Janjal oilaniki, g‘urbati jamoatnikimi?

Yaqinda tahririyatga bir ayol keldi, shikoyati bor ekan. Gapni "Hech kim menga yordam berishni istamaydi, hamma aldab jo‘natadi, men unaqa aldovlarga ko‘nmayman", deya boshladi. Onaxonni yanayam diqqat bilan tinglashga kirishdik. Qiynalayotgani, ko‘plab idoralarga murojaat qilgani, ammo hammasi besamar ketayotganini ta’kidladi.

- Mahallamizga, ko‘chamizga boring, uyimning ahvolini ko‘ring, keyin gaplashaman, siz bilan, - dedi murojaatining asosiy sababini so‘raganimda. 

- Muddaongizni ayting, borishimdan avval bilishim, surishtirib ko‘rishim kerak-ku, - dedim.

- Siz gaplashmoqchi bo‘lgan odamlar sizni aldashadi, siz o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring-da...

Xullas, u desam, bu deydi, bu desam u. 

Oxir-oqibat o‘g‘li qamalib kelgani, u bilan munosabatlari yaxshi emasligi, uyini ikkiga bo‘lib berish kerakligini, ahvoli juda og‘ir ekanligini aytdi. 

Tabiiyki, onaxonga ayol sifatida rahmim keldi, o‘z o‘g‘lidan shikoyat qilishdan og‘irrog‘i bo‘lmasa kerak hayotda. Ayniqsa, ona uchun. U shikoyatini aytishga shuning uchun qiynalgan ekan-da, degan xayolga bordim. Lekin...

Onaxonning murojaatini o‘rganish jarayonida unga mahalla ham, tuman hokimligi ham bir necha marta moddiy ko‘mak berganligini bildik. To‘g‘ri, qo‘ldan berganga qush to‘ymas. Eng yomoni (qarangki, bu holatda farzandlarning borligi ham yomon tomoni bo‘lishi mumkin ekan), u yolg‘iz ona emas, farzandlari voyaga yetgan, allaqachon onaga qaraydigan, moddiy ta’minlaydigan yoshda. Tog‘ni ursa, talqon qiladigan sog‘lom o‘g‘li, qizlari bor. 

Afsuski, bunday murojaatlar ko‘p, aka ukalaridan, opa singillaridan, xotin eridan, ona bolasidan... Bunday murojaatlar bilan ishlash juda og‘ir, aytish mumkinki, ba’zida ilojsiz. Chunki aksariyati oiladagi tarbiya, uning o‘lchoviga borib taqalaveradi. Ehtimol, ularning muammosi hal bo‘lar, lekin ko‘nglidagi alam ketmaydi. Bir marta oiladagi gap tashqariga chiqqani uchun yuzi qotgan oila a’zolari keyingi safar alam ustida, arzimagan gaplar bilan idorama-idora yurishni boshlaydilar. 

Yana takror aytaman, ba’zilarida hatto jiddiy sabab bo‘lmaydi, ichida alam bor. O‘sha alam ularni “yugurtiradi”, shikoyatlarini ko‘paytiradi. Oilaviy kelishmovchiliklar ortidan kelib chiqayotgan muammolar negadir xatoni o‘zimizdan emas, chetdan izlashimizga undaydi. Oiladagi munosabatlar, farzandlar tarbiyasida xatolikka yo‘l qo‘ygandirman, deb o‘ylamaymiz. Afsus...

Gulruh Mo‘minova.