Janubiy Koreya kompaniyalari ishtirokida Samarqandda 35 ta korxona ochilgan
Xabaringiz bor ayni vaqtda Janubiy Koreya prezidenti yurtimizda bo‘lib turibdi. 13-15 iyunga mo‘ljallangan davlat tashrifi arafasida Koreya Respublikasi prezidenti O‘zbekistonni mintaqadagi “asosiy hamkor” deb atagan. U o‘z davlati “ijtimoiy, iqtisodiy va demokratik rivojlanishda yaqindan hamkorlik qilishda davom etishini” aytib, tashrifdan amaliy natijalar kutayotganini bildirgan.
Viloyatimizda Koreya kompaniyalarining kapitali ishtirokida jami 35 ta, shundan, 30 ta qo‘shma korxona va 5 ta xorijiy korxona faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, viloyatda Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda bir qator yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
O‘tgan 2023 yilda viloyatimizning Koreya davlati bilan tovar aylanmasi 17,3 million dollarni tashkil etib, shundan 17 million dollar import hamda 276,3 ming dollar eksport amalga oshirilgan.
2024 yilning o‘tgan davrida esa Koreya bilan tovar aylanmasi 5,2 million dollarni tashkil etib, shundan 4,9 million dollar import hamda 296,1 ming dollar eksport amalga oshirilgan.
Koreya davlatiga qilingan eksport asosan to‘qimachilik, ichimliklar, meva-sabzavot va boshqa turdagi mahsulotlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand shahri va Koreyaning Kyongju shaharlari o‘rtasida 2013 yilda, Samarqand shahri hamda Kvandju va Pusan shaharlari o‘rtasida 2023 yilda, Samarqand viloyati va Chungchongpuk-do provinsiyalari o‘rtasida 2024 yilda birodarlashuv memorandumlari imzolangan.
Bugungi kunda savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, investitsiya, sog‘liqni-saqlash kabi qator yo‘nalishlarda hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, viloyat tadbirkorlarining 2023 yil 1-5 noyabr kunlari Koreyaning Chxunchxon-pukto provinsiyasiga tashrifi davomida JOONGBU universiteti, “Hana General Hospital”, “Wyne Plastic Surgery” hamda “Samsung Eye Clinic” klinikalari bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Shuningdek, tashrif davomida Samarqand shahridagi ZARMED xususiy klinikasi va Chxunchxon-pukto provinsiyasidagi JOONGBU universiteti hamda “Hana General Hospital” klinikasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan memorandum imzolangan, deya xabar bermoqda viloyat investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi.