"Jamoatchilik aybdor…" Rostdan ham shundaymi?

Ko‘p intervyu olaman, turli soha egalaridan. Kasbim shu-da. Suhbatdoshimning fikrlari qancha tosh bossa, maqola shuncha zalvorli chiqadi.

Ko‘p soha vakillari bilan tegishli mavzulardagi suhbatlarda albatta muammolarga ham to‘xtalib o‘tiladi. Ularning yechimi haqda gap ketganda keyingi paytlarda negadir bir tendensiyaga guvoh bo‘layapman. Qanday deysizmi? Keling, ba’zi mutasaddilarning, odatda, eng oxirgi beriladigan savolga javoblarini o‘qib ko‘ring.

- Oiladagi muammolar, farzandlarning noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketishi bitta oilaning emas, butun mahallaning muammosi! Bir paytlar bir oilaga yetti mahalla bosh bo‘lgan! Bugun-chi? Qo‘shnisining uyida nima bo‘layotgani bilan ishi yo‘q hech kimning. Bir oila ajralsa arsh ham larzaga keladi, deyishadi. Biz hammamiz bu muammoga birlashib yechim izlashimiz lozim.

- Arsh bilanmi?

- Nimalar deyapsiz, keng jamoatchilik haqida gapirayapman...

- Tushunarli.... – deyman ruchkamni yon daftarim orasiga solib, suhbatdoshim bilan xayrlashish istagini bildirar ekanman, ortimdan “Maqolangizni albatta ko‘rsatib oling, bir nazar tashlab qo‘yaman-a”, degan iddaoni eshitaman.

Keyingi suhbatdoshim ekologik muammolar haqida batafsil fikrlarni bildirdi, yaxshi takliflarni ham aytdi. O‘zlari ko‘rayotgan choralarni ham gapirdi. Suhbat so‘ngida o‘zining talqinicha muhim bir fikrni alohida ta’kidlab o‘tdi.

- Bilasizmi, tabiatimizni asrash bitta tashkilotning vazifasi emas?

- Tashkilotingizning muqobili ham bormi? Uning vazifalari nimalardan iborat? – so‘rayman qiziqib.

- Yo‘q, hozircha “front”da bir o‘zimiz. Lekin tabiatni asrash juda katta masala, har bir uyda, oilada bu masala o‘rganilishi kerak. Bolaligidanoq farzandlarimiz qulog‘iga tabiatga, jonivorlarga mehrni singdirishimiz kerak, bu juda muhim.

- Siz oilangizda shunday qilganmisiz? Oilangizda qanday jonivorlar bor?

- Bilasizmi, it, mushukka allergiyam bor, ularni o‘zimga yaqinlashtirmayman, bolalarim ham shunday qilishi tarafdoriman, ulardayam allergiya bo‘lishi mumkinku, axir.

- Farzandlaringiz bilan daraxt ekarsiz har yili?

- Bunaqa ishlarni maktabda bajarishi kerak. Singlim, siz fikrimni noto‘g‘ri tushunyapsiz. Men keng jamoatchilik bilan tabiatimizni asrashimiz kerak, demoqchiman. Axir tabiat bebaho ne’mat, uning har bir zarrasi....

- Rahmat “mazmunli” suhbatingiz uchun, - deya, yon daftarimdagi qolib ketgan ba’zi savollarimni bersammi yo yo‘qmi, deya o‘ylab qolaman. Suhbatdoshim meni boplab “mot qildim, hatto gapirishga ham so‘zi qolmadi”, deya kresloda viqor bilan telefonini kavlashtira boshlaganida men ham shohdan mot bo‘lgan piyoda singari astagina eshikka yo‘nalaman.

Yana bir suhbatdoshim jinoyatchilik haqida gapira turib, yaxshi tahlillarni bildirdi. Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda o‘z takliflarini ham aytdi. O‘rinli takliflar ekan, deya hammasini bloknotimga qayd eta boshladim. To‘g‘ri, bugun jurnalistlar suhbatdoshining fikrlarini yozib olishlari uchun turli usullar mavjud. Diktofon juda qulay ko‘pchilik uchun. Ammo diktofon ko‘p suhbatdoshlarimizni “cho‘chitib” yuboradi. Diktofonni yoqishim bilan o‘ziga ham, ovoziga ham rasmiy tus berib, “Ma’lumki....” deya uzundan uzun hisobotga o‘xshash bir fikrlarni ba’zan yoddan, ba’zan qog‘ozga qarab o‘qiy boshlaydi. Menga bunday intervyudan foyda yo‘q. Shuning uchun darhol diktofonni o‘chiraman-da, “endi o‘zingizga o‘xshab, bemalol gapiravering”, deyman. Suhbatdoshim yengil nafas olib, shunaqa demaysizmi, deya erkin fikrlarini ifoda eta boshlaydi. Erkin fikrlardan jonli maqola chiqadi, bilsangiz.

Xullas, gap jinoyatchilik haqida ketayotgan edi. Jinoyatchilikni kamaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida gapira turib, yana o‘sha fikrni aytdi:

- Jinoyatchilikning ildizini yo‘qotish faqat bizga emas...

- Keng jamoatchilikka ham bog‘liq!

- To‘ppa-to‘g‘ri, opa. Biz bir o‘zimiz bu masalada hech ish qilolmaysiz. Befarqlik eng yomon illat. Atrof-muhitga e’tiborli bo‘lish, kichik hodisalarni ham o‘z vaqtida xabar berish osoyishta hayotimiz uchun juda muhim.

Jamoatchilik, jamoatchilik... To‘g‘risi, bu haqda o‘nlab odamlardan eshita boshlaganimdan beri shu so‘z xayolimdan ketmaydigan bo‘lib qolgan. Kimdan intervyu olsam, “jamoatchilik aybdor, ular sizga yordam bermayapti” deyishgacha boryapman hatto. Rost-da, nega befarqsiz, nega atrofingizga qarab yurmaysiz, o‘zingiz tugul, yetti mahalla bolasigayam mas’ulsiz, nima qilayapsiz o‘zi uyda o‘tirvolib?! Jamiyatga qanaqa foydangiz tegyapti! Shuncha tashkilot sizga ko‘z tikib turgan bo‘lsa axir!

Aytganimday, xayolimda mudom shunday o‘ylar g‘ujg‘on o‘ynaydigan bo‘lib qolgan. Dushanba kuni bo‘lib o‘tadigan ertalabki rejaviy yig‘ilishlarimizdan birida ham xayolim “jamoatchilik”ka ketib qolibdi, deng. Rahbarimizning o‘tgan hafta sog‘liqni saqlash sohasida sug‘urta tizimi yo‘lga qo‘yilganligi bo‘yicha maqolani topshirishingiz kerak edi. Nega topshirmadingiz?” degan savoliga hech ikkilanmay jamoatchilikni aybdor qildim.

- Maqola yozish bir mening emas, butun jamoatchilikning, ana Jurnalistlar uyushmasining ham vazifasi, aslida, - deb yuboribman.

- Unda oylik maoshingizning yarmini ham jamoatchilikka o‘tkazib beramiz ekanda, rozimisiz?

Shundan beri beri suhbatdoshlarim jamoatchilik desa, shu javobni qo‘llaydigan bo‘ldim.

Gulruh MO‘MINOVA.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.