Jamoatchilik kengashi: nazorat qiladi, yordam beradi
Davlatimiz rahbarining shu yil 20 yanvarda qabul qilingan “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishi belgilangan edi.
Mazkur hujjat ijrosiga ko‘ra, Urgut tumani ichki ishlar boshqarmasida ham jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Aslida, bu biz uchun yangi tajriba emas, – deydi Urgut tumani ichki ishlar boshqarmasi jamoatchilik kengashi raisi, faxriy pedagog Quddus Asqarov. – Keyingi ikki-uch yilda tumanimiz ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Biz tizim xodimlariga o‘z hayotiy tajribalarimizni o‘rgatyapmiz. Aholining, jamoatchilikning ular haqidagi fikri, faoliyatiga berayotgan bahosidan kelib chiqib, nimalarga e’tibor qaratish kerakligini tushuntiryapmiz.
Prezidentimiz qarori bilan ichki ishlar tizimining barcha bo‘g‘inlarida jamoatchilik kengashlarining tashkil etilishi ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tuman IIB mas’ullarining qayd etishicha, uch yil oldin Urgut tumani mamlakat ichki ishlar organlari tizimida “qizil” toifadagi hudud sifatida qayd etilgan bo‘lsa, bugunga kelib “yashil” toifaga o‘tgan.