“Jasorat maktabi”: Yoshlar harbiy-o‘quv yig‘in mashg‘ulotlarida toblanadi
Viloyatning shahar va tumanlarida profilaktik hisobda turgan hamda tarbiyasi og‘ir uyushmagan yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish maqsadida 100 nafar yosh uchun “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘inining navbatdagi mavsumi boshlandi.
Viloyat hokimligi, Markaziy harbiy okrug, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va huquq-tartibot organlari hamkorligida tashkil etilgan yig‘in ishtirokchilari Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida mas’ul ofitserlar tomonidan tantanali kutib olindi. So‘ng, ishtirokchilar shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, ularga harbiy liboslar tarqatildi.
O‘n kunlik harbiy-o‘quv yig‘in davomida ma’naviy-ma’rifiy va biznes saboqlar, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari, psixologik, motivatsion treninglar olib boriladi. Shuningdek, sport musobaqalari, «Senator va yoshlar», «Qo‘mondon va yoshlar», “Rahbar va yoshlar”kabi bir qator uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.