Iste’molchi doim haq

Ushbu sana BMT tomonidan 1983 yilda Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni sifatida e’tirof etilgan va shu yildan boshlab har yili butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanib kelmoqda.
O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish harakati 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4 va 30-moddalariga muvofiq vujudga keldi. 1997 yilda aholining sifatsiz mahsulot va xizmatlardan himoya qilishga o‘z ulushini qo‘shish va o‘z imkoniyatlarini birlashtirishga qaror qilgan bir qator hamfikrlar tashabbusi bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati shaklida tashkil topdi. Jamiyat 1999 yili Respublika iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu vaqtda respublika viloyatlarida hududiy jamiyatlar tashkil topdi.
2000 yil O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining navbatdan tashqari II s’yezdida jamiyatga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi nomi berildi.
Faol iste’molchilarning sa’y-harakatlari tufayli ushbu jamoat tashkilotiga davlat tarafidan alohida e’tibor qaratilib, qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2002 yil 28 noyabrda “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-qarorining qabul qilinishi mazkur ijtimoiy harakat taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Shu bilan birga, mazkur qaror bilan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlarining tashkiliy tuzilmasi hamda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi ma’qullandi.
2003 yil 17 yanvardagi federatsiyaning III ta’sis konferensiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Federatsiyasi, Toshkent shahri hamda respublikaning 12 viloyatidagi hududiy birlashmalarni birlashtirdi.