Issiq harorat yong‘in keltirib chiqarishi mumkin

Havoning keskin isib ketishi natijasida Samarqand shahri hududida qarovsiz qolgan hamda to‘planib, qurib qolgan quruq xas-xashaklarda yong‘inlar sodir bo‘lmoqda.

Jumladan, 3 iyul kuni soat 15:00 larda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi markaziy dispetcherlik xizmatiga Samarqand shahar Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida joylashgan "Shahid mozor" qabriston ichida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida tezkor xabar berilgan.
Yong‘in o‘chirish jangovar bo‘linmalari soat 15:09 da voqea joyiga yetib borib, soat 15:50 da to‘liq bartaraf etgan. Yong‘in oqibatida qabriston ichida qurib qolgan xas-xashaklardan iborat 0,30 gektar maydon yonib zararlangan, yong‘indan tan jaroxat olganlar yo‘q, yong‘in sababi aniqlanmoqda.

Bu kabi holatlardan hammamiz xulosa qilaylik: ayni anomal issiq harorat kuzatilayotgan shu kunlarda uyimizda, avtomashinalarda va qarovsiz qoldirilgan joylarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilaylik. Agar shunday noxush favqulodda holatlarni ko‘rsangiz, Samarqand viloyati FVB dispetcherlik xizmatining ishonch telefoni - 101 va 1050 qisqa raqamlariga murojaat qiling.

J.Lapasov,
Samarqand shahar FVB profilaktika va nazorat bo‘linmasi inspektori, leytenant.