Jahon banki bosh iqtisodchisi SamVMIda talabalarga saboq bermoqchi
Jahon bankining qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha bosh iqtisodchisi, loyiha rahbari Teklu Tesfaye boshchiligidagi mutaxassislar Samarqand veterinariya meditsinasi institutida bo‘ldi.
Unda Jahon banki tomonidan veterinariya sohasi rivoji uchun ilmiy tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalariga mablag‘ ajratilayotgani aytildi. Jumladan, 2022 yildan amaliyotga joriy etilishi kutilayotgan qiymati 50 mln. dollarlik yangi loyihaning OTMlar uchun juda samarali bo‘lishi ta’kidlandi. Mazkur loyiha davlat ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI) va oliy ta’lim muassasalariga (OTM) xalqaro darajadagi tadqiqotlarni olib borishga ko‘mak beradi.
Shuningdek, uchrashuvda ta’lim maskani mutasaddilari tomonidan SamVMI qoshidagi o‘quv tajriba xo‘jaligi tarkibida qoramolchilikka ixtisoslashgan fermer ho‘jaligini tashkil etish va ikkinchi loyiha - embrion ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur loyihalar uchun umumiy qiymatda 14 mlrd. so‘m talab etiladi.
Muloqot davomida Teklu Tesfaye iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha institut talabalari uchun onlayn ma’ruza darslarini o‘tishga tayyor ekanini bildirdi.
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.