Jahon tanlovining eng zo‘r milliy libosi Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga topshirildi

Dunyo miqyosida asosiy to‘rtta “Eng zo‘r milliy libos”, “Dunyo go‘zali”, “Koinot go‘zali” va “Yer go‘zali” tanlovlari xalqaro jamoatchilikning e’tiborini o‘ziga jalb etadi. “Eng zo‘r milliy libos” xalqaro tanlovi ilk bor 1960 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2022 yil 13 dekabr kuni Yaponiyaning Tokio shahrida ushbu tanlov 60-marta o‘tkazildi va unda o‘zbekistonliklar ilk bor qatnashdi.

E’tiborlisi, dunyoning 66 nafar go‘zali bellashgan mazkur tanlovda yurtimiz vakili Nigina Faxriddinova ilk bor paranji libosida ishtirok etib, “Eng yaxshi milliy libos” mukofotini qo‘lga kiritgan edi.

Mazkur libos “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tuhfa qilindi. Shu munosabat bilan universitetda libosning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat turizm boshqarmasi mutasaddilari, Turkiya Respublikasining Samarqand shahridagi bosh konsulligi mas’ullari va universitet o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Mazkur libos nafaqat o‘zbek ayolining milliy kiyimi, balki Turk dunyosiga oid milliy durdona asarlardan biri, - deydi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori, professor Jo‘liboy Eltazarov. - Unda xalqimiz madaniyati, urf-odatlari aks etgan. Universitetimizda Turk dunyosiga oid milliy liboslar galeriyasi bo‘lib, ushbu libos ham ular qatoridan joy oldi.



- Paranji o‘zbek ayolining milliy liboslaridan biri va bu kiyim men uchun dunyoda tengsiz, - deydi “Eng zo‘r milliy libos” xalqaro tanlovi g‘olibasi Nigina Faxriddinova. - Buni amalda isbotlash va ommaga taqdim uchun libosni yaratish g‘oyasi ustida 3 oy ishladim va dizayner Baxtinur Husanov bilan birgalikda milliy naqshlar bilan bezatdik. Ushbu xalqaro tanlovda ilk bor ishtirok etgan bo‘lsak-da milliy kiyimlarimiz dunyo modelirlari e’tiboriga tushdi va e’tirof etildi. Libosning og‘irligi 30 kilogramm bo‘lib, shisha tosh va zar iplar bilan bezatilgan. Samarqand tarixiy shahar va sayyohlar oqimi ham ko‘p. Shu bois paranjini Turk dunyosiga oid milliy liboslar galeriyasiga topshirdik. Libos galeriyada shoh asarlardan biri bo‘lib qolishiga ishonamiz va sayyohlarni ham befarq qoldirmaydi degan umiddamiz.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.