Jahlni tiyish mumkinmi?
Aslida jahli chiqmaydigan odam yo‘q. Agar lug‘atlarda «jahl» so‘zining ma’nosi «nojo‘ya xatti-harakatdan, gapdan yoki voqea-hodisadan ranjish, achchiqlanish, g‘azablanish tuyg‘usi, achchiq g‘azab» deyilganini hisobga oladigan bo‘lsak, tabiiyki, har birimiz muloqot davomida bu holatga tushganimizni yoki tushishimizni aniq tasavvur etamiz.
Shu sababli hadislarda bandai muslim «Biror kishida jahlu g‘azab qo‘zisa, darhol u sukut saqlashga o‘tsin» deb ogoh etilgan.
Zero, bu holatni bir marta bo‘lsa-da boshdan o‘tkazgan kishi jahlning nechog‘lik zararli ekanini yaxshi biladi.
Bilaman, xuddi nafs kabi jahlni tiyish ham nihoyatda og‘ir vazifa. Ayniqsa, hozirgi shiddatli, dog‘uli davrda. Axir didi, saviyasi ikki xil inson muloqotida qanday qilib bu holatdan qocha olasiz? Bemavrid yoki noo‘rin qilingan murojaatlar, talablardan-chi?
O‘z istagi yo‘lida biror qarshilikka duch kelgan, ro‘zg‘orida kamchilik bo‘lgan kimsalarda jahl kuchli bo‘ladi. Agar siz ham noo‘rin munosabatda bo‘lsangiz, u g‘azabga, alamga aylanadi.
Jahl qilgan kishining xavfli tomoni shundaki, u Siz haqingizda og‘ziga kelgan so‘zni tortinmay aytaveradi, o‘zini atrofdagilarga yomon ko‘rsatib qo‘yganini sezmaydi. «Jahl kelganda aql ketadi» naql bejiz aytilmagan.
Xo‘sh, jahlni tiyish mumkinmi?
Nazarimda, ayrim hollarda mumkinga o‘xshab ko‘rindi. Sayyor qabullarda ba’zi fuqarolar viloyat hokimiga kulgili, noo‘rin talablar ham qo‘yishadi. Shunda u kishi holat yechimi yuzasidan badiiy asarlardan ibratli parcha keltiradi, erinmasdan uning talabi noto‘g‘ri ekanini bosiqlik bilan tushuntirishga harakat qiladi. O‘zim ham bunday holatdan bir necha bor shu taxlitda chiqib ketganman.
Demoqchimanki, jahlni tiyishda eng avvalo ziyolilar, rahbarlar ibrat ko‘rsatmog‘i, tashabbuskor bo‘lmog‘i lozim. Negaki, nodon kishiga bu talabni qo‘yib bo‘lmaydi. Binobarin, hozirgi sharoitda bunday odamlardan qochib qutulishning ham iloji yo‘q.
Menimcha, badiiy kitoblar muomala madaniyatini targ‘ib etishda qulay vosita edi. Ming afsuski, endilikda mutolaa qilguvchilar uncha ko‘p emas.
Jahli tez kishi pirovardida o‘z maqsadiga yeta olmaydi. Negaki, unga ham shunday munosabat qaytadi. Lekin farosatsiz kishilar bu haqiqatni anglab yetmaydilar.
Yevropada birovga noo‘rin jahl qilgan, nojoiz so‘zni aytgan, nafsoniyatiga tekkan odam darhol ma’muriy jazoga tortiladi, ya’ni o‘z qilmishiga yarasha javob oladi. Bizda esa jahldor kimsalar «davr qahramoni»ga aylanib ulgurdi. Demak, quyushqondan chiqqanni tartibga chaqirishda andisha qilmaslik kerak ekan. Buning uchun qonunlarimizda normalar yetarli. Aniqrog‘i, bu holatga beparvo bo‘lmaylik. Ayniqsa, spirtli ichimlik ichib, ortiqcha jahl va harakat qilgan kishilarni tiyishimiz zarur. Aks holda uning «ibrati» jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini sezib turibmiz.
Gohida jahl ustida rahbarlarni qo‘rqitib yoki ularning «mayli, shu shartakidan tezroq qutulayin» degan kayfiyatidan foydalanib, ishini bitirib oladiganlarga ham o‘tinchimiz yo‘q emas. Albatta, mas’uliyatsiz, va’daboz rahbarga talabni qat’iy va keskin qo‘yish zarur, ammo esdan chiqarmang, atrofingizdagilar, eng avvalo, bola-chaqangiz Sizdan ibrat oladi. «Shantaj» degan narsa hamma vaqt manfaat keltiravermaydi. Umuman, dunyoda munosabatlarda murosadan tashqari boqiy uslub yo‘q.
Aytaylik, kimdir Sizga o‘z dardini, fikrini sal noma’qul tarzda izhor etdi. Shoshilmang, iltimos, shoshilmang! Avval uning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Agar Siz ham jahl qilsangiz, demak, saviyada undan farqingiz yo‘q. Yaxshi gap bilan dilini yoriting. Masalani o‘rganib, sal keyinroq xulosa ayting. Iloji bo‘lsa, vazminlik bilan muammo yechimini tushuntiring. Ushbu holatdan o‘z ishtiyoqi bilan chiqib ketgan kishilar hayotini misol keltiring. Ishoning, u albatta yumshaydi. Ayniqsa, qo‘lingizdan sovg‘a sifatida ruchka, daftar yoki kitob olsa, Sizni diqqat bilan eshitadi.
Jahl oqibatida nafaqat qarindoshlik, do‘stlik rishtalariga putur yetyapti, balki millatlar, davlatlar o‘rtasida nizo paydo bo‘lyapti. O‘ylang, solishtiring, xulosa chiqaring.
Jahl qilmang, bilib-bilmay jahl qilgan bo‘lsangiz, jahldan tushing, aziz birodarim.
Farmon Toshev.