Jadidchilik qaysi harakatga nisbatan yangi?
Istiqlolning dastlabki yillarida Mahmudxo‘ja Behbudiyning publitsistik faoliyati bo‘yicha dissertatsiya yoqlandi.
Ushbu ilmiy ish, jumladan, Behbudiy shaxsi haqida alloma Izzat Sulton fikr bildirar ekan, jadidchilik harakati namoyandalarining hayoti va ijodi tadqiq qilinayotganidan mamnunligini aytib, jadidshunos tadqiqotchilar oldida turgan vazifalarni bildirgandi.
– Jadidlarni oqlab oldik. Lekin sovet zamonida Behbudiy, Munavvarqori va yana bir necha jadidlarga qo‘yilgan «panislomist», «anglizparast» degan afsonalarni ham chilparchin qilib tashlash vaqti keldi.
Atoqli olim Izzat Sulton bugun oramizda yo‘q. Uning so‘zlari esa vasiyat bo‘lib qoldi. Bu orzuga Behbudiy, Munavvarqorilarning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan orden bilan taqdirlangan kuni erishildi, albatta. Lekin ularga nega shu tamg‘alar qo‘yilgani sabablarini o‘rganishda davom etish kerakki, topilgan ma’lumotlar tariximizning yopiq saqlangan zarvaraqlarini o‘qishga sabab bo‘ladi.
Sobiq ittifoq davrida Behbudiyning muftiligi, Munavvarqorining Qur’onni yoddan bilishi, ya’ni dindorliklari ularning yurt miqyosidagi e’tiroflariga to‘sqinlik qilgan bo‘lsa kerak, degan fikrda edik. Ma’lum bo‘ldiki, Behbudiy Samarqand jadidlariga karvonboshi, Munavvarqori Toshkentda jadidlarga yo‘lboshchilik qilgan, vaqti kelganda «Haq olinur, berilmas» kabi da’vatlarni ayta olgan insonlar ham ular edi. Qolaversa, millatning bu munavvarlari ko‘plab yoshlarni atroflariga jamlagandilar. Ashurali Zohiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Avloniy, Sadriddin Ayniy kabi yurt fidoyilari fikrimiz dalilidir. Shu bois sovet davri siyosatiga oid ko‘plab kitoblarni tahlil etganimizda Behbudiy va Munavvarqorining faqat «anglizparastligi» emas, balki panislomizm va panturkizmning Turkistondagi vakillari sifatida ayblanganligiga guvoh bo‘ldik (bu haqda qarang: Fadeyeva I.L. Ofitsialnie doktrini v ideologii i politike Osmanskoy imperii (Osmanizm-panislomizm). M., «Nauka», 1985).
Bu tamg‘aning tarixi Rossiya “oxranka”sining o‘tgan asr boshidagi xulosalariga asoslangandir. G‘oyaviy jihatdan «o‘zgacha» bo‘lgan sovetlar bu xulosalarni hukm sifatida qabul qilib, tuzum yiqilgunga qadar faol qo‘lladilar. Hatto, mustaqillikka erishganimizga o‘ttiz yildan oshgan esa-da, ularning nomlarini ehtiyot bo‘lib ishlatadigan olimlarimiz hanuz yo‘q emas.
Buning sababi, fikrimizcha, jadidlarning asl maqsadlarini turlicha tushunish va talqin etishdadir. Masalan, sarlavhaga diqqatingizni tortamiz: ko‘pchiligimiz jadidchilik harakatiga eskilik tarafdorlari «qadim»chilar qarshilik ko‘rsatishgani bois, ular tutgan yo‘riqqa nisbatan yangidir, deymiz. Boshqamiz Dukchi Eshon qo‘zg‘olonini ko‘z oldimizga keltirib, jadidchilik shu kurash tarziga nisbatan yangi harakat degan xulosa chiqaramiz. Negaki, o‘sha davr, xususan, jadidchilik haqida tadqiqotchilarning juda ko‘p maqolalari e’lon qilindi, dissertatsiyalar yoqlandi. Biroq bu qarashlar tadqiqotchilarning bir (mustabid) jamiyatdan ikkinchi (mustaqil) jamiyatga o‘tish davridagi turlicha fikrlarga, ya’ni jadidchilikka munosabati har xil ekanligiga asoslangan.
Taniqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov professor Begali Qosimovning «Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik» kitobiga yozgan so‘zboshida shunday asosli fikr bitilgan: «Jadidchilik to‘g‘risida o‘zimizda va xorijda ko‘p asarlar yozilgan, albatta. Lekin, birinchidan, ularning hammasida ham jadidchilik to‘g‘ri talqin qilinavermaydi. Aksariyatida u bir tomonlama madaniy-ma’rifiy harakat sifatidagina baholangan. Ikkinchidan, shu paytga qadar jadidizm haqidagi tasavvurlarimizni bir joyga yig‘adigan, yutuq va kamchiliklarimizni umumlashtiradigan kitob yo‘q hisobida edi. Shu jihatdan Begali Qosimovning mazkur tadqiqoti bugungi kunda, ayniqsa, milliy istiqlol mafkurasini shakllantirayotgan bir paytda juda katta ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi».
Darhaqiqat, ustoz olim B.Qosimov ushbu tadqiqotida juda katta axborotni bir joyga jamlab, masalaning tarixi, «jadid» so‘zining istilohi, yo‘nalishi, namoyandalari ijodi va faoliyatini bir butun tizimga solib kitob, tayyorlagan. Bu - jadidshunoslikda voqea bo‘ldi, albatta.
Bahsimizni ana shu kitobga tayangan holda olib borsak ayni muddao bo‘lar edi. Avvalo, B.Qosimovning jadidchilik xarakteri – yo‘nalishi haqidagi o‘rinli fikriga e’tibor qaratsak:
«Jadidchilik oqim emas, harakat. Ijtimoiy, siyosiy, ma’rifiy harakat. Yaqingacha ham u faqat ma’rifatchilik harakati deb kelindi. Bu ataylab qilingan edi. Maqsad – jadidchilikning doirasini toraytirish, sotsialistik-kommunistik mafkuradan boshqasi keng xalq ongini qamrab olishi, egallashi mumkin emas, degan soxta tushunchalarning asorati edi. Aslida esa:
1) jamiyatning barcha qatlamlarini jalb eta oldi. Uyg‘onish mafkurasi bo‘lib xizmat qildi;
2) mustaqillik uchun kurash olib bordi. Uning g‘ayrat va tashabbusi bilan dunyo ko‘rgan Turkiston muxtoriyati bu yo‘ldagi amaliy harakatning dastlabki natijasi edi;
3) maorif va madaniyatni, matbuotni ijtimoiy-siyosiy maqsadlarga moslab chiqdi».
Iqtibosdan o‘zimizga kerakli xulosa chiqaradigan bo‘lsak, demak, jadidchilik – ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy harakat bo‘lib, uning asosiy maqsadi mustaqillikka erishish bo‘lgan.
Yana o‘sha savol: jadidchilik qaysi harakat(lar)ga nisbatan yangi?
Javob izlaganimizda «qadimchilik»ning harakat emasligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘lib qoladi.
Birinchidan, Markaziy arxiv hujjatlari orasida masjid imomlari, madrasa domlalarining mustamlakachi hukumati tomonidan saralash bo‘yicha yo‘riqnomalari, ularning topshirig‘ini bajaradigan toifalarning tayinlanishi).
Ikkinchidan, mustamlakachiga nisbatan ko‘tarilgan turli qo‘zg‘olonlar (masalan, Dukchi Eshon qo‘zg‘oloni) ham har tomonlama o‘ylangan, yaqin va uzoq maqsadlari belgilangan harakat darajasida bo‘lmay, balki stixiyali xarakterda edi.
Savolga javob esa o‘sha davrda dunyoda sodir bo‘lgan voqealar bilan bog‘liq. XIX asrda G‘arb davlatlari Osiyo va Afrika davlatlarini bosib, to‘g‘rirog‘i, bo‘lib oldilar. Bu haqda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Fitrat asarlarini va mustaqillikka erishgach ko‘pgina manbalarda, xususan, O‘zbekiston yangi tarixining sovet mustamlakachiligi davriga oid jildida, yuqorida nomi zikr etilgan kitobda ta’kidlandi. Sharq xalqlari ziyolilari, yurt fidoyilari mustamlaka zulmidan qutulishning chora-tadbirlarini qidira boshladilar. Ularning eng mashhuri islom bayrog‘i ostida birlashish (mustamlakachilar unga panislomizm deb nom berdilar) g‘oyasidir. Biroz vaqt o‘tgach, bu bayroq ostida birlashish mumkin emasligi ma’lum bo‘ldi, endi turk birligi masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Bizga tanish bo‘lgan turkchilik harakati (g‘arbliklar uni panturkizm deb atadilar) ana shu asosda kelib chiqdi. Turkiston ziyolilari Sharq mamlakatlariga qilgan sayohatlari paytida u yerdagi o‘zgarishlarni ko‘rganlari va bu ular faoliyatlariga ta’sir ko‘rsatganligi, yozgan maqolalarida o‘sha ruh hukmron bo‘lganligi ham bor gap.
Fikrimizga dalil sifatida Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Tarix va jug‘rofiya» maqolasini («Turkiston viloyatining gazeti», 1908 yil, 30 noyabr) keltirish o‘rinlidir. Unda islom dunyosi, uning bir qismi bo‘lgan Turkistonning yevropaliklar bosib, bo‘lib olganliklari ochiq bayon qilinadi. Mazkur maqola xulosasidan bir parcha: «Xulosa, Ovruponi janubi-g‘arbidagi mamoliki islomiya mahv va nopadid (ko‘rinmas, ta’sirsiz – H.S.) bo‘ldi. Ahli islomiyasini ba’zisi haydaldi. Ba’zan asir, ba’zan tahriq qildurildi va bu kun ulardan na nom bor va na nishon. Ovrupo vasattig‘a qarasangiz, Serb, Bulg‘or, Qirim, Kurid, Qibris, Yunon, Rum ila xittalari (o‘lka, yer yuzi – H.S.) ketdi, holo ketmakdadur. Bir karra Afriqo xaritasiga nazar qilayluk. Tanja ketdi, Taroblis, Tunis, Zanjibar, Sudan, Madagasqar islomiyalari qisman ketdi va qisman ketmakdadur...
Aziz jolisim, sizg‘a so‘ylab turibman, fahmlaysizmu? Hayhot, hayhot, umumiy Osiyo qit’asig‘a 600 milliyun qadar musulmon borki, andin o‘n miliyuni Osiyoi safro va jazirat-ul-Arabg‘a sokin va Usmonli hukumatig‘a tobe’, 9 miliyun Erong‘a, 6 miliyuni Afg‘ong‘a, 2 miliyuni Buxoro, miliyuni Xiva, 1 miliyuni Bulujiston, 12 miliyuni Haydarobod degan, 1 miliyuni Ummon va miliyundan kami Jumhur hukumati islomiyasig‘a tobe’ bo‘lub, baqya 50 miliyuni Xitoy va 50 miliyuni inglisg‘a va 50 miliyun qadari, yana 40 miliyuni Jazoir, Bahri kabir musulmonlari ila barobar Inglis, Fransa, Kalandiya, Ispaniya, Russiya va o‘zga davli(davlatlar – H.S.) nasroniyasig‘a tobe’. Biz Osiyoi vusto (o‘rta – H.S.) va shimoliy sokinlaridan Russiya davlatig‘a to‘g‘ridan to‘g‘ri tobe’...»
Mahmudxo‘ja Behbudiyning Rossiya hukmronligi davrida yozilgan bu maqolasi «Tanlangan asarlar»iga kiritilmaganligi uchun kattaroq iqtibos oldik. Behbudiy «Hayhot», deya hayqirib yozgan bu maqolada, e’tibor bergan bo‘lsangiz, Turkiston dardi islom dunyosi muammolari fonida ko‘tarilgan.
Jadid bobolar boshqa mustamlakada qolgan xalqlar singari yurtni ozod qilish uchun birovlardan yordam kutganlarini ham qoralash mumkin emas. Lekin, hayot shuni ko‘rsatdiki, jadidlar na islomchilik, na turkchilik bayrog‘i ostida birlashib, mustamlaka asoratidan ozod bo‘lish qiyin ekanligini anglab yetdilar.
Shu o‘rinda aytish joizki, jadidchilik harakati asoschisi, qirim-tatar ziyolisi Ismoilbek G‘aspirali birinchi bo‘lib mustamlakachining ruslashtirish siyosati va uning oqibatlarini avvaldan anglab yetib, Rossiya hududida yashaydigan musulmonlarning o‘qib, o‘rganib, shunga yarasha harakatda bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Behbudiy va Munavvarqori G‘aspiralini ustoz bilib, uning fikrlariga tayandilar, albatta.
Biroq, “Oxranka” ularning hech birini «shpion»likda yoki davlatni sotganlikda ayblay olmadi. Chunki, ular sirtdan juda beozor bo‘lgan, ma’rifat orqali taraqqiy etish, boshqa millatlar (xususan, rus millati) bilan teng bo‘lib yashash g‘oyasini ilgari surdilar. Ular ozodlik so‘zi o‘rniga taraqqiy so‘zini qo‘llay boshladilar.
Yodga oling: Munavvarqorining sa’y-harakati bilan tashkil etilgan va mustamlakachi tomonidan tezda yopilgan Turkiston jadidlarining birinchi gazetasining nomi ham «Taraqqiy» edi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning ko‘plab maqolalarida ushbu atama ishlatilgan, lekin 1917 yil fevral voqealaridan keyin millat orasida noittifoqlik kelib chiqqan bir fursatda yozilgan maqolasida taraqqiy so‘zining ishlatilganligiga e’tibor bering: «Muhtaram yoshlar! Zamon siznikidur, qarilar zamoni o‘tkan. Siz kiromg‘a bobasirat bo‘lub, o‘n daf’a o‘lchab bir daf’a kesingiz. Otashinlik va tezlik ila ish bo‘lmas. «Al-ajla minash-shayton!» (Shoshgan shaytondandur – H.S.). Bu fikrni boshingizdan chiqaringizkim, sizning o‘z boshingizg‘a taraqqiy qilmog‘ingiz mushkuldur. Balki butun shahringiz va millatingiz ila taraqqiy qilursiz. Men ham yigirma yildan beri harakat qilarmankim, taraqqiy paydo bo‘lsun. Shuni sizlar ham bilursizki, o‘n va yigirma nafar ila taraqqiy bo‘lmaydi va bo‘lmas ekan. Binobarin, o‘rta va bu qadar imkon ko‘proq kishi mayl qilaturg‘on yo‘l ila taraqqiy etmoq kerak va unsiz boshqa chora yo‘qdur».
Endi taraqqiy so‘zi o‘rniga muxtoriyat, mustaqillik, ozodlik so‘zlarini qo‘yib ko‘ring!
Olmon olimasi Ingeborg Baldaufning «Mahmudxo‘ja Behbudiy Falastinda» maqolasida shunday fikr bor: «Behbudiy o‘quvchilarga (gap «Sayohat xotiralari» asari haqida borayapti – H.S.) Falastinda yashovchi arab musulmonlarining taqdirini namoyish etadi. Ba’zilar bu qiyoslash orqali Behbudiy panislomizm g‘oyalarini yoyishga harakat qilgan deb o‘ylashlari mumkin. Yo‘q, aksincha, Behbudiy bunga mutlaqo intilmaydi, ba’zi hollarda esa falastinlik musulmonlarni «kir-chirga botgan arablar» deb tasvirlab, hurmat-e’tiborga ko‘proq loyiq bo‘lgan turkistonliklar bir chekkada qolib, imperiyachi kuchlar arablarning e’tiborini qozonishga urinayotganidan g‘ayirligi qo‘ziganini ham yashirmaydi. Bir dindagi kishilarning yaqinligi yasamadir, chinakam birdamlik emas; kamdan-kam hollardagina Behbudiy «barcha musulmonlarning birligi» to‘g‘risida so‘z yuritadi. Mahmudxo‘ja tushunchasidagi birdamlik faqat uning o‘z millatiga taalluqlidir. Millat esa faqat diniy emas, balki diniy va makoniy nuqtai nazardan ta’riflanishi lozim, ya’ni Behbudiy «barcha musulmonlarning birligi» deganda, fikrimizcha, birinchi navbatda, O‘rta Osiyo musulmonlarining birdamligini tushungan bo‘lsa kerak. Shu birdamlik tushunchasi Behbudiyning siyosiy nuqtai nazarini ham belgilaydi».
Baldauf xonimning fikriga izoh shart bo‘lmasa-da, O‘rta Osiyo so‘zini o‘sha davr atamasi bilan Turkiston deya o‘zgartirsak to‘g‘ri bo‘ladi nazarimizda.
Islom bayrog‘i ostida birlashuv g‘oyasini Behbudiyning «Ulug‘ Turkiston» gazetasida (1917 yil, 12 iyun) chop etilgan «Bayoni haqiqat» maqolasidagi parlament xususidagi fikrlari ham inkor etadi: «Biz istaymizki, Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qo‘shilgan holda, o‘z boshlarig‘a Russiyani bir parchasi hisoblanadurg‘on Turkiston hukumati ta’sis etsak, o‘zimizni majlisi mushovaratimiz «parlamentarizm» bo‘lsun».
Bolsheviklar hokimiyatni qo‘lga kiritgach, Behbudiy «Russiyani bir parchasi» bo‘lishdan voz kechdi, biroq ozod Turkistonda qonunlarni Millat Majlisi chiqarishi lozimligini ta’kidladi: «Muxtoriyatni Millat Majlisi har bir xalqg‘a naf’ini ko‘zda tutub qonun chiqarur».
Ana shu qarashning o‘ziyoq islom yoki turk bayrog‘i ostida yagona davlat tashkil etish maqsadi yo‘qligini ko‘rsatadi. Lekin bu qarashlar islomchilik, turkchilik g‘oyalarini o‘rgangach, anglagach shakllanganligini ham inobatga olmoq joiz. Izzat Sulton aynan shu xususda: Mahmudxo‘ja Behbudiyning ulug‘ligi – uning kelajakni ko‘ra bilishidadir, masalan, uning davlatni parlament asosida tuzish borasidagi g‘oyasining to‘g‘riligini bugungi avlod anglab turibdi, degandi.
Abdurauf Fitratning «Aruz haqida» risolasida shunday fikrni o‘qiymiz: «Bizda jadidizmning birinchi davri panislomizm bayrog‘i ostida yurdi... Bora-bora panislomizm, panturkizm, o‘zbek millatchiligi bir-biridan ayrim xatti-harakatlar tarzida ajraladi». Fitratning ushbu fikri ham jadidchilik panislomizm va panturkizmga nisbatan o‘zgacha harakat bo‘lganligini anglatadi.
Qanday paytda mavjud harakatlarga nisbatan yangisini tuzish ehtiyoji paydo bo‘ladi? Albatta, o‘sha harakatlar dasturidagi maqsadlar, unga erishish yo‘llari mos kelmaganda yoki inkor etilganda!
Fikrimizcha, jadidchilik harakati islomchilik, turkchilik harakatlari kabi mustamlakachilikka qarshi kurash g‘oyasini o‘zida mujassam etgan bo‘lsa-da, lekin milliy-ozodlikka erishish yo‘li yuqoridagi harakatlarga nisbatan yangichadir.
Istiqlolga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmasligini jadidlar juda yaxshi anglar edilar. Istiqlolga erishgach esa davlatni boshqarish va uni idora qilish, ishlab chiqarishni Yevropa davlatlaridagi darajaga ko‘tarish, dunyo mamlakatlari bilan teng munosabat o‘rnata olish, chet tillarni bilish lozim edi. Buning uchun esa yangi maktablar ochib, unda asosan aniq fanlarga e’tiborni kuchaytirish, munosib darsliklar yozish, muallimlar tayyorlash, yoshlarni chet ellarga o‘qishga yuborish masalalari kun tartibiga qo‘yildi va bu ishlarning aksariyati amalga oshirildi. Ular ochgan maktablar, tartib berilgan darsliklar, yaratgan pesalar, yozilgan hikoya va she’rlar, rivojlangan davlatlarda o‘qib kelgan yoshlar fikrimizga asos bo‘la oladi.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)