Jamoatchilikka pora berib bo‘lmaydi
Samarqandda “Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘limi, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assossiatsiyasi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlari faolligini oshirish masalasiga urg‘u berildi.
- Bugun korrupsiyaga qarshi kurashda dunyo miqyosida, mamlakatimiz uchun ham eng maqbul usullardan biri, bu – jamoatchilik nazoratidir, - deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘limi rahbari Elyor Ulug‘murodov. – Jamoatchilik nazoratining nodavlat notijorat tashkilotlari qo‘llash mumkin bo‘lgan eshituv, monitoring kabi bir nechta turlari mavjud. Afsuski, bugun ulardan samarali foydalanilmayapti.
Garchi mamlakatimizda korrupsiyaga qarsh kurash bo‘yicha barcha xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilingan, milliy qonunchiligimizda bu masalada huquqiy asoslar yetarli bo‘lsa-da, ularni amaliyotga joriy etishda qator muammolar yuzaga kelmoqda. Afsuski, bugun jamoatchilik nazorati tushunchasini bugun keng aholi to‘g‘ri ma’noda qabul qilmayapti. Aslida maktabni o‘quvchi, oliy ta’lim muassasasini talaba nazorat qilishi kerak. Bu dargohlarda yuz berayotgan nohaqlik albatta tegishli tartibda yetkazilishi kerak. Chunki boshqa illatlar qatori korrupsiyani ham yuqoridan turib nazorat qilib bo‘lmaydi, shunday ekan, byurokratiya avj oladi.
Anjumanda, shuningdek, dunyo miqyosida korrupsiyaning oldini olishda foydalanilayotgan usullar, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurash borasida ijtimoiy loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish shartlari bo‘yicha mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglandi.