“Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblari Germaniyaga sayohat qiladi
Joriy yilning oktyabr-dekabr oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ilk marta “Jadidlar izidan” respublika tanlovi o‘tkazilmoqda.
O‘quvchilarning mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish orqali ularni kitobxonlikka jalb etish maqsadida tashkil etilgan tanlovning viloyat bosqichi Samarqand shahridagi Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyida boshlandi.
Dastlab ishtirokchilar jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy byusti poyiga gullar qo‘ydi. Shundan so‘ng tanlovning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Unda so‘z olganlar tanlovning ahamiyati haqida gapirdi.
- Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad - jadid bobolarimiz g‘oyalarini maktablarda targ‘ib qilish, o‘quvchilar ongiga ularning qarashlarini singdirish hamda bobolarimiz ishlarini davom ettirish, - deydi yozuvchi, hakamlar hay’ati raisi Javlon Jovliyev. - Ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur tanlovda respublika bo‘yicha 320 mingdan ziyod o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tdi. Ishtirokchilar “Boshqotirma”, “Savol-javob” hamda “Asarlar tahlili” shartlari bo‘yicha jadid namoyandalarining hayoti va ijodi haqida bilimlarini sinovdan o‘tkazadi. Tanlovning respublika bosqichiga viloyatlardan ikki nafardan o‘quvchi saralanadi va respublikada ham g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar Germaniyaga ikki haftalik sayohat qiladi.
Tanlovning tuman (shahar) bosqichida test va savol-javob shartlaridan birinchilikni qo‘lga kiritgan 32 nafar 6-8 va 9-10-sinf o‘quvchilari respublika yo‘llanmasi uchun bilimini sinovdan o‘tkazmoqda.
Ishtirokchilarning bilimini hakamlar hay’ati baholab bormoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tanlovni samarali tashkil etish hamda o‘quvchilar ongida milliy g‘ururni shakllantirish maqsadida 10 ming 118 ta umumta’lim maktabida “Jadidlar izidan” klublarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni vaqtda tajriba-sinov tariqasida dastlab 208 ta tuman (shaharda) bittadan ushbu klublar tashkil etilgan.