Jigarrang vabo ko‘lankasi

O‘tgan yillarda jahonning ko‘zga ko‘ringan olimlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibiga maktub yo‘llab, dunyo miqyosida millatchilik-populizmining kuchayib borayotganligi, bu esa oxir-oqibat, liberal-demokratik g‘oyalarning barbod bo‘lishiga, fashizmning qayta jonlanishiga va turli mamlakatlarda yangi-yangi ziddiyat o‘choqlarining paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkinligi haqida jiddiy ogohlantirgandilar. Shundan so‘ng dunyo hamjamiyati bu boradagi vaziyatni o‘rganib chiqib, 2018 yilda maxsus vakilning hisobot ma’ruzasini tinglagan va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilgandi.

Shu o‘rinda, avvalo, millatchilik populizmi nima ekanligi haqida qisqagina ma’lumot berishga to‘g‘ri keladi. Davlat boshqaruvi jarayonida  turli muammolarga uchragan siyosiy elita o‘zining tor siyosiy manfaatlarini ko‘zlab  oddiy fuqarolar ongidagi salbiy hissiyotlarni uyg‘otishga urinadi. Aytaylik, “migrantlar mamlakatimizda jinoyatchilikning oshishiga sabab bo‘lmoqda” yoki “qashshoq yashayotganimizga qo‘shni  davlatlar aybdor” degan uydirma gaplarni urchitib, targ‘ibot tizimi orqali xalqning qulog‘iga quyadi. Eng qizig‘i shundaki, bunday iddaolardan nafaqat davlat boshida turganlar, balki ular bilan ixtilofdagi muxolifotchilar ham unumli foydalanishadi.

Masalan, AQSh prezidenti Donald Tramp saylov oldidan muhojir ishchilar amerikaliklarning nonini yarimta qilayotgani, ish beruvchilar o‘z korxonalarini xorijga olib chiqib ketayotganligi, qashshoqlar sonining ko‘payayotganligiga Amerikaning boshqa mamlakatlarga yordam berayotganligi va globalizatsiya sabab bo‘layotganligi haqida gapirib o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga erishgandi. Bundan tashqari, bu arbob AQShda irqchilik va millatchilikni rag‘batlantirib o‘z siyosiy manfaatlari yo‘lida foydalanganligi ham amerikaliklarning azaliy demokratik qadriyatlari asoslarini ancha zaiflashtirib qo‘ydi.

Fransiyalik populist liderlardan biri Marin Li Pen esa rasmiy hukumatga qarshi xalqni gij-gijlash maqsadida musulmon muhojirlar sonining ortib borayotganligi mamlakatning demokratik kelajagiga xavf-xatar paydo qilishi haqida kunda bo‘lmasa, kunora safsata sotmoqda. Bunda u “Sharl ebdo” jurnali va Fransiyaning turli shaharlaridagi terrorchilik harakatlarini ro‘kach qilib ko‘rsatmoqda. Biroq bu voqealarga aslida islom dini emas, balki Fransiya jamiyatidagi ksenofobik kayfiyat va odamlarning diniy his-tuyg‘ulariga nisbatan sodir etilayotgan tajovuzlar sabab bo‘layotganligiga hech kim e’tibor bermayapti.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bu holat o‘zini demokratik deb hisoblaydigan boshqa mamlakatlarda ham kuzatilmoqda. Avstriyalik Norbert Xafer, chexiyalik Milosh Zeman, vengriyalik Viktor Orban, niderlandiyalik Gerta Viller, slovakiyalik Robert Fitso, britaniyalik Nayjela Faraj singari siyosiy arboblar  o‘zlarining populistik demagogiyaga asoslangan turli iddaolari bilan bag‘rikenglik va tolerantlik g‘oyalariga asoslangan Yevropa jamiyati qadriyatlarini oyoqosti qilishmoqda. Ko‘p hollarda ular keltirgan dalillar hech qanday mantiqiy asosga tayanmaydi. Jumladan, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban muhojirlar paydo qilayotgan xatarni pufakdek shishirib, o‘z xalqini qo‘rqitmoqda. Holbuki, mamlakatdagi 10 million fuqaro orasida bor-yo‘g‘i 10559 kishi Osiyo va Afrika mamlakatlaridan kelgan muhojirlardir. Ularning Vengriya jamiyatiga qanaqadir jiddiy xavf-xatar paydo qilishi aqlga sig‘maydigan gap. To‘g‘ri, muhojirlar tabiiy ravishda ko‘payib, qachonlardir nufusi millionga yetar. Ammo u paytda migrantlarning avlodlari assimlyasiyaga uchrab, mahalliy xalq bilan to‘liq aralashib ketgan bo‘ladi.

Milliy ayirmachilik va o‘zga xalqlarga nisbatan toqatsizlik ko‘p hollarda qurolli mojarolar va hatto katta urushlarni keltirib chiqarishi jahon tarixida ko‘p kuzatilgan. O‘tgan 2020 yilda Ozarbayjon va Armaniston respublikalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 44 kunlik urush xalqlar orasida paydo bo‘lgan milliy ziddiyat qanaqa oqibatlarga olib kelishini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Bir vaqtlar aralashib-quralashib, ahil qo‘shnichilikda tinch-totuv yashagan ikki xalq  o‘rtasida o‘zaro nafrat paydo bo‘ldi. Arman millatchilari tomonidan ko‘hna tarix kavlanib, bir zamonlar dengizdan dengizgacha yastangan qadimiy armanilar imperiyasi haqidagi afsona va rivoyatlar jonlantirilib, Ozarbayjonning bir qismi bosib olindi. Tog‘li Qorabog‘da azaldan yashab kelgan musulmon aholi quvg‘in qilindi.

Sobiq SSSRda muammolar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, bitta masalada o‘zaro maqbul uyg‘unlikka erishilgan edi. Bu ham bo‘lsa qizil saltanatda milliy masala muvaffaqiyatli hal etilgandi. Ittifoqning so‘nggi yillarida garchand rus shovinizmi kuchaygan esa-da, har holda, go‘yo qardosh xalqlar o‘rtasida bir-biriga nisbatan nafrat kuzatilmasdi. Millatchilik tuyg‘ulari ham rag‘batlantirilmas, aksincha, qattiq ta’qib etilardi. Bir so‘z bilan aytganda, soxta proletar internatsionalizm tamoyillariga iloji boricha amal qilinardi. Millatchilikning maishiy qobiqlardan chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmasdi. O‘tgan asrning 80-yillari oxirlarida buyuk millatchilik shovinizmiga javob o‘laroq vujudga kelgan to‘laqonli milliy harakat dastlab Qozog‘istonda, keyin Kavkazda va nihoyat Boltiqbo‘yi va Ukrainada bo‘y ko‘rsata boshladi. Oqibatda millatlararo qonli mojarolar sodir etildi. Ming-minglab begunoh fuqarolar qurbon bo‘ldi yoki mayib-majruh bo‘lib qoldi.

Bundagi eng yomoni, bir necha asrlar davomida shakllangan davlat sarhadlari millatchilik aqidalari asosida shubha ostiga olina boshlandi. Chegaralarni qayta ko‘rib chiqish tendensiyasi paydo bo‘lib, Ozarbayjon, Ukraina, Moldova, Gruziya singari sobiq sho‘ro respublikalarining bir qism hududlari kuchliroq bo‘lgan qo‘shnilar tomonidan egallab olindi. Bu esa yuqoridagi mamlakat hududlarida soat mexanizmi bilan ishlaydigan minalar ko‘mib qo‘yilganiga o‘xshab qoldi. Ana shunday minalardan biri 2014 yilda Ukrainada va ikkinchisi bultur 27 sentyabr kuni Ozarbayjonda portladi. U yerlarda bo‘lib o‘tgan qonli mojaroda ming-minglab navqiron yigitlar va tinch aholi halok bo‘ldi, undan ko‘proq odamlar yaralandi. Shaharlar, qishloqlar vayronaga aylandi. Ushbu urushlardan kim yutdi yoki kim yutqazdi – hanuz noma’lumligicha qolmoqda. Nima bo‘lganda ham, bu hududlar dunyodagi AQSh, Rossiya, Eron, Turkiya singari bir-biri bilan zimdan kelisholmaydigan yirik davlatlarning raqobat maydoniga aylanib qolganligi ayon haqiqatdir.

Shu ma’noda, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda barqaror yurgizilayotgan milliy siyosat har qanday tahsinga sazovor. Mamlakatimizda ham tashqi, ham ichki xalqaro munosabatlarda o‘ziga xos milliy garmoniya shakllantirildi. O‘zbekning buyuk shoiri Erkin Vohidov yozganlaridek:

Barcha baxt-saodat mehnatnikidir,

Tinchlik – do‘stlikniki, himmatnikidir.

O‘zbekiston yolg‘iz o‘zbeknikimas,

Bir yuzu o‘ttiz to‘rt millatnikidir.

Keyingi o‘ttiz yil davomida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi bir jon bir tan bo‘lib, mustaqilligimizni mustahkamlash, fuqarolar farjvonligini va barcha millatlarning tinch-totuvligini ta’minlash borasida olamshumul muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Mamlakatimiz xalqlari so‘zlashadigan barcha tillar, dinlar mavqei demokratik konstitutsiyamiz asosida to‘liq saqlandi. Xalq ta’limi muassasalari yettita tilda faoliyat ko‘rsatishda davom etdi. Yurtimizning turli burchaklarida ozchilik millatlarning madaniy markazlari ta’sis etildi. Shahar va qishloqlarimizda masjidlar, cherkovlar, sinagoglar hamda boshqa din hamda mazhab vakillarining ibodatxonalari erkin faoliyat yuritdi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizdagi har bir millat xuddi o‘z tarixiy vatanidagidek erkin istiqomat qilayotir.

Mamlakatimizdagi milliy va diniy bag‘rikenglik turli millatlar va din vakillarining tinch-osoyishta hayoti davlat va jamiyat ravnaqi uchun muhim omillardan biri ekanini ko‘rsatdi.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan dastlabki kunlardan boshlab millatlararo hamda dinlararo munosabatlarda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, o‘zaro totuvlikni mustahkamlash hamda turli millatlar va dinlar ehtiyojlarini qondirish uchun zarur shart-sharoit yaratish siyosatini izchil ravishda olib bormoqda.  Tashqi siyosatda ham mamlakatimiz ko‘p vektorli harakat tamoyillariga amal qilib, turli harbiy-siyosiy uyushmalarga qo‘shilmadi, xorijiy mamlakatlarnint ichki ishlariga aralashmadi. Atrofdagi yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatdi.  Bularning barisi jahon miqiyosida mamlakatimizning obro‘si va mavqeining oshishiga sabab bo‘ldi. Aytish mumkinki, O‘zbekistondagi milliy siyosat boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘larli darajada shakllantirildi. Bizning endi kelgusidagi vazifamiz har turdagi buyukmillatchi-populistik demagoglarga qarshi turib xalqlarimiz o‘rtasidagi irqiy, milliy, etnik va  diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yanayam mustahkam qaror toptirishdir.

Xudoyberdi KOMILOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.