Jahon bozorida raqobat qiladigan oziq-ovqat mahsuloti qanday talablarga javob berishi kerak?

Viloyatimizda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ishlovchi tadbirkorlarning eksport salohiyatini oshirish hamda xalqaro darajada raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish maqsadida "Sanepidqo‘mita" viloyat boshqarmasi mutaxassislari joylarda tadbirkorlar bilan uchrashmoqda.

Bulung‘ur tumanidagi «Bulung‘ur-Sandvik» qo‘shma korxonasi 2009 yilda tashkil topgan, korxona Italiyaning «SANDVIK» texnologiyalari bilan jihozlangan.

Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirib, ularni qayta ishlab, quritilgan meva-sabzavotlarni xorijga eksport qiladigan korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 3 ming tonnani tashkil etadi.

– 2018 yilda «Best Veg Farm» korxonasi bilan birgalikda meva-sabzavotchilik klasteri tashkil qilib, 341 gektar yer maydonida mahsulotlar yetishtirdik. Ushbu yer maydonlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari qayta ishlanib, eksport qilinadi, deydi korxona direktori N.Yusupov. – Bulung‘ur, Jomboy, Urgut va Toyloq tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida mahsulotlar qabul qilib olinmoqda. Umumiy qiymati 3 million 133 ming AQSh dollari miqdorida 831,1 tonna quritilgan sabzavotlar eksporti amalga oshirildi.

Korxonada mahsulotlarni qayta ishlash mavsumida 200-250 kishigacha mavsumiy ishchilar ishga jalb qilinadi. Ularning o‘rtacha oylik ish haqi 2,5-3,0 million so‘mni tashkil qiladi.
Korxona AQSh, Rossiya, Germaniya, Fransiya, Ukraina, Qozog‘iston, Turkmaniston, Turkiya, Eron, BAA, Xitoy va boshqa davlatlarga mahsulot eksportini amalga oshiradi.

– Bugungi kunda viloyatimizda milliy mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib, sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilmoqda, - deydi "Sanepidqo‘mita" Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Latif Rustamov. – Eksportyor korxonalarning mahsulotini jahon talablariga mos keladigan darajada yetishtirib chiqarishlari uchun sohaviy mutaxassislarimiz muntazam ravishda o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Bu o‘z navbatida yurtimizning xalqaro iqtisodiy maydondagi ishtirokini kengaytirish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.