Istihola noyob bo‘ldimi?

Aytishlaricha, akademik Toshmuhammad Qori Niyoziy ayolining ko‘ziga hech mahal tik qarab gapirmagan ekan. Samarqandda akademik Boturxon Valixo‘jayev, professorlar Saydulla Mirzayev, Rahmonqul Orzibekov turmush o‘rtog‘iga shunday munosabatda bo‘lganini o‘zim ko‘rganman.

Otam bobomning oldida hech qachon oyoq uzatib o‘tirmasdi. Men ham shunday qilardim. Aqlli rahbarlar qarindoshi, ayniqsa, oila a’zolarini ishga olishdan hayiqardi. Mehmonlikka borganda boshqalarga qarab dasturxonga qo‘l uzatardik. Homilador yoki azalik ayollarga hazil qilishdan tortinardik.

Chunki istihola qilardik. Chunki ota-onamiz shu odatga o‘rgatishgandi.

Istihola, nazarimda, birovni ayash, hurmat qilishdan ko‘ra, ko‘proq uni boshdan kechirgan kishi sabrini, oqilligini ko‘rsatishga o‘xshab ketadi. Istihola qilgan inson, eng avvalo, o‘zining ezgu fazilatini namoyish etadi. Istiholani ibrat, madaniyat, deb tushunaman. Ammo...

Bir kuni huzurimga yoshi yetmishdan oshgan qariya arz bilan keldi:

- O‘g‘lim uydan chiqaraman, deyapti...

- Akam bilan fermer xo‘jaliklarimizni birlashtirgandik. Endi u meni yerga kiritmayapti, - deb noliydi yagona daromad manbaidan ajralgan yigit.

- Qizim bilan kuyovim til biriktirib, mulkimni olish uchun har kuni portalga ustimdan yozadi, - dedi mushtipar otaxon.

Mening esa yuragim og‘riydi. To‘g‘ri, har bir nizoni qonuniy hal qilish mumkin, ammo inson ko‘nglining o‘rtasiga tushib, istiholani o‘rgatib bo‘larmikan?

Xalq orasida “istihola qildim”, “istihola tortdim”, “istihola bilan bor gapni ayta olmadim”, “istiholaga bordim” degan iboralar mavjud. Lug‘atda esa arab tilidan olingan bu so‘z andisha, andishali mulohaza hissi, tortinish ma’nosini anglatadi, deyilgan.

Bu ham yetmaganidek, ayrimlar davlat byudjetini “tuya” qilishda, nochorlarga atalgan mablag‘ni o‘zlashtirishda istiholani unutib qo‘ymoqda. Nega shunday bo‘lyapti? Bu savolga aniq javob izlash, topish mavridi keldi.

Istihola qo‘rqoqlik yoki ojizlik belgisi emas. Aksincha, u insonning yuksak ma’naviyatini, sabru qanoatini namoyish etadi. Chunki qarama-qarshi fikrni, e’tirozni birovga madaniyatli, ko‘ngilga tegmaydigan qilib yetkazish hammaning qo‘lidan kelavermaydi.

Kimdir sizni xafa qildimi? Kimgadir uning kamchiligini aytmoqchimisiz? Unda, shoshilmang, gapingizni obdon o‘ylab ko‘ring. Bitta illatni aytib ovoza soladiganlardan, o‘zini adolatpesha, davr qahramoni deb hisoblayotganlardan ibrat olmang. Ota-ona, aka-uka, yoshi ulug‘ va bolalarning ko‘nglini og‘ritadigan, nafsoniyatiga tegadigan gaplardan tiyiling. Fikringizni samimiy, bosiqlik bilan izhor eting. Sizdagi istakning hammasi ham adolat bo‘lavermaydi. O‘zini mutlaq haq deb bilgan kishida istihola bo‘lmaydi.

Istiholali bo‘laylik!

Farmon Toshev.