Janob rahbar, "otdel kadr"ni ishga olish yoki ishdan bo‘shatishning talablarini nega bilmaysiz?

Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan davlat organlari va tashkilotlardagi kadrlar bo‘linmalari rahbarlariga bo‘lgan talabni belgilaydigan yangicha tartib-tamoyil o‘rnatildi.
Farmonga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlardagi kadrlar bo‘linmalari rahbarlari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanishi va lavozimdan ozod qilinishi tartibi belgilandi.
O‘tgan davr mobaynida viloyat miqyosidagi 15 tadan ortiq davlat organlari va tashkilotlardagi kadrlar bo‘linmasi rahbarligi lavozimlariga tayinlanishi agentlikning viloyat filiali bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan. Shundan 4 ta davlat organlari tomonidan kadrlar bo‘linmasi rahbarligi lavozimiga taklif etilgan nomzodlar rad etildi.
Jumladan, viloyat turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan kadrlar bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimiga ishga qabul qilinishida kelishish uchun yuborilgan nomzodning hujjatlari amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligi o‘rganib chiqildi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari tasnifi”ga muvofiq kadrlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi boshqaruv xodimlar toifasiga kiritilgan bo‘lib, ushbu lavozimda ishlash uchun xodimdan oliy ma’lumotli bo‘lishi talab etilgan. Viloyat turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan taklif etilgan nomzod o‘rta ma’lumotga ega bo‘lganligi sababli rad etildi.
Shuningdek, Samarqand shahar va Paxtachi tumani davlat soliq inspeksiyalari kadrlar bilan ishlash sho‘’basi davlat soliq bosh inspektorlari lavozimlariga yuborilgan nomzodlar kadrlar bilan ishlash sohasida qabul qilingan amaldagi qonunchilik normalari bo‘yicha umumiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmaganligi uchun rad etildi.
Bundan tashqari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tomonidan joylarda muntazam ravishda monitoring o‘tkazish ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim davlat organlari va tashkilot rahbarlari tomonidan kadrlar bo‘linmasi rahbarligi lavozimiga ishga tayinlash va vazifasidan ozod qilishda viloyat filiali bilan kelishilmagan holatlar uchramoqda. Vaholanki, davlatimiz rahbari Farmoni bilan belgilangan bu talab to‘g‘risida viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlarga rasmiy xat orqali ma’lum qilingan.
Shu bois, bu lavozimga viloyat filiali bilan kelishilmagan holda kadrlarni tayinlash holatlari aniqlanganda keskin choralar ko‘rilmoqda.
Masalan, Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining kadrlar bo‘linmasi rahbari lavozimida ishlab kelgan xodim viloyat filiali bilan kelishilmasdan lavozimdan ozod etilib, ushbu lavozimga boshqa xodim tayinlangan. Ushbu qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan aybdor shaxsga nisbatan intizomiy javobgarlik chorasi ko‘rildi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, hozirgi kun talabiga javob beradigan kadrlar bilan ishlash tizimini yaratadigan yangicha mezon va yangicha tartib-tamoyillarga amal qilgan holda ishlashni eng avval har bir davlat xizmatchisi o‘zidan boshlasa, amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining natijadorligini mustahkamlab boradi.
B.Yuldosheva,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali inspektori.