollarni esa onamga oyma-oy to‘lab beraveradi. Faqat hujjatlarni to‘g‘rilashga ozroq xarajat qilishadi, xolos.
“E’lon” tarqatildi, endi Dildorada faqat kutish qoldi.
2018 yil noyabr oyi boshlarida R.Rajabov tanishlaridan Isroil davlatiga fuqarolarni mo‘may haq to‘laydigan ishga yuborayotgan ayol haqida eshitib qoladi. Unda ham Isroil davlatiga ketish ishtiyoqi paydo bo‘lib, Dildorani topdi. U Isroil davlatiga ketishi uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar ro‘yxatini ko‘rsatib, shular tayyor bo‘lgach 100 AQSh dollari bilan birga olib kelishini bildirdi. Ikki kundan so‘ng u D.Zubaydova aytgan hujjatlar va 100 AQSh dollarini yetkazadi. D.Zubaydova unga o‘zi qo‘ng‘iroq qilishini aytadi. Ko‘p o‘tmay Dildora Rustamga qo‘ng‘iroq qilib, Isroilga jo‘natishi kerak bo‘lgan bir ayol og‘ir betob bo‘lib qolganligi, agar 200 AQSh dollarini bersa, tanishlariga aytib uning o‘rniga jo‘natishini aytadi. Ishning ertaroq bitishini ko‘zlagan Rustam so‘ralgan pulni ham beradi. Bir yildan ziyodroq vaqt o‘tsa-da, ishi bitavermagach, Rustam firibgar tuzog‘iga ilinganini anglaydi.
D.Zubaydovaning o‘z hisobidan Isroilga ishga yuborish haqidagi yolg‘oni qurboniga aylangan faqat Rustam emas, unga o‘xshagan yana 19 nafar fuqaro bor. Aldanganlarning hammasi u yoki bu tanishidan Dildora haqida eshitib, uning yolg‘onlariga ko‘r-ko‘rona ishonib, undan yordam so‘rab kelavergan. Dildora esa birovidan 200, boshqasidan 300 dollar olib, jami 4900 dollarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirdi.
D.Zubaydova jinoiy faoliyati davomida hammasini puxta rejalashtirdi va mohirona bajardi. Ammo bir narsa haqida o‘ylamadi – bir kun bu ishining misi chiqishi va qonun oldida javob berishini.
Bugun uning barcha qilmishlari fosh bo‘ldi. Fuqarolarga yetkazilgan zarar qoplandi, o‘zi esa qonun oldida tegishli tartibda jazosini oldi.
D.NURALIYeV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudi sudyasi.