Jazirama issiqdan qanday saqlanish kerak?

Jazirama issiq -  bir necha kunda o‘rtacha havo haroratining 10 va undan yuqori darajaga ko‘tarilishini anglatadi.

Xavfi shundan iboratki, inson tana haroratining 37,1 S dan 38,8 S gacha ko‘tarilishi salomatligiga salbiy ta’sir etadi. Tana haroratining ko‘tarilishi tananing qizarishiga va kuchli chanqoqga olib keladi.  Keyinchalik, hushdan ketish, nafas qisishi va yurak to‘xtashiga olib kelishi mumkin.

Jazirama issiqqa qanday tayyorgarlik ko‘rish mumkin?

Suv zaxirasini yaratish uchun qo‘shimcha idishlarga suv to‘ldirib qo‘ying. Issiq kunga mo‘ljallangan kiyimlarni, elektr maishiy uskunalarni (ventilyator, konditsioner) dan foydalaning. Agar siz qishloq joylarda istiqomat qilsangiz, soyabon, shiyponlar, quduqlardan, shuningdek derazalar uchun qalin pardalardan foydalaning. 

Jazirama issiq harorat ta’siridan saqlanish uchun och rangdagi, havo o‘tkazuvchi (iloji bo‘lsa paxta xomashyosidan) kiyim va bosh kiyimlarni kiying.

Yodda tutingki, kuygan tana qismi sovimaydi va terlamaydi. Shoshmasdan harakatlaning, iloji boricha soya joylarda bo‘lishga harakat qiling.

Pivo va boshqa alkogol mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi, bu organizmning umumiy holatiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Issiq kunda shifokorlar bilan maslahatlashgan holda, qo‘shimcha tuzli mahsulotlar va meva, sabzavotlardan iste’mol qiling.

Jazirama issiq natijasida oftob urganda zudlik bilan soya joyga o‘ting, dush qabul qiling yoki shamol bor joyga borib, asta-sekinlik bilan ko‘proq suv iste’mol qiling. Oftob urushidan saqlanish maqsadida iloji boricha badaningizni sovutishga harakat qiling.

ssiq kunda nima qilish kerak?

Ko‘proq suv ichish. To‘g‘ri suv ichish tartibi organizm faoliyatini yaxshi ishlashi va suv-tuz balansini me’yorlashiga qulay sharoit tug‘diradi. Issiq kunda suv iste’mol hajmini ko‘paytirish kerak. Bunda organizmning suv tanqisligini to‘ldirish uchun gazlangan yoki nektar suv emas, aksincha oddiy ichimlik suvini iste’mol qilish kerak. Surunkali kasalligi mavjud bo‘lsa, shifokor tavsiyasiga rioya qilish lozim.

Eng issiq paytda – soat 12:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqmaslik va ayniqsa, quyosh tagida yurmaslikka harakat qiling. Kuningizni shunday rejalashtiringki, bu vaqtda ishda yoki uyda bo‘ling.

Ko‘proq dush qabul qiling. Muntazam ravishda tozalanish badanga effektiv nafas olishga yordam beradi. Suv xona haroratiday bo‘lishi kerak. Muzday suv bilan yuvinish esa tana harorati keskin o‘zgarishi natijasida pnevmoniya kasalligiga olib keladi.

Albatta, ochiq suv havzalarda cho‘milish mumkin, ammo cho‘milish taqiqlangan havzalarda cho‘milish qat’iyan man etiladi.

Ertalab va kechqurun ko‘proq harakat qiling. Bunday issiq kunda kamharakatlilik gipertoniya, yurak-tomir kasalliklari va tromboz rivojlanishiga olib keladi.

Oziqlanish ratsionini o‘zgartiring. Issiq kunda ko‘proq sovuq taomlar iste’mol qiling. Yog‘liq sut va go‘sht mahsulotlar iste’mol qilmang, ammo baliq va sabzavotli mahsulotlardan voz kechmang. Rastalarda quyosh nuri tushib turgan hamda iste’molga yaroqlik muddati o‘tib ketgan mahsulotlarni sotib olmang.

Albatta, taomlarni tuz bilan tanovul qiling, chunki yuqori haroratda, tananing terlashi natijasida ko‘p miqdorda natriy moddasi yo‘qotiladi.

Sintetik matodan tayyorlangan kiyimlar kiymaslikga harakat qiling.

Kepka, shlyapa yoki panamalar kiyishdan uyalmang. Chunki oftob o‘rishi asosan bosh qiziganda sodir bo‘ladi.

Bunday issiq kunda, konditsionersiz iloji yo‘q. Ammo kuni bo‘yi konditsioneri bor bo‘lgan xonada bo‘lsangiz ham, shunday joylashingki undan chiqayotgan sovuq havo to‘g‘ridan-to‘g‘ri sizga ta’sir qilmasin.