Jamoat transporti: 2024 yil 1 yanvardan boshlab avtobus haydovchilaridan kunlik tushum talab qilinmaydi

Viloyat transport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Mahmud Uzoqovning aytishicha,  “Samarqand shahrining yangi aglomeratsiyasi bo‘yicha ishlab chiqilgan transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasi va uni amalga oshirish bo‘yicha manzilli dastur” asosida takrorlanuvchi yo‘nalishlarga barham berish maqsadida yangi yo‘nalishlar tarmog‘i shakllantirilgan. Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan boshlab avtobus haydovchilaridan kunlik tushum talab qilinmaydi. Chunki barcha jamoat transportlari brutto–shartnoma asosida ishlash tizimiga o‘tadi. Ya’ni, bosib o‘tilgan masofa va yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatilgani uchun to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi huzurida brutto-shartnomaga o‘tgan tashuvchilar tomonidan yo‘nalish ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qiluvchi va baholovchi tizim joriy etildi. O‘nta magistral va 33 ta yetkazib beruvchi yo‘nalishlarni bosqichma-bosqich brutto-shartnomaga o‘tkazish grafigi ishlab chiqildi.

Shunga ko‘ra, yangi tashkil etilgan “Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” markazi mazkur yo‘nalishlarni monitoring qilish, ish hajmini aniqlab, baholash, yo‘lkiralar va xizmatlar sifatini nazorat qilib boradi. Bunda harakat tarkibi, ish jadvaliga to‘liq amal qilish, oraliq intervalga amal qilinishi, yo‘nalish chizmasi asosida harakatlanishi, ortiqcha to‘xtalishlarsiz xizmat ko‘rsatish kabi holatlar nazoratga olinadi. Shuningdek, markaz tavsiyasi asosida yo‘lovchi tashuvchi korxonalarga jarima ballari yoki rag‘batlantirish choralari ko‘rib boriladi.