Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashiladi

Viloyatimizda Din ishlar bo‘yicha qo‘mita ishchi guruhi tomonidan “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashamiz” g‘oyasi asosida targ‘ibot tadbirlari boshlandi.

Samarqand shahridagi yoshlar markazida tashkil etilgan shunday tadbirda viloyat boshqarma va idoralar, korxona tashkilotlar mas’ullari va xodimlari, mahallalar faollari, nuroniylar va yoshlar qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda e’tiqod erkinligining kafolatlangani va diniy sohadagi islohotlar, bir necha din va konfessiyalar vakillarining diniy marosim va an’analarini emin-erkin davom ettirib kelayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga ilmsizlik, diniy tushunchalarning yetarli emasligi oqibatida yuzaga kelayotgan ko‘ngilsiz holatlar qayd etildi.

– Jaholat bu faqat bilimsizlik emas, balki haqiqatni o‘rganish va qabul qilish istagining yo‘qligi hamdir, – dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Ilhomjon Ma’rupov. – Shuning uchun uning ortidan jamiyat va insonlar hayotida ko‘plab muammolar, ziddiyatlar kelib chiqadi. Bunday holatda eng samarali kurash vositasi ma’rifatdir. Ma’rifat – inson qalbi va ongini yorituvchi nur, jamiyatni taraqqiyot sari boshlovchi kuchdir. Ma’rifat orqali odamlar haqiqatni anglaydi, ilm oladi va Vatan ravnaqiga hissa qo‘shadi.

Ochiq muloqot tarzida kechgan tadbirda jaholatga qarshi kurashish har bir yurtdoshimizning burchi ekanligi, buni oiladan, ta’lim muassasalari va maktablardan boshlash zarurligi ta’kidlandi.

Bu kabi tadbirlar viloyatning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda.