Iste’dodi bor sportchiga zamonaviy sharoit kerak

Samarqandda bugungi kunda 24 ta olimpiya, 4 ta milliy, 34 ta noolimpiya sport federatsiyasi, milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi, 2 ta jismoniy tarbiya va sport jamiyati hamda 1 ta sport kengashi, jami 66 ta sport tashkilotlari faoliyat ko‘rsatyapti.
Mazkur federatsiya va muassasalar tomonidan jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, aholining sportga qamrovini oshirish, terma jamoalarga sportchilar yetkazib berish, sport inshootlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda ham Investitsiya dasturi hamda “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari asosida viloyatdagi qator sport-ta’lim muassasalarida sport inshootlarini mukammal ta’mirlash va yangidan barpo etish belgilangan edi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning bajarilishini o‘rganish maqsadida viloyat sport boshqarmasi tomonidan sport ob’yektlariga press-tur tashkil etildi.
Dastlab ommaviy axborot vositalari vakillari Qorasuv massivida joylashgan futbol akademiyasida bo‘ldi va bu yerda yosh futbolchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
154 o‘rinli sport-ta’lim muassasasining qurilishiga 35 milliard so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lib, o‘quvchilarning tahsil olishi, mashg‘ulotlarda qatnashishi, ovqatlanishi va yashashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Uch qavatli zamonaviy o‘quv binoda 12 ta sinfxona, 5 mingta kitob sig‘imiga ega kutubxona va o‘quv zali mavjud, – deydi viloyat futbol akademiyasi direktori Ilhom Yunusov. – 154 o‘rinli oshxona va yotoqxona, ikkita yuvinish xonasi, tibbiyot xonasi, standart talablarga mos ikkitadan tabiiy va sun’iy futbol maydoni, sport zal, mashg‘ulot zali, sauna va basseyn o‘quvchilar ixtiyorida.
Hozirda sport muassasamizda 23 nafar trener, 14 nafar fan o‘qituvchisi qo‘l ostida mashg‘ulotlar va ta’lim jarayoni olib borilmoqda. Joriy yil akademiyamizda 24x48 metr o‘lchamli yengil konstruksiyali sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu yozning issiq, qishning sovuq kunlarida ham muntazam mashg‘ulotlar olib borish imkonini beryapti.
Gimnastika markazi jahon andazalari talabi darajasida bo‘ladi
Zamonaviy moddiy-texnik va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy gimnastika sport turlariga tayyorlash markazining qurilish ishlari davom etyapti. Hozirda markazda qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniy bosqichda.
- Markazning qurilish ishlari 2023 yilda boshlangan, - deydi qurilish ishlari bosh muhandisi Saidmurod Kunuzoqov. – Bugungacha birinchi bosqichda 42x66 metr o‘lchamdagi sport zali to‘liq qurib bitkazildi va issiqlik tizimi bilan ta’minlandi. Ikkinchi bosqichda 160 o‘rinli yotoqxona, 80 o‘rinli oshxona qurib bitkazilish arafasida. Jami qurilish-montaj ishlari 65 milliard so‘mga baholangan bo‘lib, bugungacha 45 milliard so‘mlik ishlar bajarildi.
Shuningdek, yangidan qurilayotgan markazda gimnastika bo‘yicha mutaxassislar ham ish olib bormoqda. Xususan, 240 tomoshabin o‘ringa ega sport zalining jihozlanishi, yuvinish, kiyinish xonalari, ularni o‘rnatish va moslashtirish ishlari mutaxassislar tavsiyasi bilan amalga oshirilyapti.
Sport sohasida qurilish ishlarining ko‘lami keng
Press-tur davomida bir nechta sport-ta’lim muassasalarida shu kungacha bajarilgan rekonstruksiya ishlari bilan ham tanishtirildi.
Xususan, Samarqand shahar 2-son sport muassasasining sport zali hamda stadionini rekonstrutsiya qilish uchun mahalliy byudjetdan ajratilgan 4 milliard so‘m hamda “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2024 yil birinchi mavsumi hisobidan 18x42 metr o‘lchamdagi sport zali va futbol o‘yingohi maydoni ko‘kalamzorlashtirilgan. Maktab rahbariyati va murabbiylar bunday sharoitlarning yaratilishi o‘quvchilarining sport mashg‘ulotlarida ijobiy natijalarga imkoniyat yaratayotganini ta’kidladi.
Sport sohasidagi kelgusi rejalarga esa paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga yengil konstruksiyali 18x42 o‘lchamdagi sport zal qurish, o‘quv binosi, yotoqxona va oshxona binolarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, Samarqand Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hududida kamondan o‘q otish majmuasini qurish ishlari kiritilgan.
Sulaymon Mardiyev.