Jamiyatning iqtisodiy yuksalishi, aholi bandligi, xalq farovonligi saylovoldi dasturda mukammal etib belgilangan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili Rustam Xolmurodov Samarqand tumanida tuman faollari va saylovchilar bilan uchrashdi.
Unda hudud faollari, tuman kengashi deputatlari, faxriylar, tadbirkorlar, xotin-qizlar va yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning hayoti, mehnat faoliyati, beshta ustuvor maqsadni qamrab olgan saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Ta’kidlandiki, saylovoldi dasturda biznes va aholi ehtiyojidan kelib chiqib, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlar amalga oshirilib, yo‘l-transport sohasida aviaqatnovlar soni 4 marta oshiriladi. "Toshkent – Samarqand", "Navoiy – Buxoro" yo‘nalishlarida qo‘shimcha tezyurar temir yo‘llari quriladi. Elektrlashgan temir yo‘llari ulushi 43 foizdan 65 foizga oshirilib, temir yo‘l sohasiga xususiy sektor jalb qilinib, xizmatlar sifati raqobatbardosh narxlar asosida belgilanadi. Shuningdek, 6 ta yirik aeroport modernizatsiya qilinib, xususiy aviakompaniyalar soni 10 taga yetkaziladi.
2030 yilga qadar tuman markazlaridan har bir qishloqqacha – jami 5,5 ming kilometr sement-beton yo‘llar quriladi va jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinadi.
Quvonarlisi, "Toshkent – Samarqand" va "Toshkent – Farg‘ona vodiysi" yo‘nalishlarida xususiy sheriklik asosida yangi avtomobil yo‘llari quriladi.
Xususan, iqtisodiyot sohalaridagi katta rejalar 2030 yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalarni talab etilib va bundan 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobidan, 40 milliard dollarni davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Eng katta masalalardan biri – kredit foizlarini tushirish bilan bog‘liq ekanligini, ya’ni kredit foiz stavkasini hozirgi o‘rtacha 20 foizdan 10-12 foizga tushirish lozimligi ta’kidlandi. Shu maqsadlarga erishish uchun bank omonatlari hajmi deyarli 4 barobar oshirilib, hozirgi 70 trillion so‘mdan 260 trillion so‘mga yetkazilib, banklarni xususiylashtirish tezlashtirilishi va davlat ixtiyorida faqat 3 ta bank qolishi, bank bozoriga yana kamida 4 ta yirik nufuzli chet el banki kirib kelishi uchun imkoniyat yaratilishi saylovoldi dasturida o‘z aksini topgan.
Uchrashuv yakunida ishonchli vakil barchani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.