Jiddiy topshiriq ijrosiga uch oyda ham yechim topilmaydimi?
Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazganiga deyarli uch oy bo‘ldi. Uchrashuvgacha ishbilarmonlarning muammolari, takliflari o‘rganildi, ularni qiynayotgan masalalarni hal etish choralari ko‘rildi.
Muloqotda Davlatimiz rahbari tomonidan ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, tadbirkorga sharoit yaratish borasida bir qator topshiriqlar berildi. O‘z navbatida ishbilarmonlar ham tegishli takliflarini bildirishdi. Ammo oradan deyarli uch oy vaqt o‘tdi, takliflar va topshiriqlar ijrosi qanday bo‘ldi?
Uch haftalik urinishlardan so‘ng viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasidan qisqagina ma’lumot oldik.
“Prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan ochiq muloqotigacha tadbirkorlar tomonidan jami 1172 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, viloyat darajasida 1012 tadan 946 tasi, respublika darajasida 159 tadan 154 tasi ijobiy yechim topgan. Jami tijorat banklari tomonidan 378 ta masaladan 377 tasi bajarilgan. Viloyat tashkilotlari tomonidan 586 tadan 536 tasi bajarilgan. Tuman hokimliklari tomonidan 207 tadan 187 tasi bajarilgan”.
Afsuski, taqdim etilgan bu qisqagina ma’lumot uchrashuvgacha e’lon qilingan raqamlar edi, xolos. Uch oy o‘tib ham Prezidentning dolzarb masaladagi topshirig‘i ijrosida e’tiborsizlik qilinayotgan bo‘lsa, boshqa sohalarda qanday samara kutish mumkin?